Intervyuda ona yurtimiz Oʻzbekistonning demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib borayotgani, bu esa islohotlarimizning eng katta natijasi ekani alohida qayd etildi. Shuningdek, kecha va bugunning tahlili, kelajak rejalar aniq-puxta qilib belgilab berildi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bundan besh yil oldin qabul qilingan Harakatlar strategiyasi tub mazmun-mohiyatini muxtasar ifoda etadigan boʻlsak, ushbu noyob hujjatda oʻz oldimizga yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qoʻygan edik. Oʻtgan yillarda ushbu xayrli maqsad yoʻlida tub islohotlar amalga oshirildi.
Shu oʻrinda oxirgi besh yil mobaynida amalga oshirilgan islohotlarga bir nazar tashlasak. Respublikamizda 2017-yilga “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” nom berilib, davlat dasturi qabul qilindi. Ushbu asosda aholi ichiga kirib borish va oilalarning ijtimoiy holati boʻyicha ishonarli va aniq dalilli maʼlumot tayyorlash, tasniflash, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar va yoʻl xaritalarini ishlab chiqish, kengashda tasdiqlangach, kunma-kun ijrosini taʼminlash va nazoratga olib borish vazifasi qoʻyilgani jamiyatning yangi bosqichga qadam qoʻyishida “oltin pillapoya” vazifasini oʻtadi.
2018-yilda “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlarining eʼlon qilinishi muhim voqelik boʻldi. Boshqa sohalardagi ishlar qatorida aynan mana shu dastur ijrosi borasidagi islohotlar Oʻzbekistonning dunyo tomonidan eʼtirof etilish jarayonlarida oʻziga xos bir bosqich boʻldi. Mazkur dastur doirasida yurtimizning barcha hududlarida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Ellikqalʼadan Qoʻrgʻontepagacha, Termizdan Qibraygacha boʻlgan hududlarda kechayu kunduz ish qaynadi. Dasturga tushgan qishloq yoki shahar qiyofasining tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketganini men oʻzim tugʻilib oʻsgan Fayziobod qishlogʻi misolida ayta olaman. Oldinlari qishloqda maktab, bolalar bogʻchasi, oziq-ovqat doʻkoni kabi sanoqli maishiy binolar boʻlardi. Hozir qishloqqa borsangiz aqlingiz shoshib qoladi. Tekis va ravon yoʻllar, zamonaviy uylar, savdo doʻkonlari, xizmat koʻrsatish shoxobchalari barpo etilib, qishloq infratuzilmasi tubdan oʻzgarib ketdi. Kichik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, qishloqda ham tadbirkorlar qatlami paydo boʻldi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” yurgizilib, kam taʼminlangan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlami bilan alohida ishlar olib borildi. Maktab, maktabgacha taʼlim muassasasining koʻrinishi ibratomuz darajaga keltirildi. Ichki yoʻllar ham taʼmirlanib, obodonlashtirilyapti. Endi bu koʻchalar boʻylab yursangiz bahru dilingiz ochiladi. Eng muhimi, bu qurilishlar dastur asosida, bir yil ichida bekamu koʻst amalga oshirildi.
Bunday bunyodkorlik ishlariga hissa qoʻshish Oliy Majlis Senati faoliyatida ham ustuvor mezonga aylandi. Senat tomonidan bu borada viloyat va tumanlar kesimida tanlovlar tashkil etildi, dasturlar ijrosi kengash yigʻilishlarida muntazam eshitib borildi, qarorlar natijasi eʼtibordan chetda qoldirilmadi, gʻoliblarni aniqlash mexanizmlari ishlab chiqildi. Bu xayrli ishlar hozir ham davom etmoqda.
Aholi orasida yurib, oilalar holati bilan tanishganimda bir savol doimo miyamda charx uradi. Yaʼni, insonning kambagʻallikka tushib qolishi sababi nimada, dey oʻylayman. Hayotiy voqealardan kelib chiqib bu savolga shunday javob berish mumkin: beparvolik, hafsalasizlik, oldinga intilmaslik, hokimiyatga ishonmaslik, oʻzimizni, oilamizni nazoratga olmaganimiz, farzandlarimizning biron kasb-hunar egasi boʻlishiga eʼtibor bermasligimiz oyogʻimizga kishan boʻldi. Bunday muammolar tufayli ayrim oilalar hatto kundalik tirikchiligini ham oʻtkaza olmay qolgani bor haqiqat. Qoʻlida hech qanday hunari yoʻq, maʼlumotga ega boʻlmagan farzandlarimizni chet elga borib pul topib kelishiga ishonib yashadik.
Prezidentimizning kambagʻallikni bartaraf etish va aholini ijtimoiy himoyalash boʻyicha oʻz vaqtida amalga oshirgan chora-tadbirlari tufayli bugun bunday muammolar yechim topayotgani har birimizni quvontirmoqda. Xususan, subsidiya orqali ish oʻrinlarini yaratish, oldin kasbga oʻrgatib, keyin ish oʻrni ochishni tashkil etish boʻyicha samarali tizim yaratildi. Har bir oila aʼzosiga 7 million soʻmgacha subsidiya va yangi ish oʻrni yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunday xayrli ishlar qisqa vaqtda oʻz natijasini bera boshladi, bugun bu imkoniyatdan oqilona foydalanayotgan minglab oilalarning iqtisodi oʻnglandi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Viloyatlarda ishsiz ayollarni ish bilan taʼminlash borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Issiqxonalar qurib berish, tikuv mashinalari sovgʻa qilish, tovuq va quyon boqishni koʻpaytirish, turli xil maishiy apparatlar olib berish, yoshlar guzarlarini tashkil etish yordamida koʻplab ish oʻrinlari yaratilyapti. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, uy-joyga muhtoj ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy yoki arzon uylar bilan taʼminlash kabi loyihalar hozirgacha dunyoda tajribasida kuzatilmagan, insonparvarlikka yoʻgʻrilgan oʻziga xos noyob loyihalardir.
Xalq bilan muloqot boʻyicha yangicha tizim yaratildi. Aholi murojaatlarini qabul qilish, oʻrganish va amaliy yordam berish davlat idoralari faoliyatining asosiy yoʻnalishiga aylandi. Holbuki, bu tizim bundan toʻrt yil oldin yoʻq edi, xalq davlat idoralari yaqiniga yoʻlashi ham mushkul masala edi. Hozirgi kunda bu yoʻnalishda respublikamizning barcha hududlarida davlat va boshqa idoralarda fuqarolar qabulxonalari, viloyat, tuman, shahar markazlarida Prezident virtual qabulxonalarining ochilishi va samarali faoliyat olib borayotgani jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirish, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu ishlar “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilning hayotimizda berayotgan muhim samarasidir.
Ishonchimiz komilki, bunday islohotlar izchil davom etadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, jonajon Vatanimizga boʻlgan cheksiz mehrimiz va sadoqatimizni muqaddas bayroq qilib, bor bilim va tajribamiz, aql-zakovatimizni ishga solib, yagona xalq, yagona millat boʻlib, koʻzlagan ezgu maqsadlarimizga, albatta, yetamiz. Yangi Oʻzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi.
Tolibjon MADUMAROV,
Oliy Majlis Senatining
mudofaa va xavfsizlik masalalari
qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.