Xususan, xalqimiz endi har jihatdan, ayniqsa, ong-tafakkuri oʻzgargan tarzda siyosiy hayotga faol aralashib, oʻz yetakchisini xolisona tanlash, uning atrofida jipslashuvi yangi Oʻzbekistonning, pirovardida Uchinchi Renessansning poydevori qurilishini kafolatlashini tushunib yetdi. Bu juda katta oʻzgarish, oʻtkazilayotgan siyosiy islohotlar va yangilanishlar samarasidir.

Prezidentimizning lavozimiga kirishish oldidan tantanali marosimdagi nutqi yangi Oʻzbekiston sharoitida davlatchilikni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy rivojlantirish konsepsiyasi mazmun-mohiyatini yakqol aks ettirdi. Mamlakat rahbari ijtimoiy davlatchilik yoʻlidan borish konsepsiyasini ilgari surar ekan, bu yoʻl, bu tizimni yaratish oʻta murakkab jarayon ekaniga eʼtibor qaratdi. Albatta, asrlar davomida katta umidvorlik bilan shu kunlarga yetib kelgan xalqqa munosib turmush sharoitini yaratish oson kechmaydi. Shu bois, Prezidentimiz faoliyatining ilk kunlaridanoq ijtimoiy davlat mezonlarini hayotga tatbiq etar ekan, ulugʻ maqsadlarni amalga oshirishda ijtimoiy ongning yuksalishiga, aholining intellektual salohiyatiga, yoshlarning tashabbuskorligiga suyanish lozimligini taʼkidlab keladi.

Ijtimoiy davlat gʻoyasi, xalqaro hamjamiyat talqin qilganidek, jamiyat hayotini ijtimoiy adolat, shaxs erkinligi va birdamlik tamoyillariga asoslangan holda siyosiy-huquqiy tarzda tashkil etishdan iborat. Xalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Bosh qonunda aynan shu talablarga javob topish mumkin. Ijtimoiy davlatning asosiy va muhim maqsadi hamda funksiyalari boʻlgan ijtimoiy himoya choralarini koʻrish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun sharoit yaratish, sogʻlom ijtimoiy muhitni shakllantirish kabi omillar sakrashsiz va inqiloblarsiz, dinamik, barqaror rivojlanishni taʼminlaydi. Buni yurtimizdagi oʻzgarishlar va aholining ijtimoiy himoyasini taʼminlashdagi saʼy-harakatlar misolida yaqqol koʻrish mumkin. Yevropa mamlakatlari ijtimoiy davlatning u yoki bu modeliga asoslangan holda bir necha oʻn yilliklar davomida barqaror rivojlanib kelayotgani namunadir.

Zamonaviy ijtimoiy davlatning muhim xususiyati ijtimoiy barqaror rivojlanish boʻlib, bu fuqarolarning farovonligi bilan bogʻliq vaziyat barqarorligini anglatadi. Ijtimoiy barqaror iqtisodiyotni shakllantirish zamonaviy iqtisodiy tizimlarning asosiy vazifa va maqsadlaridan biri boʻladi. Shu bilan birga, ijtimoiy adolat gʻoyasi ijtimoiy rivojlanishning asosiy mazmuniga aylanadi.

Ijtimoiy adolatning zamonaviy tushunchasi jamiyatning barcha aʼzolariga teng boshlangʻich imkoniyatlar, ijtimoiy kafolatlar berish, teng mehnat uchun teng haq toʻlashni taʼminlash, har kimga nisbatan kamsitishning oldini olish hamda aholining qashshoq, kambagʻal qatlami va guruhlarini qoʻllab-quvvatlash zarurati bilan bogʻliq. Ijtimoiy adolat tamoyilini roʻyobga chiqarish koʻp jihatdan iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy adolat oʻrtasidagi ziddiyatning hal etilishiga daxldor. Albatta, bu bozor munosabatlari sharoitida oʻziga xos murakkab jarayon boʻlishi bilan birga, qonun yoʻli bilan hal etilishi mumkin boʻlgan masaladir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy davlat asoslarini yaratishda qator ishlar qilindi. Jumladan:

birinchidan, inson huquqlari va asosiy erkinliklarining ustuvorligi, tenglik va ijtimoiy adolatning asosiy qadriyat sifatida tan olinishi;

