Qayd etilishicha, ushbu hududdagi loyihalar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tashrif davomida loyihalarni ishga tushirish va ularning toʻliq quvvatda ishlashiga toʻsqinlik qilayotgan infratuzilmaviy hamda moliyaviy masalalar joyida koʻrib chiqilib, tegishli topshiriqlar berildi.
“Yangi Avlod” maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar — JAC avtomobillarini ishlab chiqarish, “DPW Tashkent” logistika terminali va “Health Line” bir martalik tibbiy buyumlar ishlab chiqarish tashabbuslari hamda zonaning umumiy rivojlanish dinamikasi oʻrganildi. Ushbu zonaga 835 million dollar sarmoya kiritilishi va 9 mingta ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Asosiy vazifalar sifatida hududdan oʻtgan yuqori bosimli gaz quvuri va 110 kV elektr tarmoqlarini koʻchirish ishlarini jadallashtirish, shuningdek tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan bogʻliq muammolarni tezkor hal etish belgilandi.
Qiymati 135 million dollar boʻlgan “JAC Motors Tashkent” MCHJ loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Yiliga 30 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur korxonaning birinchi bosqichi 2026-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Kutilayotgan eksport hajmi 5 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, qiymati 288 million dollarlik “DPW Tashkent” MCHJ loyihasi doirasida multimodal logistika terminali va “A” toifali avtomatlashtirilgan ombor tizimi barpo etilishi koʻzda tutilgan. Loyiha yillik 157 mingta konteyner aylanmasini taʼminlash, 60 ming kvadrat metr ombor maydonlari yaratish va 345 ta ish oʻrni tashkil etishni nazarda tutadi.
Qiymati 50 million dollarlik “Health Line” MCHJ loyihasi doirasida esa bir martalik tibbiy buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxona barpo etilib, yiliga 1,4 milliard dona mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Ushbu loyiha 520 ta yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.
Bundan tashqari, komissiya qiymati 25 million dollar boʻlgan “Ogneupor” MCHJning olovbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish korxonasi hamda “Yangi Hayot” industrial texnoparkida joylashgan “Accord Vision” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan “Comfi” qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini ham koʻzdan kechirdi.
Gaz va elektr taʼminoti, kredit ajratish hamda kompensatsiya toʻlovlarini bosqichma-bosqich tartibga solish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.