Yangi “Chingiz Aytmatov. Asarlar” 10 jildlik toʻplam taqdimoti boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 21 Dekabr 2023 786

    Toʻplamda Chingiz Aytmatov ijodiy merosining turli janr va yoʻnalishlarida yaratilgan deyarli barcha asosiy asarlari qamrab olingan.

    Turon kutubxonasida AOKA tashabbusi bilan Oʻzbekiston nashriyotida atoqli adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 95-yilligi munosabati bilan chop etilgan 10 jildlik “Chingiz Aytmatov.Asarlar” toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Taqdimotda adiblar, noshirlar, axborot-kutubxona markazlari xodimlari, jamoat va davlat tashkilotlari rahbarlari, OAV va jamoatchilik vakillari, shuningdek, turli yoshdagi adabiyot muxlislari ishtirok etdi.

    Tadbirda toʻplam “Armugʻon” nomli turkumning ilk nashri sifatida chop etilgani, shuningdek, oʻzbekistonlik mashhur olimlar, adiblar, davlat va jamoat arboblari, akademiklarning Chingiz Aytmatov haqidagi maqolalari ilova qilingani taʼkidlandi.

    Qayd etilishicha, toʻplamda Chingiz Aytmatov ijodiy merosining turli janr va yoʻnalishlarida yaratilgan deyarli barcha asosiy asarlari qamrab olingan.

    Taqdimot doirasida Kutubxona tomonidan betakror ijodkor Ch.Aytmatovning qalamiga mansub kitoblarning retrospektiv koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

    Maʼlumot uchun: 10 jildlik “Chingiz Aytmatov” Asarlar.” toʻplami, oʻzbek tilida, lotin alifbosida har bir jildi 1000 nusxadan chop etilgan.

    Nashrning ilk nusxalari Chingiz Aytmatov Universiteti hamda Qirgʻiziston Milliy kutubxonasiga tuhfa etilgan.