Yangi O‘zbekiston bolalari har kuni e’zozda

    Fikr 30 May 2025 705

    Har yili 1-iyun “Bolalarni himoya qilish” xalqaro kuni sifatida dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi. Bu kun qaysidir ma’noda bolalarimizga e’tibor qaratish, ularning huquq va manfaatlarini esga olish uchun muhim imkoniyat deyish mumkin.

    Biroq, haqiqat shundaki, bolalar faqat bayram kunlarida emas, har kuni himoyaga, hurmatga va mehrga muhtojdir. Ularning xavfsizligi, ta’lim olish huquqi va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalari doimiy va ustuvor vazifa bo‘lishi lozim.

    O‘zbekiston so‘nggi yillarda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida muhim qadamlar qo‘ymoqda. Konstitutsiyaviy islohotlar va yangi qonunlar bolalarning huquqiy maqomini yanada mustahkamladi, zo‘ravonlikka qarshi kurash va ularni himoya qilish tizimini yaxshiladi. Jumladan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko‘ra, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati sifatida belgilandi.

    Avvalroq esa Prezidentimizning 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etilgan edi. Ushbu qaror mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilishning tashkiliy va institutsional asoslarini yaratish bilan birga BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishini nazorat qilishning ajralmas qismi bo‘lib xizmat qildi.

    Bundan tashqari, Prezidentning 2020-yil 29-maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori vakilning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlarini aniq belgilab berdi. Hozirgi kunda vakil mamlakatimizda bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularning manfaatlarini ta’minlash, zo‘ravonlik va kamsitilishdan himoyalashda, shuningdek, bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini va talablarining ijrosini o‘rganishda davlatning muhim instituti bo’lib xizmat qilmoqda.

    Yaqinda kuchga kirgan yana bir muhim huquqiy hujjat – “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni bo‘ldi. Bu qonun O‘zbekiston tarixida ilk bor bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka muayyan, qat’iy va kompleks yondashuvni belgilab berdi. Hujjatga ko‘ra, qonunda bolaga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi va jismoniy, jinsiy hamda ruhiy zo‘ravonlikdan tashqari uning yangi shakllari - g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar ham e’tirof etildi. Ya’ni muqaddam bolaga nisbatan jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlik taqiqlangan bo‘lsa, endilikda har qanday shakldagi zo‘ravonlik, shu jumladan, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya hamda bulling qat’iyan man etildi. Bunday holatlarni oldini olish davlat organlari, ota-onalar, pedagoglar va jamiyatning umumiy majburiyatiga aylantirildi.

    Qonun bilan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi subyektlar doirasi ham aniq belgilab olindi. Xususan, qonunning 11-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida ko‘rsatilib, mazkur organ yordam ko‘rsatish, maslahat berish mexanizmi va chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot olinishini, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini oldi olinishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining butun hududida tun-u kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) ishlab turishini ta’minlashi belgilab qo‘yildi.

    Bundan tashqari, qonunning 13-moddasiga ko‘ra, Ichki ishlar organlari bolaga nisbatan zo‘ravonlik va g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslikka yo‘l qo‘ygan ota-onalar to‘g‘risidagi axborotni vakolatli davlat organiga yuboradi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘playdi, ularni tahlil qiladi. Bundan tashqari, vakolatli davlat organiga bolaning hayotiga yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid tug‘ilgan hollarda bolani ota-onasidan (ularning biridan) olib qo‘yishda ko‘maklashadi.

    Qonunning yana bir muhim normasi shundan iboratki, zo‘ravonlikdan har qanday shaklidan jabrlanuvchiga davlat tomonidan himoya orderi berilishi belgilab qo‘yildi. Himoya orderi esa jabrlanganlarga davlat himoyasini taqdim etishi bilan birgalikda, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidini yuzaga keltiruvchi shaxsga yoki shaxslar guruhiga nisbatan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga ham sabab bo‘ladi.

