Yangi nanokompozision qo'shimchali plenka ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi

    Yaratilgan plenka quyoshdan kelayotgan ul`trabinafsha nurlarni qizil va infraqizil to'lqindagi nurlarga aylantiradi. Qizil nurlarning miqdori oshganligi sababli o'simliklar 1,5-2 barobar tez rivojlanadi.

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan faol nanokompozitsion qoʻshimchali plenka ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi.

    Odatdagi texnologiya boʻyicha plenkalar uch qavatda ishlab chiqarilib, har bir qavatga nanokopozitlar qoʻshiladi. Nanokompozit koʻp qavatli boʻlganda umumiy strukturada qavatlar yuzalarining fazalararo taʼsirlashuvi yuzaga keladi va natijada unda yangi xususiyatlar paydo boʻladi. Xususan, maʼlum toʻlqin uzunligidagi nurlarning generatsiyasi, plenkaning tashqi taʼsirlarga bardoshliligining ortishi, mikro yoriqlarning kamayishi kabi.

    Yaratilgan plenka quyoshdan kelayotgan ultrabinafsha nurlarni qizil va infraqizil toʻlqindagi nurlarga aylantiradi. Infraqizil nurlar tuproqqa 1 metr chuqurlikkacha kirib uni qizdiradi. Tuproqdan qaytgan infraqizil toʻlqindagi energiyani esa plenka tashqariga chiqarmaydi. Qizigʻi shundaki, bu nurlarning energiyasi 17-22 darajaga teng, shuningdek, ultrabinafsha nurlarning bir fotonidan 20-30gacha infraqizil fotonlar hosil boʻladi. Buning hisobiga tashqi harorat -3-7 daraja sovuq boʻlganda ham qoʻshimcha qizdirishsiz ichki harorat +5+7 daraajagacha taʼminlanadi (anʼanaviy plenkalarda 0+2 daraja). Qizil nurlarning miqdori oshganligi sababli oʻsimliklar 1,5-2 barobar tez rivojlanadi.

    Mazkur plenkalar, Toshkent, Fargʻona va Jizzax viloyatlarida issiqxonalarda koʻllanilganda ularga sarflanadigan energiya 60-65 foizga kamaygani, hosildorlik esa 30-50 foizga ortgani kuzatilgan.

    Yangi plenkalarni ishlab chiqarish texnologiyasi “Jizzaxplastmassa” AJda sanoat-tajriba miqyosda joriy etilgan.

    Issiqxonalarda nanofaol qoʻshimchali plenkalar bilan birga quyosh konsentratorlaridan foydalanib, ularni umuman energiya tashuvchilardan foydalanmasdan qizdirish, yuqori shoʻrlangan va suv taqchil (dasht va choʻl) hududlarida hosil olish imkoni mavjud. Sugʻorish masalasini oʻziga suv va nam tortuvchi gidrogellarni qoʻllash bilan hal etish taklif etiladi.