Yana 6 ta metro bekatida poyezdlar harakati toʻxtatiladi

    2025-yil 2-avgustdan 6 ta bekatdan iborat “Texnopark – Yangiobod” bekatlari oraligʻida metro poyezlari harakati toʻxtatiladi.

    Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Toshkent metropolitenining Yer usti halqa yoʻnalishi tarkibidagi “Texnopark – Qipchoq” bekatlari va ular oraligʻidagi yoʻnalish bir necha yildan buyon yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.

    Jahon amaliyotidan kelib chiqqan holda, metro poyezdi harakati va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, xizmat sifatini yaxshilash maqsadida yer usti estakadalari va bekatlar maʼlum muddat foydalanilgandan soʻng rejali profilaktik ishlar olib boriladi.

    Shu munosabat bilan, 2025-yil 2-avgustdan boshlab 6 ta bekatni qamrab olgan “Texnopark – Yangiobod” yoʻnalishida poyezdlar harakati vaqtincha toʻxtatiladi.

    Yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Texnopark – Qipchoq – Texnopark” oraligʻida katta sigʻimli maxsus avtobuslar (metrobus) yoʻlga qoʻyiladi. Ular har kuni soat 05:00 dan 23:00 gacha bepul xizmat koʻrsatadi.

    Yuzaga keladigan vaqtinchalik noqulayliklar uchun yoʻlovchilardan uzr soʻralib, tushunchalari uchun minnatdorchilik bildiriladi.