Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi 2021-yil 5-iyulda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-699-sonli qonunining 4-moddasiga ko‘ra “Fuqaro dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy ta’lim olishga nisbatan o‘z munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.”
Shu bilan birga, mazkur qonunning 8-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi dindan ajratilgandir. Ta’lim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy ta’lim muassasalari mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dunyoviy ta’lim olish huquqi, ularning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar, ta’minlanadi. Har kim diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olish huquqiga ega. Diniy ta’lim muassasalarida o‘qishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki professional ta’lim olganidan keyin qabul qilinadi. Diniy professional ta’lim olgan shaxslar diniy ta’lim muassasalarida diniy fanlarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga egadir.”, deb aytilgan.
Diniy professional ta’lim diniy ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga ma’lum bir konfessiyaga oid diniy bilimlar berishga qaratilgan jarayon bo‘lib, hozirgi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 4 ta oliy va 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida diniy professional ta’lim berilib kelmoqda.
Hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalaridan Toshkent shahrida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Buxoro viloyatida Mir Arab oliy madrasasi va Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari ham mavjud. Ular quyidagilardan iborat:
Toshkent shahrida “Ko‘kaldosh”, Buxoro viloyatida “Mir Arab”, Andijon viloyatida “Sayyid Muhyiddin maxdum”, Namangan viloyatida “Hidoya”, Qashqadaryo viloyatida “Xoja Buxoriy”, Xorazm viloyatida “Faxriddin ar-Roziy”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida “Muhammad al-Beruniy” va Surxondaryo viloyatida “Imom Termiziy”, shuningdek, Toshkent shahrida “Xadichai Kubro” va Buxoro viloyatida “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari hisoblanadi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi 2021-yil 5-iyulda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-699-sonli qonunining “Asosiy tushunchalar” deb nomlangan 3-moddasi yettinchi xat boshida diniy ta’lim muassasalaridan tashqarida xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish – qonunga xilof diniy faoliyat” ekanligi nazarda tutilgan. Xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish qonunga xilof hisoblanib, aynan yuqoridagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga qonunchilikka ko‘ra diniy ta’limotdan saboq berish vakolati berilgan. Xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish qonunchilikka ko‘ra tegishlicha javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 241-moddasi “Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish” deb nomlangan bo‘lib, unga ko‘ra maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish va xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berganlik ma’muriy huquqbuzarlikdan iborat qilmish bo‘lib, birinchi marta sodir etilganda sodir etgan shaxs eng yengil jazo sifatida bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarimaga, eng og‘ir jazo sifatida o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish iborat ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Xususan, Jinoyat kodeksining 2292-moddasi ham “Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish” deb nomlangan bo‘lib, unga Maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar shaxs diniy ta’lim muassasalaridan tashqarida birinchi marta xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanganligi uchun MJtK 241-moddasiga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortilgandan keyin ham tegishlicha xulosa chiqarmasdan yana shunday faoliyat bilan shug‘ullansa yoki diniy ta’limotdan saboq bersa, u Jinoyat kodeksining 2292-moddasi ham “Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish” moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish va xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berganlik uchun shaxs jinoiy javobgarlikka tortilganda unga nisbatan eng yengil jazo sifatida bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilsa, eng og‘ir jazo sifatida uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
2025-yilning 8-avgustda O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘RQ-1080-son Qonuni qabul qilingan bo‘lib, unga qonunga ko‘ra, 2025-yilning 8-avgustidan boshlab amaldagi Jinoyat kodeksining 2292-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi va 2025-yil 10-noyabrdan kuchga kiradigan o‘zgarishlardan biri hisoblanadi:
“Maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz voyaga yetmagan shaxsga diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek voyaga yetmagan shaxsga xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish, –
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
2025-yilning 8-avgustda O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘RQ-1080-son Qonuni bilan kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra endi voyaga yetmagan shaxsga xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish birincha marta sodir etilganidan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bunday jinoyatni sodir etgan shaxsga eng yengil jazo sifatida bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima, unga eng og‘ir jazo sifatida bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazo
Qonunchilikka ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 4 ta oliy va 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarigagina diniy ta’limotdan saboq berish uchun diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsati berilgan, ya’ni ular diniy ta’limotdan saboq berishda vakolatli hisoblanadi. Mazkur oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini tamomlagan shaxslar maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘ladilar.
Hozirgi kunda ota-onalar tomonidan bolani qonunga hilof ravishda diniy ta’lim olish uchun maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan insonlar qo‘liga topshirmoqdalar. Bunday insonlar “rasmiy diniy ta’lim” iborasidan asosan ko‘proq voyaga yetmagan bolasini diniy ta’lim olishi uchun qiziqadigan ota-onalarni jalb etish maqsadida foydalanadi. Bunda ko‘pincha diniy aqidaparastlik g‘oyalarini singdirish kabi illlatlar rivojlanishiga olib keladi. Natijada O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan yoshlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlash va ularning dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatish holatlarini yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, fuqarolarga rasmiy diniy ta’lim faqatgina yuqorida aytib o‘tilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimdagi ta’lim muassasalarida beriladi.
Hozirgi kunda xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq olishda keng imkoniyat yaratilgan bo‘lib, xususan, 2018-yildan hududlarda buyon o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan 28 ta “Qur’on va tajvid” kurslarini misol qilib keltirsa bo‘ladi. Mazkur kurslarga shaxs diniy ta’limdan saboq olishi va vijdon erkinligi bilan bog‘liq huquqlarini ro‘yobga chiqarishi mumkin bo‘ladi.
F.Xudaykulov,
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va
korrupsiyaga qarshi kurashish
kafedrasi professori v.b., yu.f.d (DSc)







