Prezident Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hayʼat yigʻilishida huquq-tartibot sohasidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusidagi vazifalarni belgilab bermoqda.

“Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulugʻlashni eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etdik va bu borada katta oʻzgarishlarni boshladik.

Yangi Oʻzbekiston, bu – huquqiy davlat ekanligini yangilangan Konstitutsiyamizda ham muhrlab qoʻydik.

Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash orqali xalqimizni rozi qilishdan iborat”, — dedi davlat rahbari soʻzining avvalida.

Birgina oxirgi ikki yil ichida huquq-tartibot faoliyatiga oid 10 ta qonun, 40 ga yaqin Prezident farmon va qarorlari, 60 dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilingani qayd etildi.

Huquq-tartibot organlari, ayniqsa ichki ishlar xodimlarining oylik maoshi keskin oshirildi va koʻplab imtiyozlar berildi.

Bevosita “mahalladagi beshlik” uchun 30 mingdan ortiq yangi shtatlar kiritildi.