Joriy yil 31-yanvarda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokamasiga bagʻishlangan majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Qoʻmita, ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Senatorlar 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini dastlabki tarzda koʻrib chiqdilar.

Dastur 273 ta banddan iborat boʻlib, uning 117 ta bandida normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, 14 ta qonun, 103 ta Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari, 156 ta chora-tadbirlar dasturi va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish belgilangan.

Qayd etilishicha, 2021-yilda davlat dasturi ijrosi doirasida umumiy qiymati 29,5 trillion soʻm, 2,6 milliard dollar hamda 57,5 million yevroga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan edi. Davlat dasturining jami 273 ta bandidan 243 tasi toʻliq bajarilgan.

Shuningdek, tadbirda davlat dasturi doirasida boshqa sohalar kabi xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, gender tenglikni taʼminlash borasida qilingan ishlar ham koʻrib chiqildi.

Senatorlar qayd etganidek, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 6,5 ming xotin-qizga Davlat maqsadli jamgʻarmasi tomonidan 100 milliard 341 million soʻm miqdorida kredit resurs mablagʻlari ajratib berilgan.

Bundan tashqari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021-yil davomida 96 873 nafar xotin-qizga 1 trillion 197 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan. Turmush sharoiti ogʻir va nogironligi boʻlgan 1 630 nafar xotin-qiz roʻyxatlari shakllantirilib, tuman (shahar) huzuridagi maxsus komissiyalar tomonidan hujjatlar tasdiqlanib, arzon uy-joylar bilan taʼminlash maqsadida uylarning boshlangʻich badalini toʻlab berish uchun 31 milliard 643 million soʻm ajratilgan.

Qayd etilganidek, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va hal etishga koʻmaklashish maqsadida har bir mahallada “Ayollar maslahat kengashi” jamoatchilik tuzilmasi tashkil etilgan.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda 28 ta hududiy va tumanlararo markaz faoliyat koʻrsatadi. Respublika va hududiy Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Turmush sharoiti ogʻir va nogironligi boʻlgan 7 350 nafar ayol va bolalarga 7 milliard 528 million soʻmlik reabilitatsiya vositalari taqdim etish, oʻta ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, nogironligi boʻlgan 500 nafar xotin-qizni jarrohlik yoʻli bilan operatsiya qilish uchun roʻyxatlar shakllantirilib, Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasidan 13 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgan.

Minimal gender koʻrsatkichlar va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan “gender.stat.uz” veb-sayti yaratilib, uni doimiy ravishda yangilab borish yoʻlga qoʻyilgan.

Oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oila qizlari uchun 2 ming 80 ta grant ajratildi. Muhtoj yolgʻiz ayollar va boquvchisini yoʻqotgan qizlarning oliy taʼlim olish uchun kontrakt toʻlovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi. Faol xotin-qizlar bilan tizimli ishlash, ularni rahbarlikka tayyorlash maqsadida taʼlim muassasalarida 1 029 nafar iqtidorli qizning zaxirasi shakllantirilgan.

Muhokamalar soʻngida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.