Bunga qo`shimcha tarzda aytishimiz mumkinki, Konstitutsiya shu mamlakatda yashovchi xalqning oliy maqsadlari, qadriyatlari, qarashlarini ham mujassam etadi.
O`zbekistonda konstitutsiyani o`rganishga alohida muhim masala sifatida qaraladi. Fuqarolarning konstitutsiya normalaridan to`liq xabardor bo`lishlari uchun yangidan yangi loyihalar muntazam amalga oshiriladi. Asosiy ilmlarni olish maktabdan boshlangani kabi konstitutsiya savodxonligi ham shu maskanda shakllantiriladi. Haqiqatda maktab – bilim va ko`nikmalarning asosiy manbayi. Hozirgi davrida yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha ta’lim muassasalari xodimlarining vazifasi yosh avlodga faqatgina bilim bermasdan, innavatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalashdan iboratdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ozbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligiga bag`ishlangan bayram tabrigida ““Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilmoqda. Ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Bularning barchasi yurtimizda Uchinchi Renessans – milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qiladi”, – deya ta’kidladi.
Ushbu so`zlar rahbar sifatida menga ham mas’uliyat yukladi. Faoliyatim davomida xodimlarning teng huquqliligi, o`quvchilarga mukammal ta’lim berishi, korrupsiyaga yo`l qo`yilmasligini hamda mamlakatimizda chiqarilayotgan ta’limga oid har bir qonun ijrosini maktab doirasida ta’minlanishini nazorat qilaman. 2020-yilning asosiy qismi karantin davriga to`g`ri kelgan bo`lsa-da o`quvchilarimiz va ularning ota-onalari bilan doimiy aloqada bo`ldik. Shu bois ham maktabimizning 11-sinfini tamomlagan o`quvchilar Respublikamizning bir qator nufuzli OTMlarining talabasiga aylandi. Bundan tashqari, Tarix va huquq fani o`qituvchisi Kadirova Nigora Shaydullayevnaning ilmiy maqolasi Germaniyaning Berlin shahrida o`tkazilgan Konferensiyada chop etildi, maktabimiz o`quvchilari Anorbekov Asilbek matematika fanidan, Raimjonov Shoxruh kimyo fanidan onlayn o`tkazilgan Xalqaro Olimpiadada qatnashib II darajali Diplom sohibi bo`lishdi. Shuningdek, 8-sinf o‘quvchisi Abduhoshimov Mirjalol, Qo‘ldoshev Asilbek hamda Raimjonov Shoxruh Kimyo fanidan I chorak onlayn olimpiadasida faol ishtirok etganligi uchun sertifikat bilan taqdirlandi. Agar har bir soha xodimi chin dildan mehnat qilsa, bu kabi yutuqlar safi, albatta, kengayadi.
Hayot – juda shirin ne’mat. Inson uzoq yillar yashagisi keladi. Ayniqsa, bemor chog`ida o`qish yoki ishga shoshib, tunni tongga ulab yurgan kezlarini sog`inadi. Aslida bu totli hayot turli tashvish-u sinovlari bilan qiziq. Yaqinlar davrasidagi sho`x-shodon hangomalar, ilm olish yo`lidagi tinimsiz izlanishlar, kitob mutolaasi, yor-u birodarlarning yaxshi-yu yomon kunida sherik bo`lish – bular biz yashab turgan dunyoning mazmunidir. Baxtli umr kechirish esa insonning o`zigagina emas atrofdagilarga, u yashab turgan jamiyatga ham bog`liq. Agar mamlakatda adolat bo`lmasa, fidoiylik ham yo`qoladi. Adolatni kim o`rnatadi? Uni har birimiz qaror toptirishimiz mumkin. Bunda, albatta, huquqiy ong va savodxonlik, shuningdek, qonunlardan xabardorlik yuqori darajada bo`lmog`i lozim. Bosh qomusimiz – konstitutsiyani mukammal bilish esa boshlayotgan har bir yangi rejalarimizga asos bo`ladi. Barcha yurtdoshlarimni O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yillik bayrami bilan qutlayman!
Toshkent viloyati Angren shahar
35-umumiy o`rta ta`lim maktabi
direktori X.B.Baltabayeva