    Xo‘sh, mazkur qonunning amalga tatbiq etilishidan kutilayotgan natijalar nimalardan iborat?

    Ushbu qonun, birinchidan, zo‘ravonlik holatlarining barvaqt aniqlanishi va oldini olish uchun maktab, mahalla, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy institutlar bolalarga nisbatan har qanday nojo‘ya munosabatlarni erta bosqichda aniqlashlari uchun ularning mas’uliyatini oshiradi;

    Bundan tashqari, davlat organlari o‘rtasida samarali koordinatsiya, ya’ni qonun asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sog‘liqni saqlash va ta’lim tashkilotlari hamda boshqa ijtimoiy institut, muassasalar o‘zaro hamkorlikda harakat qilishlari talab etiladi;

    Shuningdek, jabrlangan bolalarni reabilitatsiya qilish tizimi, ya’ni ruhiy va jismoniy zo‘ravonlikdan so‘ng bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotga ijtimoiy moslashuvini ta’minlashga yo‘naltirilgan xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi;

    Biroq, hukumatimiz tomonidan bola huquqlariga doir bir qancha muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, institutsional tuzilmalar ishlab turgan bo‘lishiga qaramasdan, amaliyotda ayrim muammolar mavjudligicha qolmoqda. Xususan, bolalarning o‘z huquqlaridan yetarli darajada xabardor emasligi ularga qilinayatogan zo‘ravonlik holatlarini to‘liq anglab yetmasligiga sabab bo‘lmoqda. O‘z navbatida, ayrim bolalarda bunday noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan kimga murojaat qilishlari lozimligi haqida ham yetarli ma’lumotga ega emas.

    Ba’zi muammolarning ildizi esa jamiyatda uzoq yillardan buyon shakllanib kelgan an’anaviy qarashlar va ijtimoiy stereotiplarda bo‘lib, ular bolalarning haq-huquqlari to‘liq tan olinmasligiga sabab bo‘lmoqda. Chunki, jamiyatimizda hali-hanuz “bola ota-onaning mulki”, “tarbiya kaltak bilan bo‘ladi”, “u hali bola, nimani bilardi?” kabi yondashuvlar saqlanib qolgan. Bu kabi stereotiplar nafaqat bolalarning fikri va huquqlarini inkor etadi, balki ularni zo‘ravonlikka barham berish yo‘lida to‘siq bo‘lib qolishi ham mumkin.

    Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish masalasi – nafaqat alohida davlatlarning, balki butun jahon hamjamiyatining kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biri sanaladi. O‘zbekistonda esa bu masala ayniqsa muhim, chunki 38 milliondan ortiq aholining yarmidan ko‘pini bolalar va yoshlar tashkil etadi. Shu bois bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Bundan tashqari, bolalar va ayollarning barcha tizimli huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari, jumladan zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar mamlakatimizning yangilangan Asosiy Qonuni – Konstitutsiyada mustahkamlanganligi ham alohida e’tirof loyiq.

    Darhaqiqat, O‘zbekistonda bola huquqlarini himoya qilish borasida huquqiy va institutsional asoslar bosqichma-bosqich mustahkamlanmoqda. Biroq, ushbu sohaga oid ayrim dolzarb muammolar, xususan, jamiyatda saqlanib qolayotgan stereotip va an’anaviy qarashlar, bolalarning huquqlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilmoqda. Bu kabi muammolarni bartaraf etishda nafaqat davlat idoralari, balki keng jamoatchilik, ota-onalar, pedagoglar va ommaviy axborot vositalarining o‘zaro hamkorlikdagi harakati zarur. Bola huquqlariga hurmat – bu shunchaki majburiyat emas, balki kelajakka qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Zero, O‘zbekistondek bolajon yurtda ular faqat bayramda emas, har kuni e’zozda bo‘lishi lozim.

    Umid SOBIROV,
    Toshkent davlat yuridik universiteti
    Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi