«Butun dunyo nurga, goʻzallikka toʻlgan shu dilbar faslda jonajon diyorimizga sharqona yangi yil – Navroʻzi olam kirib kelmoqda.

Bugun bamisoli ikki azim daryo tutashmoqda – Navroʻz bayramini muborak Ramazon hayiti bilan birga nishonlamoqdamiz.

Tabiatning uygʻonishi va ruhiy poklanish ramzi boʻlgan mana shunday qutlugʻ ayyomlar bilan sizlarni, koʻp millatli butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida ishlayotgan, tahsil olayotgan vatandoshlarimizni ham muborakbod etib, ularga ezgu salom va tilaklarimizni izhor etaman.

Bayram barchamizga muborak boʻlsin!

Navroʻzi olam diyorimizga tinchlik va baxt olib kelsin!», – dedi davlatimiz rahbari.

“Bugun bahorni sog‘ingan yuraklarimiz yangi kun, yangi hayot shukuhi bilan yashamoqda. 

Osmondan obirahmat yog‘ilib, daryo va ko‘llarimiz suvga to‘lmoqda. Bog‘larimiz, qir va adirlarimiz o‘t-o‘lanlar bilan qoplanib, yilimiz barakali bo‘lishidan darak bermoqda. 

Shahar va qishloqlarimiz, vodiy va vohalarimizda sayil-tomoshalar boshlanmoqda. 

Yangilanish fasli bo‘lgan Navro‘z kunlarida xalqimizning umummilliy birdamligi, bunyodkorlik salohiyati yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda”,  – dedi Prezidentimiz. 

Navro‘z qadriyatlariga sodiq bo‘lib, millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizni, butun el-yurtimizni rozi qilish yo‘lidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yilgi bayramni “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir”, degan da’vatkor g‘oya asosida o‘tkazilayotgani ham buning yana bir tasdig‘idir.