Inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy va zarur shartlari mujassam boʻlgan ustuvor yoʻnalishlar orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarimiz yangi pogʻonada qizgʻin davom ettirilishi koʻzda tutilmoqda.

Joriy yil 11-noyabrda “Yuksalish” umummilliy harakati binosida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida koʻzda tutilgan bir qator masalalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Taraqqiyot strategiyasidagi parlament faoliyati, qonun ijodkorligini yanada faollashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish va xalq deputatlari tuman(shahar) kengashlari faoliyatini jadallashtirish, qonun normalari ijrosini qatʼiy taʼminlash borasida qilinishi kerak boʻlgan ishlar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, davlat rahbari oʻz nutqida Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda xalq vakillari boʻlgan senator va deputatlar oʻrni muhim ekanligini alohida taʼkidlangan. Shuningdek, Oliy Majlis faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqimiz kutayotgan, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini tezlashtirishga xizmat qiladigan qonunchilik konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ular ijrosini taʼminlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat berilishi koʻrsatib oʻtilgan edi.

Endilikda parlament tomonidan mamlakatimiz boʻyicha murojaatlar bilan ishlash holati nazoratga olinib, joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish va uning natijasiga muvofiq, ularga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrish amalga oshiriladi.

Maʼlumki, Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish uchun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar muayyan natijalarni bermoqda.

Ayni vaqtda Senat oldida hal etilishi kerak boʻlgan, jamiyatimizda ayol, onalar izzat-hurmatini joyiga qoʻyish, ular muammolarini bartaraf etish, qizlar salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishdek sharafli vazifa turibdi. Majlisda prezidentimiz ana shu maqsadni koʻzlab mamlakatimizda Milliy dastur qabul qilinishini eʼlon qilgani taʼkidlandi.

Yigʻilishda mazkur dasturni ishlab chiqishdan maqsad, unda aks etishi kerak boʻlgan vazifalar, shu jumladan oilada farzand tarbiyasiga onalar bilan birga otalarning ham masʼuliyatini oshirishda zarur chora-tadbirlarni belgilash, farzand tarbiyasi faqatgina onalar zimmasida qolib ketmasligi yuzasidan takliflar kiritish masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.