ikkinchidan, birdamlik, davlat doirasida umumiy manfaat, umumbashariy adolatning namoyon boʻlishi va shaxslarning oʻzaro munosabatlari adolatli yoʻlga qoʻyilishi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini amalga oshirish borasida qilinayotgan ishlar;

uchinchidan, jamiyat aʼzolari birdamligini taʼminlash, jamoatchilik ongida odamlarning oʻzaro yordamga asoslangan axloqiy munosabatini shakllantirishga asoslangan maʼnaviy tarbiyani kuchaytirish;

toʻrtinchidan, odamlarning erkin birlashmalari rivojini taʼminlashda davlat koʻmagini oshirish;

beshinchidan, davlat ijtimoiy sheriklik institutlarini rivojlantirish, ishchilarning adolatli va munosib ish haqi olish huquqini taʼminlash va ularni ijtimoiy xavflardan himoya qilish orqali jamiyatda tinchlik va totuvlik uchun sharoit yaratishga yoʻnaltirilgan siyosatning amaliyotga (hayotga) tatbiq etilishi.

Ijtimoiy davlat tabiatiga mos keladigan ishlar koʻlami juda keng. Taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish, yangi uy-joylar qurish, aholini ichimlik suv va energiya bilan taʼminlash jarayonida qilinayotgan ishlar ham ular sirasiga kiradi. Keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyati fuqarolarning ijtimoiy talablarini toʻliq qanoatlantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, xalq taraqqiyotiga, birligi va birdamligiga, hamfikrligi va hamjihatligiga xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, hamma sohada taraqqiyotga eltadi.

Ijtimoiy davlat mezonlariga mos keladigan ishlar qilindi va u muayyan maʼnoda samarasini ham berdi. Xalqimiz dono va sezgir, shuning uchun boshlangan yaxshi va savobli ishlarni faqat muallifi, tashabbuskori mukammal tarzda oxiriga yetkazishi mumkinligini yaxshi tushungan holda saylovda faol ishtirok etdi va katta umid bilan oʻzi istagan insonni yetakchi etib sayladi.

Taʼlimning yuksalish omillari

Oʻtgan yillarda barcha sohada islohot oʻtkazilib, koʻplab amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, taʼlim-tarbiya sohasidagi saʼy-harakat va yangilanishlarni alohida qayd etish oʻrinli. Zotan, davlatimiz rahbarining sohaga oid farmon va qarorlari, har bir nutqida takror-takror eslashi taʼlimning yuksalishi zaruratidan dalolat beradi.

Taʼlim-tarbiya va ilmni teran egallash insondan yuksak intellektual salohiyat, aqliy imkoniyat va gʻayrat-shijoat talab qiladi. Hayot gʻoyasi, taʼlim gʻoyasi va aql gʻoyasi bir-biri bilan mushtarak. Ilm taraqqiyotning kuch-qudrati ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Taʼlim gʻoyasi insoniyatni rivojlanishga yetaklaydi. Shu bois, davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturida inson kapitalini rivojlantirishning hal qiluvchi omili boʻlgan uzluksiz taʼlim tizimi uchun milliy oʻquv dasturini joriy etish, oʻqitish sifatini oshirish va raqobatbardosh qadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi. Hal etilishi zarur boʻlgan yana qator masalalar zikr etildi.

Birinchidan, maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizga yetkazilib, 7 mingdan ziyod yangi maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etiladi. 2024-yil yakuniga qadar 6 yoshli bolalar maktabgacha tayyorlov tizimi bilan toʻliq qamrab olinadi. Maktabgacha taʼlim tizimi xodimlarining oylik maoshi bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — yetti yoshgacha boʻlgan birorta ham bola maktabga chiqquniga qadar eʼtiborsiz va bilimsiz qolmasligi kerak.

Ikkinchidan, yangi maktablar qurish, xususiy maktablarni koʻpaytirish va taʼlim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturini joriy etish orqali xalq taʼlimi tizimida qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratiladi. 2026-yilga qadar oʻquv dasturlari va darsliklar ilgʻor xorijiy tajriba asosida toʻla qayta ishlanib, amalda joriy etiladi.

