Sirdaryo viloyatining eng olis hududlaridan biri — Sardoba tumani aholisi 66 ming 700 nafarni tashkil etib, 15 ta mahallalarda oʻndan ziyod millat vakillari ahil-inoqlikda yashab keladi.
Tuman viloyat markazi Guliston shahridan 83 kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, Jizzax viloyati bilan chegaradosh.
“Nuroniy bunyodkor servis” MCHJ quruvchi-bunyodkorlari tomonidan barpo etilgan Davlat xizmatlari markazining yangi binoning umumiy maydoni 1015 kvadrat/metrni tashkil etadi. Zamonaviy arxitektura yechimlarini oʻzida mujassam etgan bino eng zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan. Bu yerda keng va yorugʻ, shinam xizmat zalida qulay sharoitlarda xizmat koʻrsatiladi. Elektron navbat tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Ayni paytga kelib Davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 150 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatib kelinyapti. Sardoba tumani Davlat xizmatlari markazi bir kunda oʻrtacha 80-100 nafar fuqaroga davlat xizmatlari koʻrsatish quvvatiga ega. 2020-yilda aholi va tadbirkorlik subyektlariga 16 mingga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatildi.
— Vaqti kelib markazga kelishga ham ehtiyoj qolmaydi, chunki har bir fuqaro oʻz uyida kompyuter yoki mobil qurilma orqali internet tarmogʻiga ulangan holda davlat xizmatlaridan onlayn tartibda foydalanadi, — deydi Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshligʻi B.Artikov. — Bu esa xizmatni markaz orqali olishdan koʻra arzon va qulay.
Darhaqiqat, yangi binoda tadbirkorlar uchun bosh vazir qabulxonasi, Xalq qabulxonasi, tuman adliya boʻlimi, sektorlar uchun alohida xonalar ajratilgan. Shuningdek, markazda bank kassasi ham tashkil etilgan. Kutish zalida esa kitob javoni mavjud boʻlib, fuqarolar bu yerda badiiy kitoblarni mutolaa qilish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Bu yerga farzandlari bilan tashrif buyurgan ota-onalar uchun yorqin ranglarda jihozlangan bolalar maydonchasi kichkintoylarning vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga yordam beradi.
Mavjud monitorlar orqali esa davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari toʻgʻrisidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi, deb xabar beradi DXA Sirdaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.