Oʻzbekiston Respublikasi oʻz milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, oʻzaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib boradi. Respublikaning zamonaviy tashqi siyosiy kursi dunyoda va mintaqada shiddat bilan oʻzgarayotgan vaziyat, hamda mamlakatning ichidagi keng koʻlamli oʻzgarishlarga asoslanib shakllanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining bosh maqsadi – davlat mustaqilligi va suverenitetini, xalqaro maydondagi oʻrni va rolini mustahkamlash, yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirish, respublikaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol tarzda ilgari surish.
Respublika harbiy-siyosiy bloklarga qoʻshilmaslik kursiga sodiq boʻlib, oʻz hududida xorijiy harbiy bazalar va obyektlarni joylashtirishga, shuningdek, mamlakat harbiy xizmatchilarining chet eldagi tinchlikparvarlik amaliyotlarida yoki harbiy mojarolarda ishtirok etishiga yoʻl qoʻymaydi. Oʻzbekiston barcha qarama-qarshiliklar va nizolarni faqat tinch siyosiy yoʻllar bilan hal qilish tarafdori.
Oʻzbekiston davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish, inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish va xalqaro huquqning boshqa umumeʼtirof etilgan tamoyillari va normalari; xavfsizlikning boʻlinmasligi, ochiqlik va pragmatizm, qoʻshni mamlakatlar bilan har tomonlama yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi asosiy tamoyillarga tayangan holda tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yoʻlida barcha sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.
Tashqi siyosiy faoliyatning asosiy va birinchi darajali vazifalaridan biri bu 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini samarali amalga oshirishdir.
Tashqi siyosatda yurtimiz betaraf (neytral) pozitsiyada harakat qilmoqda, yaʼni biz muayyan davlatlar bilangina aloqalarni olib bormaymiz. Oʻzbekiston Respublikasi dunyoning barcha yetakchi davlatlari bilan doʻstona va konstruktiv hamkorlik munosabatlarini yoʻlga qoʻymoqda. Bugun davlatimiz AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Yevropa ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi rivojlangan davlatlar bilan chuqur oʻylangan va amaliy tashqi siyosat olib bormoqda. Buni biz savdo aylanmalaring oshishida va siyosiy muloqotlarning rivojlanishida koʻrishimiz mumkin. Bunday tashqi siyosat esa, mening nazarimda ham eng toʻgʻri yoʻldir.
Markaziy Osiyo – Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosatdagi eng ustuvor yoʻnalishidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev prezident etib tayinlanganidan soʻng jahon hamjamiyati oʻz eʼtiborini yurtimizga qaratdi. Shubhasizki, koʻplab xorijiy ekspertlar yangi prezident oʻzining birinchi davlat tashrifini biror bir dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biriga amalga oshiradi deb taxmin qilishdi. Boisi, birinchi xorijiy tashrif qaysidir maʼnoda davlatning xalqaro munosabatlar maydonidagi rolini belgilab beradi. Lekin Prezidentimiz saylovdan soʻng birinchi davlat tashrifini 2017-yil mart oyida qoʻshni va qardosh boʻlgan Turkmaniston Respublikasiga amalga oshirdi, aytish mumkinki, bu tashrif biz uchun ham kutilmagan boʻldi. Shundan soʻng Prezidentimiz boshqa qoʻshni mamlakatlarga ham birin-ketin davlat tashriflarini amalga oshirdi. Bundan xulosa qilish mumkinki, bizning xalqaro munosabatlarda eng ustuvor yoʻnalishimiz bu – Markaziy Osiyodir. Buni davlatimiz rahbari oʻzing saylovdan soʻng aytgan ilk chiqishlarida va hatto, Birlashgan Millatlar Tashkiloti 72-sessiyada alohida taʼkidlab ham oʻtdi.
Sir emaski, bungacha mintaqamizda siyosiy vaziyat anchagina noziklashib qolgandi. Suv masalasi deymizmi, chegara masalasimi, xullas yigʻilib qolgan muammolar juda koʻp va murakkab edi. Albatta, bunday muammolarni hal qilishning oʻzi juda katta siyosiy iroda va kuch talab qilar edi. Bu masalada tizginni davlatimiz rahbarining oʻzi qoʻlga oldi. Prezidentimiz Markaziy Osiyoni birlashtirishga qaratilgan qoʻshni va qardosh respublikalar bilan maslahat uchrashuvini tashkil etishni ilgari surdi va bu bir ovozdan maʼqullanib birinchi uchrashuv Ostona shahrida boʻlib oʻtdi. Bu platforma orqali biz mintaqamiz muammolarini faqat oʻzimiz hal qilishimiz uchun qaratilgan katta qadam boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻtgan davr bilan solishtiradigan boʻlsak, mintaqamizda vaziyat ancha ijobiy tomonga oʻzgardi. Bunda albatta Prezidentimizning siyosiy irodasi ham katta ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun biz Markaziy Osiyo deganda, albatta Afgʻoniston masalasini ham inobatga olishimiz kerak. Birodar va jafokash afgʻon xalqining zaminida ham tinchlik va osoyishtalik hukm surishi, shubhasiz mintaqa istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki, Afgʻoniston Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlab turuvchi oʻziga xos koʻprikdir. Afgʻonistonda tinchlik hukm surishi, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining iqtisodiy rivojiga ulkan hissa qoʻshadi. Bunda biz Afgʻoniston orqali oʻz mahsulotlarimizni Janubiy Osiyoga va u orqali Hind okeanigacha chiqarishimiz mumkin. Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish masalasida ham Davlatimiz juda katta ishlarni amalga oshirmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yil mart oyida Toshkentda Afgʻoniston muammosini hal etish boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi katta konferensiya boʻlib oʻtdi. Yana bir yorqin misol, qanchalik qiyin boʻlmasin, shtab-kvartirasi Qatarda boʻlgan Tolibon harakati bilan olib borilayotgan koʻp raundli muloqotlar. Albatta, bugun biz afgʻon muammosini yechish uchun Tolibon harakatining ham manfaatlarini hisobga olishimiz lozim. Chunki, bu siz u yerda tinchlikka erishish mutlaqo imkonsizdir. Joriy yil 15-avgustda Tolibon harakati Afgʻoniston ustidan oʻz nazoratini oʻrnatganini va Afgʻoniston Islom Amirligi tuzilganini eʼlon qildi. Bu endi oʻylashimcha Markaziy Osiyo siyosati uchun yangi davrni boshlab beradi. Har ne boʻlganda ham, biz birodar Afgʻon xalqiga yaxshilik tilaymiz va umid qilamizki, mintaqamizda siyosiy vaziyat yomon tomonga oʻzgarmaydi.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishi bir vaqtning oʻzida ham ichki, ham tashqi omillarga bogʻliq. Bunga asosiy sabab Markaziy Osiyoning geostrategik joylashuvi (Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi koʻprik), tabiiy resurslarga boyligi (gaz, uran, oltin), rivojlanib kelayotgan isteʼmol bozori (aholi soni 74 million), hamda xavfsizlik nuqtayi nazaridan Afgʻoniston bilan chegaradoshligi.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo doimiy ravishda yetakchi davlatlarning eʼtibor markazida boʻlib kelgan. Tabiiy ravishda mintaqada ularning manfaatlari toʻqnash kelgan va kesishgan nuqtalar mavjud.
Albatta, yetakchi davlatlarning Markaziy Osiyoda geosiyosiy qarama-qarshiliklari kuchayishi mintaqaning barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu tufayli Oʻzbekiston Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganining ilk kunlaridan boshlab, Markaziy Osiyoni oʻzaro manfaatli hamkorlik va rivojlangan mintaqaga aylantirish yoʻlida faol tashqi siyosat olib bormoqda. Oʻzbekistonning bunday mintaqaviy siyosati yetakchi davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanyapti.
Xususan, Rossiya, Xitoy, AQSH, Hindiston va Yevropa Ittifoqi kabi strategik hamkor davlatlar mintaqaviy jarayonlarni inobatga olgan holda, oʻz tashqi siyosatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kirityapti.
Misol tariqasida, tashqi ishlar vazirlari darajasidagi muntazam uchrashuvlar, yaʼni “Rossiya — Markaziy Osiyo”, “Xitoy –Markaziy Osiyo”, “Hindiston – Markaziy Osiyo”, shuningdek, AQSHning Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus strategiyasi va Yevropa Ittifoqining Yangi Markaziy Osiyo strategiyasi qabul qilinishi buning yorqin dalilidir.
Maʼlumki, joriy yilning 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi tarixan yaqin va doʻstona aloqalarni, ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni ikki mintaqa xalqlari va mamlakatlari manfaatlari yoʻlida mustahkamlashga xizmat qiladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro konferensiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, boshqa xorijiy davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institut va kompaniyalar, yetakchi ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlarning rahbarlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tomonidan kun tartibidagi mintaqaviy bogʻliqlikni yana-da mustahkamlash doirasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bitta yalpi majlis, uchta sessiyada yigʻilish va yakuniy qism tarkibida koʻrib chiqildi.
Umuman olganda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saʼy-harakatlari bilan ikki mintaqa davlatlari rahbarlari oʻrtasida siyosiy muloqot mustahkamlandi. Natijada mintaqadagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlik darajasi yangi bosqichga koʻtarildi. Bu tashabbus esa bu borada boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi bilan yana-da ahamiyatlidir.
Xususan, pragmatik tashqi siyosat va doʻstona muhitning yaratilishi orqali birgina Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Oʻzbekistonning savdo aylanmasi sezilarli ravishda yillik oʻrtacha 50 foizdan koʻproqqa oʻsib, 2020-yil natijalariga koʻra esa, global pandemiya sharoitiga qaramay Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasining umumiy hajmi 5 milliard dollarni tashkil etdi.
Yurtimizning xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatidagi oʻrni va rolini oshirish, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, davlatimizning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirish borasidagi tashabbuslari nafaqat Oʻzbekistonning savdo va iqtisodiy salohiyati oshishiga balki butun bir mintaqa davlatlari rivojlanishiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan bunday hayotbaxsh gʻoya va tashabbuslar xalqaro konferensiyada ishtirok etgan siyosatchilar tomonidan ham eʼtirof etildi. Xususan ishtirokchilar ushbu tadbir Markaziy Osiyo mintaqasining Janubiy Osiyo bilan oʻzaro bogʻliqligi asosida yangi va zamonaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻzida mujassam etganligini, hududlarda avtomobil va temir yoʻllar, energetika loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari yuqori ekanligini qayt etishdi. Bu jarayonlarda Oʻzbekiston markaziy oʻringa ega ekanligi alohida eʼtirof etildi.
Jumladan, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Teri Hakala ham Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston Prezidentining Toshkentda yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasini tashkil etish tashabbusini yuksak qadrlashini, anjuman ayni vaqtida tashkil etilganini, chunki xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik va oʻzaro bogʻliqlik, Afgʻonistondagi va umuman mintaqadagi mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda toʻplanib qolgan masalalar barcha uchun muhimligini, bunda esa mintaqaviy muloqot har doim muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur konferensiya savdo, investitsiyalar, transport, energetika va innovatsiyalar, “yashil” texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, kooperatsiya boʻyicha aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish, turizm, taʼlim, sogʻliqni saqlash, fan va madaniyat sohalarida sheriklikni kengaytirish, ikki mintaqa barqarorligi va xavfsizligini taʼminlash yuzasidan batafsil fikr almashish va birgalikda takliflar ishlab chiqish imkonini beradi.
Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi esa yaqin kelajakda ikki mintaqa davlatlarining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanib, aholi turmush darajasi oshishiga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda osoyishtalik hamda barqaror taraqqiyotga erishish yoʻlida amalga oshirilayotgan faol tashqi siyosat, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston bugun yaqin qoʻshnichilik, doʻstlik tamoyillariga tayangan holda faol va pragmatik siyosat olib boryapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi tufayli mintaqa mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalari jadal surʼatlarda rivojlanib boryapti. Shuningdek, energetika, suv va ekologiya masalalarida oʻzaro manfaatli munosabatlar rivojlanyapti. Tarixan qisqa vaqt mobaynida Markaziy Osiyoda prinsipial jihatdan mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratildi.
Buning aniq natijasi sifatida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlari tashkil etilgani aytish mumkin. Mazkur uchrashuv doimiy muloqot maydoniga asos soldi, mintaqada xavfsizlik, barqaror rivojlanishni taʼminlashga xizmat qilib kelyapti. Joriy yil 6-avgustda Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik hududida tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvining navbatdagi yigʻilishi doirasida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti va mintaqa Iqtisodiy forumi, milliy mahsulotlar koʻrgazmasi, milliy taomlar festivali hamda sanʼat ustalarining tantanali konserti Markaziy Osiyo davlat rahbarlari sammitining yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.
Siyosiy aloqalarning faollashuvi iqtisodiy munosabatlar rivojlanishiga ham turtki boʻldi. Qoʻshni mamlakatlar bilan savdo-sotiq rivojlanishi mintaqaning investitsion jozibadorligi oshishiga zamin yaratmoqda. 2020-yil yakuniga koʻra, mintaqaga kiritilgan jami xorijiy sarmoyalar qiymati 37 milliard dollarni tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 40 foizga oshdi. Bu raqamlar qisqa muddatda qanchalik oʻsishga erishilganini yaqqol ifoda etadi.
— Turizm iqtisodiyotning rivojlanishida muhim drayver hisoblanadi. Xususan, BMT Xalqaro turizm tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, bugun butun dunyoda har 10 ishchi oʻrinning bittasi turizm sohasida tashkil etiladi, xizmat koʻrsatish eksportining 30 foizi turizm sohasiga toʻgʻri keladi. Lekin bu soha Markaziy Osiyoda boshqa davlatlardagiga nisbatan kam rivojlangan.
