Aholini uy-joy bilan taʼminlash yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, mana shunday ezgu tashabbus va bunyodkorlik tufayli mamlakatimiz boʻylab yuzlab turar joylar qad rostlamoqda. Odamlarning yillar davomida ushalmagan orzulari roʻyobga chiqmoqda.

Yangi Namangan tumanida joylashgan Mustaqillikning besh yilligi mahallasi hududida ham 2 ta 5 qavatli 120 xonadonga moʻljallangan uylar barpo etildi.

Homiylik mablagʻlari asosida qad rostlagan ushbu turar-joylar bugun oʻz egalari topshirildi. Ahamiyatlisi, mazkur zamonaviy turar joylar ehtiyojmand, yolgʻiz hamda koʻmakka muhtoj boʻlgan ayollarga berildi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda viloyat hokimi oʻrinbosarlari, shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumani hokimlari, korxona va tashkilot mutasaddilari, poytaxtdan tashrif buyurgan madaniyat xodimlari, sanʼatkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Bu kabi bunyodkorlik ishlari natijasida odamlarning hayoti yaxshilanib, kelajakka umid hissi yanada kuchaymoqda.