Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish tubdan kuchaytiriladi

    Mamlakatimizda 27 Aprel 2022 1211

    2022-yil 26-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan nojoʻya harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan majlis boʻlib oʻtdi.

    Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari, shuningdek, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Qayd etish joizki, avvallari ushbu toifadagi insonlarga tazyiq va zoʻravonlik yopiq mavzu boʻlib, u ochiq-oshkora muhokama qilinmas edi. Bugungi ochiqlik siyosati tufayli ayollarning muammolari yuqori minbarlarda tilga olinmoqda, xotin-qizlarning yillar davomida toʻplanib qolgan muammolari hal etilmoqda.

    Afsuski, sohada amalga oshirilayotgan ishlarga qaramasdan, salbiy holatlar hanuzgacha sodir etilmoqda. Xotin-qizlar va voyaga etmaganlarga nisbatan zoʻravonlik va shilqimlik holatlari hali ham uchrab turibdi. Bu amaldagi qonunchilik va huquqni qoʻllash normalarini puxta koʻrib chiqishni, ularni mavjud voqelikka moslashtirishni talab qiladi.

    Shu munosabat bilan Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan nomaqbul harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish masalalarini oʻrganish boʻyicha Ishchi guruh tuzildi. Unga huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilish va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish, xalqaro tajribani chuqur oʻrganish hamda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish vazifalari yuklatilgan, ular keyinchalik mamlakat parlamenti tomonidan koʻrib chiqiladi.

    Bundan tashqari, hamda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarni oʻz ichiga olgan Chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Eʼtiborlisi, uni amalga oshirishga ixtisoslashgan faoliyat bilan shugʻullanayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va mustaqil ekspertlar jalb etiladi.

    Shu munosabat bilan NNT, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, olimlar va mutaxassislarni Oliy Majlis Senatida tashkil etilgan Ishchi guruh faoliyatida faol ishtirok etishga chaqiramiz (senat14@exat.uz, qonunchilik@senat.go.uz).

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati