Gap shundaki, aynan shu kuni Prezidentimiz imzolagan qaror asosida Buxoro muhandislik texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti birlashtirilib, Buxoro davlat texnika universiteti rasmiy ravishda tashkil etildi. Bu nafaqat yangi oliy taʼlim muassasasi ochilganidan, balki hududning ilmiy, texnologik va iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida yangi bosqichga koʻtarilganidan dalolat beradi. Chunki, qarorda keltirilganidek, mazkur oʻquv dargohi faoliyati Buxoro viloyati iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, ishlab chiqarish, muhandislik, neft va gaz, transport hamda logistika sohalari uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida yoʻlga qoʻyildi.
Mamlakatimizda ilmga, xususan, muhandislik va texnika yoʻnalishiga eʼtibor keyingi yillarda ancha ortdi. Oʻtgan yil 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz muhandislik va texnika sohasi boʻyicha oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tahlil qilar ekan, mavjud muammolar — infratuzilma yetishmovchiligi, sanoat bilan ilm-fan oʻrtasidagi uzilish, malakali kadrlar tayyorlashda muvofiqlik yoʻqligini tanqid qilib, amaliy yechimlar, qatʼiy topshiriqlar, muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi. Natijada har bir hududda texnika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarini optimallashtirish, birlashtirish va ularni kuchli, markazlashtirilgan ilm-fan maskanlariga aylantirish vazifasi qoʻyildi. Buxoro davlat texnika universiteti ham ana shu tashabbus mahsuli boʻldi.
Oʻquv dargohiimiz “yashil” va inklyuziv universitet modelidir. Bu degani, universitet nafaqat texnik bilimlar beruvchi maskan, balki ekologik barqarorlik, ijtimoiy tenglik, zamonaviy energiya yechimlari, gender tenglik va raqamli transformatsiyani ilgari suruvchi ilgʻor maskan sifatida shakllanmoqda.
Bu yoʻnalishda allaqachon jiddiy qadamlar qoʻyilmoqda. Xususan, IT va muhandislik inklyuziv taʼlim markazi tashkil etildi. Kelgusida bu yerda yoshlar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari bilim olishga jalb qilinadi. Shuningdek, universitetimizda Ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etildi. Bu faqat nazariy taʼlim emas, balki real ishlab chiqarish muhitiga moslashtirilgan, amaliyoti kuchli muhandislar tayyorlash uchun yaratilgan maxsus modeldir.
Ilgʻor muhandislik maktabi tarkibida raqamli tadqiqotlar, ilmiy tadqiqot, neft va gaz ishi hamda neft va gaz kimyosi va texnologiyasi laboratoriyalari ish boshladi. Ular zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlanib, ishlab chiqarish bilan bevosita bogʻlangan loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini beradi. Laboratoriyalar sanoat hamkorimiz — “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan kelishuv boʻyicha jihozlangan boʻlsa, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan oʻquv-seminar xonasi toʻliq taʼmirlanib, amaliy mashgʻulotlar uchun sharoit yaratildi.
Bugungi kunda universitetimizda 18 mingdan ortiq talaba, 500 nafarga yaqin magistr, doktorant va qoʻshma taʼlim talabasi tahsil olmoqda. Ilmiy salohiyat esa 54 foizni tashkil etib, 2025-yil oxiriga qadar 60 foizga, keyingi yillarda esa 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 2025-yilning oʻzida 6 ta fan doktori va 47 ta falsafa doktori dissertatsiyalarini himoya qildi.
Buxoro davlat texnika universiteti “Times Higher Education”da kuchli mingtalikka kirishga daʼvogar boʻlmoqda, “QS Asia” reytinglaridan oʻrin egallay boshladi. “Yashil universitetlar” reytingida 858-oʻrin, Osiyo reytingida esa 900-oʻringa chiqdi.
Shuningdek, “Web of Science” va “Scopus” bazalarida 457 ta ilmiy maqola chop etilgan boʻlib, ularning 334 tasi indeksatsiyalangan. 14 nafar professor-oʻqituvchimizning H-indeks koʻrsatkichi 5 va undan yuqori.
Universitetimizda ayni paytda 35 ta patent, 98 ta innovatsion loyiha, 12 ta amaliy loyiha hamda 1 ta fundamental ilmiy loyiha boʻyicha ishlanmoqda. 8,5 milliard soʻmlik startap va texnologik loyihalar sanoatga yoʻnaltirilgan. Ularning 137 tasi tijoratlashtirilib, 10,5 milliard soʻm jalb qilindi.
Yosh olimlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan mikrogidroelektr stansiyalar Buxoro va Gʻijduvon tumanlarida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi. Bu orqali yiliga 7 ming megavatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Belarusda boʻlib oʻtgan “Yashil Yevroosiyo” tanlovida universitetimiz olimlari 250 ming dollarlik grantni qoʻlga kiritganini alohida faxr bilan aytish mumkin.
Joriy yilda oliy dargohimizni 3 343 talaba bitirdi va 94,5 foizi oʻz sohasi boʻyicha ish bilan taʼminlangan. Bu faqat diplom emas, balki haqiqiy karyera imkoniyati berayotgan taʼlim tizimining isboti.
“Karyera kunlari”, hokimliklar bilan ochiq suhbatlar, sanoat korxonalarida amaliyotlar va individual yondashuvlar orqali talabalar ishlab chiqarish obyektlariga jalb qilinmoqda. Shuningdek, 207 professor-oʻqituvchimiz xorijiy va mahalliy tashkilotlarda ilmiy stajirovkalarga yuborildi.
Texnika taraqqiyoti har doim jamiyat taraqqiyotining asosi boʻlib kelgan. Buxoro davlat texnika universiteti esa texnologik rivojlanishning tayanch nuqtasiga aylanmoqda. Hozirgi bosqichda universitet tomonidan quyidagi yoʻnalishlarda katta oʻzgarishlar qilinmoqda:
- xalqaro grantlar va investitsiyalar jalb qilish (2025-yilda 5,6 million dollardan ortiq);
- dual taʼlim tizimini rivojlantirish;
- sanoat korxonalari bilan oʻzaro integratsiya;
- zamonaviy oʻquv metodologiyalarini kiritish;
- innovatsion startaplar uchun maxsus platformalar yaratish.
Xulosa qiladigan boʻlsak, Buxoro — kelajak texnikasining markaziga aylanmoqda. Har bir laboratoriya, har bir ilmiy loyiha, har bir bitiruvchi —Oʻzbekiston kelajagiga qoʻshilayotgan real hissa.
Prezidentimiz aytganidek, oliy taʼlimda transformatsiya — bu faqat tuzilma oʻzgarishi emas, balki tafakkur, metodologiya, maqsad va natijalar oʻzgarishidir. Universitetiimiz aynan shunday transformatsiya sari ildam qadam tashlamoqda. Bugun Buxorodan yongan ilm-fan mashʼali ertaga butun mamlakatni texnologik yuksalish sari boshlaydi. Zero, har bir jamiyatning kelajagi yoshlarning bilimida, kuchida va salohiyatidadir.
Sadoqat SIDDIQOVA,
pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori









