Bugun ertalab Inside the Games portalida rossiyalik figurali uchuvchilardan biri topshirgan doping-test natijasi ijobiy chiqqani, shu bois figurali uchuvchilarni taqdirlash marosimi 7-fevraldan buyon orqaga surib kelinayotgani haqida xabar paydo boʻldi.
Olimpiya oʻyinlarining figurali uchish boʻyicha jamoaviy musobaqalarida Rossiya sharafini Kamila Valiyeva, Mark Kondratyuk, Anastasiya Mishina va Aleksandr Gallyamov, Viktoriya Sinitsina va Nikita Katsalapov himoya qilgan hamda muddatidan oldin chempion boʻlgan edi.
RIA Novosti xabarida aytilishicha, ayni paytda XOQ Xalqaro konkida yuguruvchilar uyushmasi – ISU bilan maslahatlashmoqda.
USA Today muxbiri Kristin Brennan Twitter ida yozishicha test natijasi ijobiy chiqqani toʻgʻrisidagi xabar tarqalgandan soʻng, rossiyalik figurali uchuvchilar mashq qilishni toʻxtatib qoʻyishgan. Valiyeva, Kondratyuk, Mishina va Gallyamov 9-fevral kuni mashq oʻtkaziladigan muz zalida koʻrinmagan. Vaholangki, 10-fevralda Kondratyuk musobaqada qatnashishi kerak. Sinitsina va Katsalapov mashqlarda qatnashgan boʻlsa-da, matbuot xodimlari bilan suhbatlashishdan bosh tortishgan.
Murabbiy Tamara Moskvina shogirdlari mashqlarda qatnashmaganini ularning dam olish kuni boʻlgani bilan izohladi.
Keyinroq jurnalistlar rossiyalik figurali uchuvchilardan biri organizmidan giyohvand modda topilgan boʻlishi mumkinligini taʼkidlashdi. Sportchilarga giyohvand modda isteʼmol qilib musobaqalarda qatnashish ham taʼqiqlangan.
Hozircha nima boʻlgani haqida rasmiy xabar yoʻq. ISU vakili test natijasi ijobiy chiqqani haqidagi xabarni sharhlashni xohlamadi. ISU vitse prezidenti Aleksandr Lakernik bu haqda shunday dedi: “Hech narsa deya olmayman. Shubhali doping-tekshiruv. Hozircha bironta rasmiy xabar yoʻq”.
Rossiyada xizmat koʻrsatgan murabbiy Aleksey Mishin voqeaga munosabat bildirib: “Agar, haqiqatan ham, test ijobiy chiqqan boʻlsa, bu hammamiz uchun noqulay vaziyat. Menimcha bizda hech kim bunday bemaza ish bilan shugʻullanmaydi. Balki bu fitnadir”, dedi.
Yana bir murabbiy Aleksand Julinning fikricha, u bundan hayratga tushmagan. Rossiya nimagadir erishsa, darrov shunaqa narsalar oʻylab topiladi.
Xullas, figurali uchun boʻyicha Rossiya jamoasi oltin medaldan mahrum boʻlishi mumkin.