баннер
17 Mar 2025
03:36

    Yangi O‘zbekiston ayoli qanday bo‘lishi kerak?

    Poytaxtda o‘tgan xalqaro tadbirning bosh g‘oyasi ayni mavzu bo‘ldi

    Poytaxtimizda 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Milliy media birlashmasi huzuridagi Ayollar media klubi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston ayoli” mavzusidagi I xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Aytish joizki, qisqa vaqt ichida “Ayollar media klubi” o‘ziga xos ijobiy natijalarga erishdi. Xususan, 8 ta xalqaro seminar va treninglar tashkil etilib, 150 nafar jurnalist gender tengligi mavzusida bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. 50 nafar jurnalist siyosiy tok-shoularni professional tayyorlash hamda gender masalalarini yoritish bo‘yicha maxsus ta’lim oldi.

    BMT Ayollar dasturining O‘zbekistondagi menejeri Seren Guven Gures, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi doimiy vakili Doktor Nigina Abaszade, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi va boshqa nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirok etgan plenar yig‘ilishda zamonaviy o‘zbek ayolining jamiyatdagi o‘rni, uning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro tajriba va gender tenglik masalalariga bag‘ishlangan muhokamalar o‘tkazildi.

    Xalqaro tadbirni O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova tabrik so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalarni mustahkamlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, jumladan quyidagilarga alohida to‘xtaldi.

    — Bugun ayollarimiz o‘z haq-huquqlarini tushungan, ilm-ma’rifatga, kasb-hunar o‘rganishga, yuqori daromad topishga intilib, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topyapti. Shuningdek ular umuminsoniy milliy qadriyatlarni mujassam qilgan farzand tarbiyasidagi mas’uliyati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda faol ishtirok etyapti. Buning uchun mahallalarimiz, tumanlar, shaharlar, chekka qishloqlarda ham ayol, uning farzandlariga xavfsiz yashash, ekologik xavfsizlik, doimiy daromad topish imkoni yaratib berilyapti. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 200 mingdan ziyod ayol oilasiga 5 trilliondan ortiq mablag‘lar manzilli yetkazildi. Bugun o‘sha oilalar daromadga kirgani quvonarli. 1 mln.dan ortiq ayolni kambag‘allikdan chiqarishga erishganimiz ham xotin-qizlarga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasidir.

    Haqiqatdan bugun ayollarimizning yuqori daromadga erishishi uchun xoh uyda, xoh jamiyatda bo‘lsin zarur sharoitlarni yaratishga tizimli kirishildi. Davlat xizmatidagi ayollarning samarali faoliyat yuritishi uchun maktabgacha qamrov darajasini oshirishga ham jiddiy yondashilyapti. Zero, bu orqali ularning kichik yoshdagi farzandlaridan ko‘ngli to‘qligi, oilasidan xotirjamligi ta’minlanyapti.

    Ayolning oiladagi o‘rni haqida gap ketar ekan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili Diyora Keldiyorova ayol avvalo o‘zini hurmat qilishi, o‘ziga o‘zi ishonch bildirishi, shundagina uni atrofidagilar, butun jamiyat e’zozlashi haqida gapirdi.

    — Bugun Prezidentimiz ham davlat siyosati darajasida ayollarning obro‘sini oshirishga jiddiy e’tibor qaratyapti. Qizlarimizga faqat kimningdir uyiga borib xizmat qilishi, kimlarningdir ko‘nglini olishi haqidagi qarashlarni emas, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun nimalar qilishi kerakligini ham singdirib borishimiz kerak. Kuchli iqtidor, salohiyatga ega xotin-qizlarimiz o‘zbek ayollarining nimalarga qodirligini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ysin, — dedi olimpiada chempioni.

    Haqrost, XXI asr ayoli innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va jahonshumul o‘zgarishlar davrida faqat farzand dunyoga keltirish, uni tarbiyalash emas, butun bir jamiyatga xizmat qilishdek buyuk vazifalarni qalbiga joylashi zarur.

    Shu ma’noda Ayollar media klubi raisi Mavluda Asqarxo‘jayeva birinchi xalqaro konferensiyaga ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sohada faoliyat olib borayotgan faol ayollarni taklif etishdan maqsad — ularni xalqaro maydonda ham tanitish ekanini alohida ta’kidladi. O‘z o‘rnida xorijlik ishtirokchilar o‘z chiqishlarida jamiyatda faol bo‘lgan o‘zbek ayollarining bu boradagi salohiyatini yuqori baholadi.

    Konferensiya doirasida media sohasi bo‘yicha intellektual musobaqa – Media Quiz tashkil etilib, unda ishtirokchilar bilimlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. G‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazilib, eng yaxshi natijalarni qayd etgan ishtirokchilarga mukofotlar topshirildi.

    Munojat MO‘MINOVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech