Bu haqda Kinematografiya agentligi xabar berdi.
Kartina toʻliq metrajli, drama janridagi badiiy film boʻlib, ssenariy muallifi Roʻziboy Qulmatov, postanovkachi rejissyor Umrbek Roʻzimov, badiiy rahbar esa Mansur Vasati hisoblanadi.
Qayd etilishicha, filmda 1922-yilda turkistonlik jadidlar tashabbusi bilan Germaniyaga oʻqishga yuborilgan xorazmlik Maryamxon Sultonmurodovaning taqdiri haqida hikoya qilinadi. Maryamxon otasi — “Yosh xivaliklar” harakatining yoʻlboshchilaridan boʻlgan Xorazm Xalq Respublikasi muvaqqat rahbari Jumaniyoz Sultonmurodovning taraqqiyparvarlik gʻoyalari taʼsirida ulgʻayadi. Shu sabab toʻsiqlarga qaramay, Germaniyaga borib oʻqishga intiladi va buning uddasidan chiqadi.
Ayni paytda mazkur tarixiy-badiiy filmni suratga olish boʻyicha lokatsiyalar oʻrganilayotgani qoʻshimcha qilingan.