Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Qiziltepa tumanidagi “SH.D.” MCHJ masʼul shaxslari korxona issiqxonasiga oʻrnatilgan elektron gaz hisoblagichga tashqi tomondan shikast yetkazib, jami 950,4 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Margʻilon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Margʻilon shahar ETK masʼul shaxslari oʻz xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganliklari oqibatida, “E.V.” unitar korxonasidagi 3 ta elektr hisoblagichlar roʻyxatdan oʻtkazilmasdan qolib, jami 684,6 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi aniqlangan.
Departamentning Andijon shahar boʻlimi tomonidan viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda, “I.p.” MCHJ masʼul shaxslari korxonaning ishlab chiqarish sexidagi elektr hisoblagichga tashqi taʼsir oʻtkazib, jami 682,1 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Jalaquduq tuman boʻlimi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.s.” MCHJ masʼul shaxslari MCHJga qarashli toshni qayta ishlash sexida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 238,1 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Boʻston tumani boʻlimi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “O.A.” fermer xoʻjaligi masʼul shaxslari xoʻjalik chorva binosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulab, jami 210,6 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Kattaqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro M.Sh. parrandachilik fermasidagi elektr hisoblagichning himoya qopqoqlarini buzib, tashqi taʼsir koʻrsatib, jami 109,9 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.