Xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan zoʻravonlik holatlarining 34 330 tasi yoki 87 foizi oilada sodir etilgan

    Bu haqda AOKAda IIV, Bosh prokuratura, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    Matbuot anjumanida IIV huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlinmalari tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari haqida soʻz yuritildi.

    Oʻtgan yil davomida tegishli mutasaddi idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlar davomida 667 mingga yaqin xonadonlarga uyma-uy kirib, oiladagi ijtimoiy-maʼnaviy muxit oʻrganildi. Jumladan, ijtimoiy holati oʻrganilgan xotin-qizlarning 6 610 nafarini (429 nafari ilgari sudlanganlar) ishga joylashishida, 6 976 nafariga (406 nafar) moddiy va ijtimoiy tomondan yordam berilishida, 1 547 nafarini (96 nafar) davolanishga muxtojligi aniqlanib, tibbiyot dispanserlarga yuborilishida, 1 653 nafarini (172 nafar) shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta tiklashda, 1 784 nafarini (105 nafar) tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda amaliy yordamlar koʻrsatildi.

    Shuningdek, profilaktik hisobda turgan 505 nafar qizlar taʼlim muassalariga jalb etildi, 328 nafar ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari”ga joylashtirildi.

    Hamkorlikda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida, 17 296 nafar, shu jumladan 624 nafar voyaga yetmagan qizlar, 3 605 nafar yosh (18-30 yosh), 520 nafar ilgari sudlangan xotin-qizlar ichki ishlar organlari hisobidan chiqarildi.

    2021-yil davomida ichki ishlar organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlar yuzasidan 39 343 ta murojaatlar kelib tushdi. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida, 39 343 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari rasmiylashtirib berildi.Himoya orderlarining 378 tasi voyaga yetmagan, 9 861 tasi yoshlar (18-30 yosh), 29 104 tasi 30 yoshdan katta xotin-qizlarga berilgan.

    Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan zoʻravonlik holatlarining 34 330 tasi yoki 87 foizi oilada sodir etilgan. Himoya orderlarning 26 667 tasi turmush oʻrtoqlari, 1 559 tasi qaynionalar, 1 128 tasi kelinlar hamda 9 989 tasi boshqa shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan. Qoʻllanilgan himoya orderlari natijada 20 769 ta holatda oila yarashtirildi, 15 142 tasida nizo bartaraf etildi, 921 tasida oila ajrashdi, 2 222 ta holatda nizo bartaraf etilmadi.