Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari 2017-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik sohasida amalga oshirilgan muhim islohotlar va ularning natijasini oʻrgandi.
Oʻzbekistonda 2017-yildan boshlab biznesni roʻyxatga olish osonlashtirildi. Natijada roʻyxatga olingan tadbirkorlik subyektlari soni 2017-yilda 229,6 mingtani tashkil etgan boʻlsa, 2022-yil soʻnggiga kelganda 555,9 mingtaga yetdi yoki 2017-yildagiga nisbatan 2,4 barobar koʻpaydi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan 2017-2022-yillarda yurtimizda tadbirkorlik sohasida amalga oshirilgan muhim islohotlar va ularning natijasi boʻyicha olib borilgan oʻrganishga koʻra, soʻnggi yillarda respublikada tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va jadal rivojlantirish borasida muhim qadamlar qoʻyildi. Masalan, yuridik shaxslarninig mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 2017-yilda 5 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2022-yilga kelganda 1,5 foizgacha pasaytirildi. 2017-yilda soliq turlari 13 ta edi. Ular 9 tagacha kamaytirildi. 2017-2022-yillar oraligʻida soliq tekshiruvi turlari 10 taga qisqardi va 13 tadan 3 tagacha kamaydi.
Kezi kelganida taʼkidlash oʻrinliki, Soliq Kodeksiga koʻra, soliq organlari kameral soliq tekshiruvi, sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi kabi 3 turdagi soliq tekshiruvini oʻtkazadi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 2016-yilda 20 foizni tashkil etgan boʻlsa, soliq tizimida olib borilgan islohotlar natijasida 2023-yilning 1-yanvaridan ushbu soliq stavkasi 12 foizga tushirildi.
2022-yil yakunlariga koʻra, hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari soni 2017-yildagiga nisbatan Toshkent shahrida 2 barobar ortib, 106 mingtaga, Toshkent viloyatida 2,3 barobar ortib, 49,1 mingtaga, Samarqand viloyatida 2,9 barobar ortib, 47,9 mingtaga yetgan.
Islohotlar oilaviy tadbirkorlik rivojida ham muhim ahamiyat kasb etdi. Prezidentimizning 2019-yil 24-oktyabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi tufayli 2018-2022-yillar mobaynida oilaviy korxonalar soni 2 barobar oshdi. Natijada xususiy biznes va kichik tadbirkorlik subyektlarining eksportdagi ulushi 29,5 foizga yetdi.