Qoʻshiqlarning gul toji Vatan haqidagi qoʻshiq va bu xonish uning har bir soʻzi va avji insonning oʻziga ohangrabodek tortaveradi. Chunki bu xonish inson, uning qalb fazilatlari, vatanga boʻlgan muhabbati tuygʻulari bilan uygʻunlashgan va marjondek terilgan. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining qaysi bir shodasiga murojaat qilmang barchasida shunday tuygʻu mujassamdir.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorida nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, badiiy havaskorlik folklor jamoalari, xalq teatrlari, ashula va raqs ansambllari faoliyatini yana-da rivojlantirish orqali qadriyatlarimizni tarannum etish hamda hududlar aro madaniyatni yana-da mustahkamlash masalalari dolzarb masala sifatida koʻrsatilgan.

Shu boisdan ushbu milliy qadriyatlarimizning noyob durdonalarini yoshlarimizga, xalqimizga benazir anʼanalarni tarannum etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamkorlikda badiiy havaskorlik jamoalarining Yangi Oʻzbekiston – dillarda doston nomli Respublika festivalini oʻtkazilmoqda.

– Ushbu festival orqali xalqimiz orasida milliy qadriyatlarni asrash, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, anʼanaviy badiiy sanʼatni ommalashtirish va zamonaviy hayot tarziga singdirish kabi vazifalarni maqsad qilganmiz, – deydi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy metodik markazi direktori Azamat Haydarov. – Shuning barobarida madaniyat va sanʼat muassasalarida faoliyat yuritayotgan badiiy havaskorlik jamoalari faoliyatini rivojlantirish, eng yaxshi folklor jamoalari, xalq teatrlari, ashula va raqs ansambllari hamda xalq ijodiyotining boshqa janrlarini keng targʻib qilish orqali goʻzallik, vatanparvarlik, yurtga sadoqat va boshqa chin insoniy qadriyatlarni tarannum etish hamda hududlararo madaniy hamkorlikni yana-da mustahkamlashdan iboratdir.

Madaniyat va sanʼat muassasalarida ijod qilayotgan isteʼdod sohiblari bilan birgalikda sanʼat maktablarida, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan talabalar oʻzlari sevgan sanʼatning janrlari bilan ishtirok etadilar va shu orqali iqtidorli yosh talantlarni tanlab olib, kelgusida taʼlim muassasalarida toʻgʻri yoʻllanmalar berish, qoʻllab-quvvatlashdir.

Telefestival ishtirokchilari quyidagi nominatsiyalar boʻyicha bellashadilar:

Jumladan, milliy cholgʻuchilar ansambli ijrosida kuy maqom ijrochiligi, raqs ijrochiligi, folklor sanʼati, baxshichilik, xalq teatrlari chiqishlari, hamda boshlovchilik yoʻnalishlari.

Telefestivalda gʻolib deb topilgan ishtirokchilar pul mukofotlari va maxsus diplom bilan mukofotlanadilar.

Darhaqiqat xalq ijodiyotini misoli bir xazina deyish mumkin. Aytimlar, oʻlanlar va yor-yorlarda millat shaʼnini ulugʻlovchi ohanglar sehri mujassam. Vatan ostonadan boshlanadi, ostona esa yashab turgan uyimiz, mahalla va qishlogʻimizdir. Uning tarixini teran anglash, uni muqaddas sajdagohday ulugʻlay olish, qadriga yetish har qanday insonni koʻngil toʻridan joy olmogʻi lozimdir.

Nilufar KARIMOVA,

Respublika madaniyatmuassasalari faoliyatini

tashkil etish ilmiy-metodik markazi boʻlim boshligʻi