Tashrif kun tartibiga muvofiq, Transport vazirligida xalqaro avtomobil tashuvlari boʻyicha Oʻzbekiston – Belarus qoʻshma komissiyasi majlisi oʻz ishini boshladi.
Majlisda tomonlar transport logistika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama etmoqda. Xususan, avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida milliy tashuvchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, xorijiy ruxsatnoma blankalarini oʻzaro almashish kvotasini koʻpaytirish bilan bogʻliq jihatlar koʻrib chiqilmoqda.
Shuningdek, tomonlar “Belarus – Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” yangi multimodal transport koridorini shakllantirish (yaratish) bilan bogʻliq masalalarni muhokama etmoqda.
Eslatib oʻtamiz, kecha transport vaziri Ilxom Mahkamov “China Energy Engineering Corporation” kompaniyasi boshqaruv raisi Sun Xaylyan boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazib, hamkorlikda transport infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etilgan edi.
Sun Xaylyan mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, kompaniya oʻzining ilgʻor tajribasidan kelib chiqqan holda yurtimizda ushbu sohalarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalarda ishtirok etish niyatida ekanligini maʼlum qilgandi.
Uchrashuv davomida xorijiy mehmonlarga transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar haqida batafsil maʼlumotlar berilib, taqdimotlar oʻtkazildi.