Uchinchidan, oliy taʼlim tizimida qamrovni 50 foizga yetkazish va taʼlim sifatini oshirish davlat eʼtibori markazida boʻladi. Talabalarning yashash sharoitini yaxshilash maqsadida 100 ming oʻrinli talabalar turar joylari barpo etiladi. Davlat oliy taʼlim muassasalari tomonidan bosqichma-bosqich mehnatga haq toʻlash, xodimlar soni, toʻlov-kontrakt miqdori va taʼlim shaklini mustaqil belgilash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi va ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizga tushiriladi. 2026-yilgacha xususiy oliy taʼlim tashkilotlari soni kamida 50 taga yetkazilib, ularda taʼlim olayotgan talabalarga ham 7 yillik taʼlim krediti olish imkoniyati yaratiladi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yoshlarni nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborish koʻlami 2 barobar oshiriladi.

Toʻrtinchidan, taʼlimning barcha bosqichidagi muassasalar va ularning xodimlari — bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi. Doktoranturaga qabul davlat buyurtmasi va manfaatdor tashkilotlar mablagʻlari hisobidan toʻlov grantlari asosida joriy etiladi.

Uzoqni koʻzlab aytilgan bu fikr va rejalarda ulugʻ maqsadlar mujassam. Yosh avlodning ilmli boʻlishi Vatanimizning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining “Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda oʻqigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida, avvalo, ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini koʻraman”, degan soʻzlari chet elda bilim va malakasini oshirib, ezgu umid va maqsad bilan yurtimizga qaytib kelayotgan yigit-qizlar beqiyos ragʻbat berdi.

Toshkent davlat texnika universitetining professor-oʻqituvchilari hamda ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanayotgan talabalari ham bundan mustasno emas. Chunki OTM chet eldagi nufuzli ilm-fan tashkilotlari bilan oʻzaro taʼlim, malaka oshirish va tajriba almashishni yoʻlga qoʻygan. 2018-yildan hozirga qadar qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha bir qancha hamkor universitetlar bilan memorandum va shartnomalar imzolandi.

Jumladan, universitet informatika va axborot texnologiyalari, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hamda boshqarish, biotexnologiya, avtomobilsozlik va traktorsozlik, mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishini jihozlash va avtomatlashtirish, metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti, energetika sohalari boʻyicha Belarus milliy texnika universiteti bilan qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻygan edi. Yaqinda birinchi marotaba dual taʼlim olgan bakalavriat bosqichi talabalariga diplom tantanali topshirildi.

Har yili talabalarimizga dars oʻtish uchun xorijiy hamkor universitetlardan professor-oʻqituvchilar jalb qilinadi. Bizning professor-oʻqituvchilarimiz ham chel eldagi OTMlarga borib malaka oshirib keladi. 2022/2023 oʻquv yili davomida Toshkent davlat texnika universitetining 180 nafardan ortiq professor-oʻqituvchisi, shuningdek, 60 nafarga yaqin talaba, magistrant, tayanch doktorant va doktoranti xorijiy mamlakatlarga yuborilgan. AQSH, Xitoy, Buyuk Britaniya, Hindiston, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Turkiya, Germaniya, Rossiya, BAA shular jumlasidandir.

Bugun mamlakatimizda katta oʻzgarish va yangiliklar boʻlayotganini dunyo xalqlari koʻrib, bilib turibdi. Ular Oʻzbekistonni yangidan tanib, aloqalarni mustahkamlashga intilishmoqda. Yoshlarimiz ham dunyoni bilishga, yangilik yaratishga harakat qilmoqda. Xalqimizning qalbida ishonch mavjlanib turibdi. Bugun yangi Oʻzbekiston rivojlanish hamda yuksalish davriga keng quloch yoyib bormoqda. Buni xalqimiz, xususan, yoshlarimiz ham yaxshi anglaydi. Davlatimiz rahbarining “Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi”, degan soʻzlari yoshlarni ruhlantirib, yangi orzu-maqsad, yangi niyat, yangi davr maydoni hamda sarhadlari sari chorlayveradi. Qaysi ishda tashabbus va intilish boʻlsa, oʻsha manzilda yuksalish, natija boʻy koʻrsatadi.

Sadriddin TUROBJONOV,

Toshkent davlat texnika universiteti rektori,

texnika fanlari doktori, professor