Boston xalqaro konsalting kompaniyasi maʼlumotiga koʻra, turizm sohasining ulushi mintaqa davlatlarida YAIMning 1-3 foizini tashkil etadi. Vaholanki bu koʻrsatkich rivojlangan davlatlarda 10 foizga yetadi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Misol uchun, Oʻzbekistonning faol mintaqaviy tashqi siyosati evaziga Markaziy Osiyoda shakllangan ijobiy muhit natijasida soʻnggi besh yilda turistlar soni keskin oshdi. 2016-2020-yillarda Markaziy Osiyoga sayohatchilar soni deyarli ikki baravar koʻpaydi — 9,5 milliondan 18,4 million kishiga.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Markaziy Osiyo davlatlari turizm sohasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratishmoqda. Xususan prezidentimiz taklif etgan “Ipak yoʻli” viza rejimi transmilliy sayyohlik mahsuloti yoʻlidagi toʻsiqlarni (qoʻshni davlatlar chegaralarini kesib oʻtishda viza, bojxona va chegara toʻsiqlari) yengishga imkon beradi. Amalda, viza olgan chet ellik sayyoh, masalan, Oʻzbekistonda, Qozogʻistonga yangi viza olishiga hojat qolmaydi — u avtomatik ravishda bitta safar davomida boshqa mamlakatga tashrif buyurish uchun noyob imkoniyatga ega boʻladi.
Oʻz oʻrnida, 2018-yil avgust oyida Ozarbayjon, Tojikiston, Turkiya va Qirgʻiziston viza toʻsiqlarini oʻzaro olib tashlashga qiziqish bildirgani maʼlum boʻldi.
2018-yil noyabrida Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida “Ipak yoʻli” davlatlari tomonidan viza rejimlarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Hozirda tartibga soluvchi va texnik xarakterdagi masalalarni hal qilish, shu jumladan axborot tizimlarini birlashtirish, shuningdek, loyihani birgalikda moliyalashtirish, yagona konsullik yigʻimini aniqlash va loyihani toʻliq amalga oshirish uchun hukumatlararo bitim tuzish yakunlanmoqda. Rejaga koʻra, tasdiqlash boʻyicha ishlar shu yil yakunlanadi va ilk loyiha 2022-yilda ishga tushiriladi.
Oʻzbekiston mintaqa mamlakatlari, xususan, Tojikiston va Qirgʻiziston bilan eng nozik masalalar yechimida, ayniqsa, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish borasida pragmatik yondashib, tarixiy kelishuvlarga erishmoqda.
Qoʻshni mamlakatlar chegaradosh hududlari darajasida aloqalar kengayib borayotgani, xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan faol foydalanilayotgani ham mintaqa davlatlari munosabatlarini mazmunan boyitmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan maxsus komissiya tuzildi. Hozirgi kunda suv xoʻjaligi boʻyicha mavjud boʻlgan transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishga aloqador barcha muammolar oʻzaro manfaatli qarorlar asosida yechimini topmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston prezidenti vazifasini bajarishga kirishgan ilk kunlardan mintaqaviy hamkorlikka alohida urgʻu bergan. Xususan, 2016-yil 8-sentyabrda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi qoʻshma majlisida Markaziy Osiyo Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanganini alohida aytgan. Buning natijasi oʻlaroq, qoʻshni va qardosh boʻlgan davlatlar bilan juda koʻplab xalqaro tashkilotlar doirasida, jumladan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, BMT, MDH,Turkiy Tilli Davlatlar Kengashi kabi tashkilotlarda puxta oʻylangan va konstruktiv aloqalar yildan yilga rivojlanib bormoqda.
Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan pragmatik tashqi siyosat natijasida bugun Markaziy Osiyoda siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda fundamental oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Hech shubhasiz bu prezidentimizning Markaziy Osiyoda davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha mutlaqo yangi boʻlgan “muammodan qochish emas uning yechimini topish”, “har qanday muammo yuzasidan muloqot qilish”, “xavfsizlikning boʻlinmasligi, uni samarali taʼminlashning asosi hamkorlik ekanligi” kabi yondashuvlarining natijasi hisoblanadi. Bu toʻgʻrisida Markaziy Osiyo masalalari bilan shugʻullanadigan dunyoning yetakchi ekspertlari va davlat arboblari juda koʻp ijobiy fikr bildirishgan.
Shu oʻrinda, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning prezidentimizning ushbu mamlakatga tashrifi chogʻida aytgan fikrlarini yodga olish joiz. U zamonaviy Oʻzbekiston va Tojikistonning har tomonlama strategik munosabatlariga taʼrif berar ekan, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni 20 yillik “muzlarning” erituvchisi va strategik munosabatlarimizning “tashabbuskori va arxitektori” deb atagan.
Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, Shavkat Mirziyoyev nafaqat oʻzbek-tojik munosabatlarining, balki Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining zamonaviy munosabatlarining “tashabbuskori va arxitektori” hisoblanadi.
Oybek Oʻktamjonov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 3 bosqich talabasi.









