Yangi davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi

    Raqamlashtirish 18 Oktabr 2023 1235

    Hukumat qarori (544-son, 17.10.2023-y.) bilan “Professional mediatorlar reestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” tasdiqlandi

    Unga koʻra, maxsus oʻquv kursidan oʻtganligi haqida sertifikatga ega boʻlgan va Reestrga kirish istagini bildirgan jismoniy shaxs (talabgor) doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan manzilidan qatʼi nazar, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YAIDXP (my.gov.uz)dan ruyxatdan oʻtadi.

    Zarur maʼlumotlar soʻrovnomaga kiritilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi hamda imzolaydi.

    Davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun toʻlov undirilmaydi.

    Talabgor murojaat etganda, uning soʻrovnomasi toʻldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqada tegishli hududiy adliya organiga elektron shaklda yuboriladi.

    Professional mediatorlar reestri elektron shaklda shakllantiriladi va yuritiladi.

    Professional mediator quyidagi hollarda Reestrdan chiqarilishi mumkin:

    - Reestrdan chiqarish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etganda;

    - vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuni kuchga kirganda;

    - muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

    - sudning mediatorni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

    - davlat vazifalarini amalga oshiradigan lavozimga tayinlanganda yoki saylanganda, notariuslar bundan mustasno;

    - mediatorga nisbatan jinoiy taʼqib amalga oshirilayotganda;

    - bir yildan ortiq muddat mobaynida u toʻgʻrisida maʼlumot olish imkoni boʻlmaganda, hududiy adliya organining tegishli tarkibiy tuzilmasi xulosasiga koʻra;

    - doimiy yashash uchun Oʻzbekistondan tashqariga chiqib ketganda.

    Professional mediator Reestrdan hududiy adliya organining qarori asosida chiqariladi.

    Mazkur reglament 2024-yil 1-yanvardan amalga kiritiladi.