Xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklari “E-auksion shop” elektron savdo do‘konida quyidagi usullarda sotiladi:
- narxni oshirib borish tamoyili asosida;
- eʼlon qilingan narxda sotish orqali.
Savdoda ishtirok etish uchun savdo platformasida ro‘yxatdan o‘tish zarur.
Savdoga qo‘yilgan buyurtmani ishtirokchi tomonidan narx tasdiqlangungacha savdo platformasidan 2 martagacha bepul qaytarib olish mumkin.
Savdoga qo‘yilgan buyurtmani qaytarib olish:
▪️3-martadan boshlab BHMning 1 baravari;
▪️5-martadan BHMning 3 baravari;
▪️7-martadan BHMning 10 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Narxni oshirib borish usuli orqali savdolar kamida 2 ta ishtirokchi bo‘lganda o‘tkaziladi.
Boshlang‘ich narx buyurtmachining buyurtmasiga asosan belgilanadi. Savdo birinchi to‘rtta qadamda – boshlang‘ich narxning 5 foizi miqdorida, beshinchi va undan keyingi qadamlarda – boshlang‘ich narxning 3 foizi miqdorida belgilanadi.
Mulkka berilgan har bir taklif savdoni o‘tkazish vaqtini 10 daqiqadan uzaytirib boradi. Agar oxirgi tasdiqlangan taklifdan so‘ng 10 daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi bo‘yicha taklif ishtirokchilarning birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, savdolar yakunlanadi. Oxirgi taklifni tasdiqlagan ishtirokchi savdo g‘olibi deb topiladi.
Mulk uchun to‘lov bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali amalga oshiriladi. Bo‘lib-bo‘lib to‘lash buyurtmachi va savdo g‘olibi o‘rtasida o‘zaro kelishuv bo‘yicha belgilanadi.
Savdo g‘olibidan bir qadam past narx taklifini tasdiqlagan ishtirokchi salohiyatli g‘olib deb eʼtirof etiladi.
Savdolar quyidagi hollarda o‘tkazilmagan deb topiladi:
savdolarda qatnashish uchun bironta ham talabgordan ariza kelib tushmagan bo‘lsa;
savdolar kuni ishtirokchilar tomonidan bironta ham taklif tasdiqlanmasa;
to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmagan bo‘lsa.
Eʼlon qilingan narx bo‘yicha sotishda eʼlon buyurtmachining ixtiyoriga ko‘ra belgilangan muddat yoki sotilgungacha elektron do‘konga joylashtiriladi.