Maktab oʻquvchisiga uyali aloqa vositasi kerakmi yoki yoʻq?

    Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilda dunyo boʻylab mobil telefonlardan foydalanuvchilarning soni 5,3 milliardga yaqinlashdi, bu dunyo aholisining 67 foizini tashkil qiladi. Bilamizki, mobil telefonlardan foydalanishning afzal tomonlari bilan birga, salbiy oqibatlari ham mavjud. Ayniqsa, bolalarning taʼlim-tarbiyasida.

    Shunga koʻra, maktabda oʻquvchilarning mobil telefonlardan foydalanishi kerakmi yoki undan foydalanish tartiblariga qatʼiy choralar belgilanishi lozimmi, degan mulohazalar bilan yurtimiz va xorijiy davlatlardagi maktablarda mobil telefondan foydalanish tartiblari boʻyicha oʻrganishlar olib borildi.

    Tahlillar natijasi shuni koʻrsatdiki, maktab oʻquvchilarining mobil telefonidan foydalanishga cheklovlar oʻrnatish borasida oʻzimizda va koʻplab davlatlarda ham amaliy qadamlar qoʻyilgan.

    Xususan, maktablarimizdagi mobil telefondan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror asosida tartibga solingan.

    Qarorga koʻra, maktabga kirib kelishda har bir oʻquvchi, xodim va boshqa shaxslar oʻz telefoni ovozini toʻliq oʻchirib qoʻyishi shart.

    Shuningdek, dars mashgʻulotlaridan oldin telefonni oʻchirib qoʻyish talab etiladi. Oʻquvchilar telefondan foydalanish tartibini buzganda ogohlantirish, ularning kundalik daftariga yozib qoʻyish va ota-onalarini xabardor qilish kabi choralar koʻriladi. Bu borada xorijiy tajribalar kuzatilganda, oʻxshash va qarama qarshi jarayonlar maʼlum boʻldi.

    Jumladan, Bangladeshdagi maktab va kollej oʻqituvchi va oʻquvchilarining mobil telefondan foydalanishi taqiqlangan. Avstraliya, Viktoriya, Tasmaniya hududlarida, Fransiya, Ispaniya va Chexiya davlatlari tomonidan ham bolalar uchun mobil telefonidan foydalanishda cheklovlar qoʻyilgan. Belgiya va Buyuk Britaniyada bu borada taqiqlash masalasi har bir maktabning kuzatuv va vasiylik kengashlari qarori asosida qabul qilinadi. Xitoy Xalq Respublikasida ota-onalarning yozma roziligisiz oʻquvchilar maktabga telefon olib kirishlari taqiqlanadi. Taʼlim olish jarayoniga salbiy taʼsiri bois Janubiy Koreya maktablarida ham mobil aloqa vositalaridan foydalanish qatʼiyan man etilgan.

    Shuningdek, qoʻshni davlatlar Qozogʻiston va Tojikiston Respublikalarining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunida maktab, kasb-hunar va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalarining mobil telefonlar, peyjer, planshet, smartfon, iPad, iPod, pleyer, modemlardan foydalanishiga ruxsat yoʻq.

    Ammo, bunday cheklovlarning oʻrnatilishida ikki xil qarash mavjud boʻlib, ushbu cheklovlarning tarafdorlari va ularga qarshilar fikri mavzu yuzasidan koʻplab bahslarga sabab boʻlmoqda.

    Xususan, London Iqtisodiyot maktabi tadqiqotiga koʻra, smartfonlar taqiqlangan maktablarda test natijalari koʻrsatkichlari 6 foizga yaxshilangan. Biroq, mobil telefonlardan sinfda foydalanishni taqiqlash ish bermayotganligi, oʻquvchilarning yarmidan koʻpi yashirincha qoida buzayotganligi va gadjetlardan hanuz foydalanayotganligi ham aniqlangan.

    Qoidaga koʻra, telefonlarni ovozsiz rejimga oʻrnatganda ham xabarlar kelganda tebranishi (vibratsiya) oʻquvchilarning diqqatini jamlashga halaqit beradi. Doʻstlariga oʻz vaqtida javob beraolmayotganligi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralardan qolib ketayotganligi oʻquvchilarni oʻqish jarayoniga eʼtiborini susaytiradi.

    Tahlillar jarayonidagi soʻrovlarda, – Mobil telefonlarni taqiqlash oʻquvchilarning bir-biri bilan jonli muloqot qilish imkoniyatini oshiradi. Chunki, zamonaviy bolalar endi tanaffusda oʻynashmaydi, ular smartfonlarga qarashadi, – dedi Fransiya milliy taʼlim, yoshlar va sport ishlari vaziri Jan Mishel Blanke.

    Buyuk Britaniyaning Shipleyk kolleji rahbari esa:

    – Bizni kollejda talabalar telefonlardan foydalangani uchun jazolanadilar. Ular telefonga juda bogʻlanib qolganlar, natijada bir-biri bilan muloqot qilish qobiliyatini yoʻqotmoqdalar, – deya javob bergan.

