Xotira aziz – qadr muqaddas

    Mamlakatimizda 8 May 2023 978

    Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining faollar zalida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan “Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi” shiori ostida “Xotira aziz – qadr muqaddas” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

    Dastavval tadbirga taklif etilgan faxriy mehmon va professor-oʻqituvchilar universitet tarixi muzeyiga tashrif buyurishdi.

    Tashrif davomida mehmonlar universitetda yosh avlod uchun yaratilgan sharoit va berilgan imkoniyatlar bilan tanishish barobarida bu dargohda ishlab, umrini ilm rivojiga hissa qoʻshgan shaxslarning benazir ijodi va ibratli hayoti bilan bogʻliq maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

    Shundan soʻng, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor X.Yunusov va boshqalar faxriylarni bayram bilan muborakbod etishdi. Universitet ijodkor yoshlari tomonidan yangragan kuy-qoʻshiqlar esa tadbirga yanada koʻtarinki ruh baxsh etdi.

    Bir piyola choy ustida bayram tadbiri davom etib, bu dargohda uzoq yillar mehnat qilgan, soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan va bugun keksalik gashtini surayotgan faxriylarning ibratomuz hayot yoʻllari, oʻz davrida olib borgan matonatli xizmatlari xususida suhbatlashildi.

    Oʻzaro suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak eʼtibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir aʼzosiga gʻamhoʻrlik, mehr-oqibat koʻrsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarishga imkoniyat berish ustuvor vazifaga aylangani bot-bot taʼkidlandi.

    Shuningdek, universitet rektori, professor X.Yunusov boshchiligida bir guruh professor-oʻqituvchilar va talabalar universitetning faxriy xodimlari xonadonlarida boʻlishib, holidan xabar olindi.

    Universitet axborot xizmati