Xorvatiyaning Riyeka shahri esa oʻz navbatida oʻtgan yili Yevropaning madaniy poytaxti maqomini olgandi.
Osiyo va Yevropadagi ikki qadimiy shahar oʻrtasida doʻstlik rishtalarini bogʻlash, oʻzaro madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, turizm yoʻnalishida hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish borasida bir qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning aprel oyida xalqaro TURKSOY tashkiloti bilan hamkorlikda Riyeka shahrida “Xivadan taassurotlar” deb nomlangan fotosuratlar koʻrgazmasi oʻtkazilgandi. Koʻrgazmaga qoʻyilgan suratlarda qadim shahardagi meʼmoriy obidalar, yangilanayotgan Xiva, bu yerda xorijlik sayyohlarga yaratilayotgan sharoitlar aks ettirilgandi. Ushbu koʻrgazmadan soʻng xorvatiyaliklarning qadim shaharga qiziqishi oshganini oʻtgan davrda tashrif buyurgan turistlar soni koʻpayganidan ham bilish mumkin.
Xivaning Ichan qalʼadagi “Tosh hovli” saroyida “Riyeka – Yevropa poytaxti” deb nomlangan fotokoʻrgazma tashkil etildi. U shaharliklar hamda qadim qalʼaga tashrif buyurgan sayyohlarda katta taassurot qoldirdi.
Roʻzimboy HASAN,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.