    Oʻrganishlarda jarayonida mobil telefondan foydalanish jismoniy jihatdan, bolalarda yurak-qon tomir tizimidan aziyat chekish holatlari aniqlangan. Shuningdek, aqliy jihatdan, ijtimoiy tarmoqlarda kuniga ikki soatdan koʻproq vaqt sarflaydigan foydalanuvchi yoshlarda ruhiy muammolar koʻproq aniqlangan. Shu bilan birga oʻquvchilarning mobil telefondan foydalanishlarini taʼqiqlashga qarshilar ham uchradi.

    Xususan, ayrim ota-onalarning farzandlari xavfsizligi boʻyicha xavotiri oshishi aniqlangan. Kun davomida farzandidan xabar ololmaslik zamonaviy ota-onalarning tashvishini kuchaytirishi mumkin. Aynan shu sababli AQSHda mobil telefonlarni taqiqlash bekor qilingan.

    Jumladan, Nyu-Yorkda 10 yil davom etgan maktablarda telefonlarga qoʻyilgan taqiq 2015-yilda bekor qilingan. Shuningdek, maktablarda xavfsizlik yaxshi emasligi va maktab oʻquvchilari smartfon orqali tez yordam yoki ichki ishlarga xabar berishi, oʻzi turgan joy haqida maʼlumot yuborishlari mumkinligi ham ushbu nazariya tarafdorlarining asosiy sabablari etib koʻrsatiladi.

    Ularning fikricha, oʻquvchilar zamonaviy taʼlim vositalaridan foydalanishlari kerak. Mobil telefon bir nechta dastur bilan jihozlangan. Jumladan, telefonda kalkulyator, kamera va internetdan foydalanishlari mumkin.

    Misol uchun, doskadan oʻziga kerakli maʼlumotlarni suratga olishi, internet orqali fanga oid maʼlumotlarni topishi, elektron adabiyotlardan va bilim olishga moslashgan elektron platformalardan foydalangan holda oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirishi mumkin.

    Shuningdek, ushbu nazariyani qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan amaliyot bor, masalan, AQSH, Kanada, Skandinaviya mamlakatlarida maktab oʻquvchilarining gadjetlarini oʻquv jarayoniga kiritish dasturlari mavjud.

    BYOD (“Bring your own device”, yaʼni “Oʻz elektron qurilmangni olib kel”) amaliyoti Belgiyadagi maktablarda 2016-yildan beri, Kanadada esa 2012-yildan beri amalda boʻlib, oʻquvchilar dars jarayonida oʻz mobil telefon, elektron gadjetlaridan foydalanishlari mumkin.

    Maktab oʻquvchilari tomonidan mobil telefonlardan foydalanish boʻyicha xalqaro tajriba tahlili shuni koʻrsatadiki, mobil telefonlardan uzoq muddat foydalanish ularning jismoniy va ruhiy holatiga, xususan, giperaktivlik, uyqusizlik, asabiylik, xotira va eʼtiborning pasayishiga bu esa oʻz navbatida darslarni oʻzlashtirishiga taʼsirini oʻtkazadi.

    Xoʻsh, maktab oʻquvchisiga uyali aloqa vositasi kerakmi yoki yoʻq? Bu masala juda dolzarb va mobil telefon kerak hamda oʻquvchiga mobil telefondan foydalanishni taʼqiqlash kerak degan tomonlarning oʻz asoslari yetarlicha.

    Menimcha bu masalani turli taʼqiq va cheklovlar, turli tartib va meʼyorlar bilan hal qilib boʻlmaydi. Bunda mobil telefonlarning asab tizimiga, inson sogʻligʻiga, ayniqsa bolalar sogʻligʻiga zarari haqida targʻibot va tashviqotni kuchaytirish, ota-onalar, oʻqituvchi va oʻquvchilar oʻrtasida mobil telefon zararidan tortib, undan foydalanish madaniyati boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilishi kerak.

    Va albatta, bu masalada ota-ona masʼuliyati birinchi oʻrinda boʻlishi kerak. Farzandingizga mobil telefon olib berdingizmi, endi u balogʻat yoshiga yetgunga qadar bolangiz telefonda kimlar bilan gaplashyapti, qaysi internet sahifalaridan foydalanayapti, albatta nazorat qilib turishingiz kerak.

    Maktab taʼlim beradi, tarbiyani esa oilada olamiz. Oʻzimizdan kattaga birinchi boʻlib salom berish odat va qadriyatga aylanganidek, mobil telefondan toʻgʻri va unumli foydalanish ham ota-ona tomonidan shu darajada qadriyat sifatida shakllantirilishi kerak.

    Malika RASHIDOVA,

    Xalq taʼlimi vazirligi yetakchi mutaxassisi