“Yangi jurnalga omad tilayman!”

    Madaniyat 27 Oktabr 2021 1816

    Yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotgani, yurtimizga nisbatan qiziqish va eʼtiborning kuchayib borayotgani, shubhasiz, keyingi besh yillikdagi siyosiy islohotlar natijasidir.

    Mamlakatda soʻz va matbuot erkinligi taʼminlangani, insonning haq-huquqlari taʼminlanishiga qatʼiy rioya qilinayotgani, bolalar mehnatidan batamom qutulganimiz, ming-minglab fuqarolarning qora roʻyxatlardan chiqarilgani, siyosiy partiyalar va nodavlat notijorat tashkilotlari, yaʼni fuqarolik jamiyatining har qanday institutlariga qogʻozda emas, amalda keng imkoniyatlar yaratib berilgani chindan ham Oʻzbekistonning ochiq mamlakatlar qatoriga qoʻshilishiga asos boʻldi.

    Milliy matbuotimiz hayotida muhim voqea – “Siyosat” ijtimoiy-siyosiy jurnalining chop etila boshlanganini ham bugungi islohotlar barqarorligining kichik bir namunasi, deyish mumkin.

    Biz uzoq yillar davomida siyosiy sohada gapirmaslikni, hatto Siyosatshunoslik fanini unutishni maʼqul koʻrdik. Ushbu fan oliy taʼlim tizimidan chiqarilib, bakalavr va magistrlarni tayyorlash toʻxtatildi. Natijada sohaga oid ilmiy ishlar va maqolalar ham keskin kamaydi. 2010-yilga kelib esa himoyalar boʻyicha Kengash yopildi. Faqat keyingi toʻrt yildagina Kengash faoliyati tiklanib, himoyalar yana boshlandi.

    “Siyosat” jurnalining ilk sonida eʼlon qilingan maqolalar bilan tanishib, bugunga kelib aynan shunday nashrga juda katta ehtiyoj bor edi, degan fikr oʻtdi xayolimdan.

    Jurnaldagi “Prezidentlik soati”, “Qizil va qora nuqtalar”, “Xavfli hududdan uzoqlashyapmiz”, “Barcha yoʻllar taʼlimga olib borishi kerak”, “Siyosatshunoslikni taqiqlagan va ragʻbatlantirgan davrlar, katta siyosatchilar va...” sarlavhali tahliliy maqolalarni oʻqib, yangi jurnalning birinchi qadamlari ishonchli ekaniga guvoh boʻldim.

    Yuqorida qayd etilganidek, bugun har birimiz jonajon yurtimizda ulkan oʻzgarish va yangilanishlar sodir boʻlayotganini koʻrib turibmiz.

    Bunday oʻzgarishlar zamirida esa Oʻzbekistondagi demokratik jarayonlarning ortga qaytmasligi bilan bogʻliq ishonch turibdi.

    Albatta, bu islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, ularda faol ishtirok etish, aholida ularga nisbatan daxldorlik hissini shakllantirish nihoyatda muhim hisoblanadi. Bu jarayonda esa turli usul va vositalardan foydalaniladi. Ularning ichida eng samaralisi esa shubhasiz, ommaviy axborot vositalaridir.

    Sohadagi faoliyatim davomida koʻplab jurnallar bilan tanishganman, oʻqiganman. Lekin “Siyosat” jurnalining avval koʻrgan jurnallarimdan ancha farqi bor.

    Bunday jurnalning chop etilishini ushbu fanga boʻlgan munosabatning oʻzgarishi deb ham qarash mumkin. Qolaversa, hozirgi jarayonlarni siyosiy nuqtayi nazardan tahlil etishga boʻlgan ehtiyoj ham oshib bormoqda.

    Ayni chogʻda, jurnalni yanada rivojlantirish borasida ayrim fikrlarimni bildirmoqchiman: jurnalga yaqin va uzoq xorijdagi olimlar, davlat arboblari va ekspertlar ham jalb qilinib, xalqaro jurnalga aylantirilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

    Nashrni xorijiy tillarda chop etilishi esa uning oʻquvchilari, jumladan xorijda ham maʼlum bir auditoriyasini shakllantirishga olib keladi.

    Shuningdek, jurnalga xorijdagi ilmiy markazlarning ekspertlarini ham jalb qilish zarur.

    Ana shunday saʼy-harakatlar natijasi sifatida jurnalni xalqaro darajaga olib chiqish, turli bazalar, jumladan SKOPUS bazasiga kiritish yuzasidan jiddiy harakatlarni bugundanoq boshlash lozim.

    Oʻylaymanki, “Siyosat” jurnali tahririyati bunday oʻzgarishlarni ham amalga oshira oladi.

    Alisher Moʻminov,

    Siyosiy fanlar doktori, OʻzMU professori