Xovosda 400 nafar yoshga ajratilgan yer maydonidagi ilk niholni viloyat hokimi ekdi

    “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida xovoslik 400 nafar yoshga 50 sotixdan jami 200 gektar yer maydoni ajratilib, ushbu yerlardan foydalanish huquqini beruvchi tuman hokimligining sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.

    Maʼlumki, Xovos tumani oʻtgan yillar davomida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarish va islohotlarga muhtoj edi. Tumanda barcha koʻrsatkichlar juda achinarli edi, deb aytolmaymizku, lekin imkoniyatlarga ega boʻlaturib, ilgarilab ham ketgani yoʻq. Biroq, mana, ikki yildirki, Prezidentimiz tashabbusi bilan tumanning yangi qiyofasi shakllandi. Bu vaqt mobaynida qanchadan-qancha ijtimoiy, uy-joy, muhandislik va transport infratuzilma obyektlari ishga tushdi. Kichik sanoat zonasi ochilib, unda faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar jahon bozorida raqobat qila oladigan xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqara boshladi. Ammo bu yetarli emas. Hali oldinda qilinishi kerak boʻlgan vazifalar bisyor. Hududagi har bir rahbar zimmasida diyorimizda amalga oshirilayotgan mislsiz islohotlarning lokomotivi boʻlgan shijoatli yoshlar bandligini taʼminlashdek masʼuliyatli vazifa turibdi. Buning uchun esa yangi mexanizmlar darkor. Ana shulardan bittasi – dehqonchilik bilan shugʻullanishlari uchun yoshlarga ekin yerlari ajratib berishdir.

    Tumanda bu boradagi ishlar Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida olib borilmoqda. Bugun ham hududda 400 nafar yoshga 50 sotixdan jami 200 gektar yer maydoni ajratilib, ushbu yerlardan foydalanish huquqini beruvchi tuman hokimligining sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi. Ajratilgan yer maydoniga tutash boʻlgan hududda yoshlar va nuroniylarning taklif-istagi bilan “Yoshlar bogʻi” ham tashkil etildi.

    Shundan soʻng, ishtirokchilar mexanizatorlar tomonidan texnikalar yordamida ishlov berilib, daraxt koʻchatlari ekish uchun tayyorlab qoʻyilgan maydonda toʻplanishdi. Viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev tomonidan “Yoshlar bogʻi”ning ilk niholi ekildi.

    Bugunning oʻzida bogʻda olcha, anor, yongʻoq, olma va boshqa turdagi 400 dan ziyod mevali daraxt nihollari oʻtqazildi.

    Shuningdek, oʻsha yerning oʻzida viloyat va tuman sektor rahbarlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari, mahalla raislari va yoshlar ishtirokida amaliy seminar oʻtkazildi. Unda dehqonchilik tajribasiga ega mirishkorlar tomonidan yoshlarga loyihaning mazmun-mohiyati, yer bilan ishlash mahorati, ayni kunlarda ekish mumkin boʻlgan mahsulotlar hamda ularning parvarishi haqida maʼlumot berildi.

    Bugungi kunda 458 dan ortiq fermer xoʻjaligi mavjud boʻlgan Xovos tumanida 839 nafarga yaqin yoshga yer ajratish koʻzda tutilgan.