Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, jumladan, yosh olimlar uchun zamonaviy shart-sharoit yaratish, erishilgan tadqiqot natijalari va innovatsion gʻoyalarni ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etish borasida keng imkoniyat yaratilmoqda. Xorijning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, nufuzli “aql markazlari”, ilmiy uyushmalar bilan toʻgʻridantoʻgʻri hamkorlik oʻrnatilib, jahondagi ilgʻor tajribalar amaliyotga joriy etilmoqda.

Yaqinda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti huzurida yangi uslubdagi qator ilmiy-tadqiqot institutlari tashkil qilindi. Nazariy va amaliy lingvistika, Adabiyotshunoslik, Tarjimashunoslik, Xorijiy tillarni oʻqitish metodikasi, Media va kommunikatsiya, Ekologiya, Validatsiya, Ijtimoiy jarayonlarni oʻrganish ilmiy-tadqiqot institutlari shular jumlasidan. Ularning ochilishida bir necha huquqiy-meʼyoriy hujjatlar, jumladan, Prezidentimizning 2017-yil 1-noyabrdagi “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim asos boʻlib xizmat qildi.

Bunday oʻzgarishlar yosh olimlarning xalqaro doiradagi bir necha yillik hamkorlik munosabatlari, tajriba almashuvlar, oʻrganishlar, tahlil va xulosalarga asoslangan boʻlib, asosiy maqsad yurtimizda taʼlim sifatini yanada oshirishga qaratilgan. Oʻz yoʻnalishi boʻyicha ushbu ilmiy-tadqiqot institutlarining nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarda ham muqobili yoʻq. Masalan, tasdiqlangan nizomga muvofiq, Validatsiya ilmiy-tadqiqot instituti oldiga yurtimizda xorijiy tillar taʼlimini sifat jihatidan jahon standartlariga olib chiqish vazifasi qoʻyilgan. Nazariy va amaliy lingvistika ilmiy-tadqiqot instituti yurtimizda tilshunoslik sohasidagi ilmiy nazariy va amaliy masalalarni yechish, soha rivojiga doir boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan shugʻullanadi. Institut faoliyati davomida professional ilmiy jurnal va risolalarda ilmiy maqola, monografiyalarni chop ettirish yuzasidan chegirmalar boʻyicha muzokaralar olib boradi.

Nazariy va amaliy tilshunoslik sohasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, yillik konferensiyalarda tayanch doktorant, doktorant, mustaqil izlanuvchi, stajyor-tadqiqotchi izlanuvchi va oʻqituvchilar ishtirokini qoʻllab-quvvatlash uchun jamgʻarma tashkil etiladi.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni chuqurlashtirish ehtiyoji juda yuqori. Sababi, chet tillarni oʻqitish metodologiyasi va amaliy tilshunoslik yoʻnalishi boʻyicha universitetimizning xalqaro aloqalari faol rivojlanmoqda. Xususan, jahondagi ellikdan ziyod mamlakat olimlarini oʻzida birlashtirgan Amerika amaliy lingvistika uyushmasi bilan yaqin hamkorlik oʻrnatildi. Oʻzbekistonlik tadqiqotchilar mazkur nufuzli ilmiy tashkilotga teng huquqli aʼzo boʻlib kirdi. Shu bilan birga, ularning innovatsion ishlanmalari dunyoning yetakchi tilshunoslari tomonidan eʼtirof etilayotgani quvonarli hol.

Nazariy va amaliy lingvistika ilmiy-tadqiqot instituti soha olimlari, doktorant, tayanch doktorant, mustaqil izlanuvchi, stajyor-tadqiqotchi, magistrant va iqtidorli talabalar bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib boradi. Yangi maʼlumotlarni tarqatish va almashish, amaliy tilshunoslik boʻyicha ilmiy yangiliklar yuzasidan targʻibot-tashviqotni yoʻlga qoʻyadi.

Shuningdek, professor-oʻqituvchilarning kasbiy va ilmiy layoqatini takomillashtirish maqsadida kafedralarning ustuvor ilmiy yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish va boyitish, universitet metodistlari hammuallifligida maqola, monografiya, darslik, oʻquv qoʻllanmalar yaratish va nashr etish bilan shugʻullanadi.

Media va kommunikatsiya ilmiy-tadqiqot instituti ham oʻz faoliyati boʻyicha yurtimizda yagonadir. U jurnalistika sohasida tadqiqot olib boradigan xorijiy oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik oʻrnatgan holda, mavjud tajribalarni oʻrganadi va eng ilgʻorlarini amaliyotga joriy etadi.

Bundan tashqari, media va kommunikatsiya sohasida ilmiy elektron jurnal tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu ilmiy maktab faoliyati, sohada olib borilayotgan yangi ilmiy izlanish va tadqiqotlar yetarli darajada qoʻllab-quvvatlanadi. Xususan, yosh olimlarning maqolalarini yetakchi xalqaro nashrlarda chop etish jarayonini tizimlashtirish, xalqaro anjumanlardagi ishtirokini taʼminlash, ilmiy tadqiqotlarni bevosita moliyalashtirish yoʻlga  qoʻyiladi.

Yuqori darajadagi intellektual salohiyatga ega ilmiy ijodiy kadrlar tayyorlashga bevosita xizmat qiladigan oʻquv laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasi hozirgi zamon talablariga javob berishiga erishish koʻzda tutilmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, universitet huzurida tashkil etilgan yangi ilmiy-tadqiqot institutlari mamlakatimizdagi taʼlim sifatini oshirishga oʻziga xos hissa boʻlib qoʻshiladi. Buning uchun olimlarimizning kuch-gʻayrati, bilim va tajribasi yetarli.