XXI Madaniy anʼanalar va milliy taomlar festivali

    TIV huzuridagi Diplomatik servis xizmati anʼanaga aylangan festivalni 21-marotaba oʻtkazmoqda.

    27 sentabr Oʻzbekiston Respublikasi TIV huzuridagi Diplomatik servis xizmati mamlakat madaniy hayotida haqiqiy anʼanaga aylanib ulgurgan festival oʻtkazdi.

    Ushbu festivalda Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan yigirmadan ortiq elchixona vakillari ishtirok etdi.

    Elchixona xodimlari oʻzlarining oshpazlik isteʼdodlarini namoyish etgan holda, festival ishtirokchilariga oʻz mamlakatlarining taomlarini, shu jumladan, milliy oshxonalariga mansub boʻlgan ekzotik lazzatlarni taqdim qilishdi.

    Bundan tashqari, festivalda dunyoning turli burchaklaridan anʼanaviy milliy raqslar, musiqa va liboslar namoyish etilishi asnosida unutilmas bayram muhiti yaratildi.

    “Madaniy anʼanalar va milliy taomlar festivali” dunyoning turli xalqlari madaniyati va urf-odatlari bilan tanishish, ularning taomlaridan bahramand boʻlish uchun noyob imkoniyatdir. Har yili festival tobora ommalashib bormoqda va oʻziga koʻplab mehmonlarni jalb qilmoqda. Bu oʻz navbatida tadbirning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalar orasidagi muvaffaqiyati va ahamiyatini tasdiqlaydi.

    Xususan, festivalda Jazoir, Belarus, Bangladesh, Gruziya, Misr Arab Respublikasi, Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Hindiston, Eron, Indoneziya, Ruminiya, Tojikiston, Ukraina va Birlashgan Arab Amirliklari Elchixonalari hamda “WIEDERGEBURT” Oʻzbekiston nemis madaniy markazi, Koreya madaniy markazi, Tatar madaniy markazi ishtirok etdi.