Yangi O'zbekiston tashqi iqtisodiyotida yorqin sahifa

    O'zbekiston GSP+ tizimining a'zosi sifatida mahsulot liniyalarining uchdan ikki qismiga tariflarni to'liq bekor qilish orqali standart GSPga nisbatan qo'shimcha iqtisodiy imtiyozlarga ega bo'ladi.

    O'zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo'yicha maxsus preferentsiyalar tizimi (GSP+) kuchga kirdi. Bu ikki tomon o'rtasidagi munosabatlarda muhim bosqich bo'lib, o'zaro muloqotni hamda savdo almashinuvini yanada kengaytirishga imkon beradi.

    2021-yil 10-aprel kuni International mehmonxonasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi, diplomatik korpus va xususiy sektor vakillari hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o'tkazilgan matbuot anjumani ushbu muhim voqeaga bag'ishlandi.

    O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov matbuot anjumanidagi so'zida Yevropa Ittifoqining respublikamizga GSP+ benefitsiar mamlakat maqomini berish to'g'risidagi qarori Prezidentimiz rahbarligi va tashabbusi bilan davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyatining kuchli institutlariga ega demokratik mamlakatni shakllantirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va yangilanishlarning amaliy natijalarini hisobga olgan holda, qabul qilinganligini e'tirof etdi.

    “Ishonchim komilki, bu birinchi navbatda, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan bo'lgan investorlar va xususiy sektor vakillariga O'zbekistonda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga kuchli turtki beradi, shuningdek, O'zbekiston va Evropa Ittifoqi davlatlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va jadal rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi”, dedi Sardor Umrzoqov.

    Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O'zbekistondagi rahbari, elchi Sharlotta Adrian O'zbekistonga GSP+ preferentsiyalar tizimining berilishi, ayniqsa, mamlakatning COVID-19 inqirozidan tiklanish davrida, g'oyat o'z vaqtida qo'llanilayotganini, bu atrof-muhit, inson huquqlari, mehnat huquqlari va samarali boshqaruv bo'yicha 27 yirik xalqaro konvensiyalarni amalga oshirish bilan bog'liq islohotlarni kelgusida izchil davom ettirish uchun yaxshi rag'bat ekanligiga alohida urg'u berdi.

    Tadbir davomida so'zga chiqqan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov, Latviya, Italiya respublikalari, Shvetsiya Qirolligining mamlakatimizdagi elchilari M.Popkovs, A.Pinna va I.Tersmanlar O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi GSP+ benefitsiari sifatida qabul qilinishini mamlakat tashqi siyosatidagi yorqin va tarixiy voqea, deb baholashdi. Bu ikki tomonlama amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlarning mahsuli bo'lib, inson huquqlari, ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat muhofazasi jabhalarida olib borilayotgan islohotlarining va izchil ijobiy rivojlanishning amaliy natijasi hisoblanadi. O'zbekiston hukumati ishbilarmonlik muhiti, sud-huquq tizimi, mehnat sharoitlari, ma'muriy hisobdorlik va samaradorlikni oshirish borasida tub islohotlarni davom ettirayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham e'tirof etilmoqda.

    Haqiqatan, O'zbekiston GSP+ tizimining a'zosi sifatida mahsulot liniyalarining uchdan ikki qismiga tariflarni to'liq bekor qilish orqali standart GSPga nisbatan qo'shimcha iqtisodiy imtiyozlarga ega bo'ladi, bu esa, o'z navbatida, eksport hajmining o'sishiga va mamlakatga qo'shimcha investitsiyalar jalb etilishiga xizmat qiladi.

    GSP haqida qisqacha ma'lumot

    GSP (Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi) rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqariladigan va rivojlangan davlatlarga olib kiriladigan qariyb barcha sanoat tovarlari va qishloq xo'jaligi mahsulotlarining ayrim turlari uchun tarif stavkalarini pasaytirish yoki bekor qilishni nazarda tutadi. Ushbu mezon ikki tomonning iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish uchun ko'plab qulayliklar yaratadi.

    Dasturga to'liq a'zo bo'lgan davlat Evropa Ittifoqi bozorlariga 3000 gga yaqin mahsulotlarni bojxona to'lovlarisiz, 3200 dan ortiq turdagi tovarlarni esa pasaytirilgan stavkalar bo'yicha eksport qilish imkoniyatiga ega bo'ladi. Unga kirishdan manfaatdor mamlakat muayyan shartlarni bajarishi talab etiladi. Jumladan, inson huquqlari va asosiy mehnat standartlari sohasida 16 ta, atrof-muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasida 11 ta – jami 27 xalqaro konventsiyalarni ratifikatsiya qilishi va samarali amalga oshirishi lozim.

    Bu dasturga O'zbekiston to'qqizinchi davlat sifatida qabul qilindi, shu paytga qadar unga Armaniston, Boliviya, Kabo Verde, Qirg'iziston, Mongoliya, Pokiston, Filippin, Shri Lanka a'zo bo'lib kelgan.

    GSP+ qanday manfaat keltiradi?

    Ma'lumotlarga qaraganda, O'zbekistonda shu paytgacha qo'llanib kelingan GSP doirasidagi imtiyozlardan foydalanish darajasi hozirgi kunga qadar 87 foizni tashkil etib kelgan. Mahsulot segmentlari asosan to'qimachilik va kiyim-kechak, plastmassa mahsulotlari, shuningdek, mevalar, yong'oq va sabzavotlarhissasiga to'g'ri keklgan. Bu O'zbekiston eksport tarkibining Markaziy Osiyo qo'shnilariga qaraganda ancha xilma-xil ekanligini ko'rsatadi.

    O'zbekiston GSP+ ning a'zosi bo'lishga tayyorgarlik ishlari to'rt yil oldin boshlangan edi. Yuqorida qayd etilganidek, mamlakatimiz ushbu maqomni olishi uchun inson va mehnat huquqlariga oid 27 ta asosiy xalqaro konventsiyaga rioya qilish, jumladan, paxta yig'im-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqaruv qoidalari doirasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz delegatsiyasining Bryusselga, Yevropa Ittifoqi vakillarining O'zbekistonga tashriflari doirasida muzokaralar o'tkazildi.

    Mazkur davr davomida GSP+ dan foydalanuvchi maqomini olish uchun zarur bo'lgan barcha xalqaro konvensiya va bitimlar O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilindi va o'tgan yilning 30 noyabrida Yevropa komissiyasi mamlakatimizning GSP+ dan foydalanuvchi maqomini olish to'g'risidagi arizasi bo'yicha ijobiy qaror qabul qildi.

    GSP+ ga o'tilganidan so'ng o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar o'z mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib kirishda bir tomonlama tarif imtiyozlaridan foydalanishni boshlashlari mumkin. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishlari mumkin bo'lgan tovarlarning soni 6200 taga ko'payadi.

    — Uyushmamiz Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksportni diversifikatsiya qilish maqsadida Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari bilan hamkorlikda salohiyatli xaridorlar va savdo tarmoqlari bilan keng ko'lamli ishlarni olib boryapti, — deydi “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari Davron Vahobov. — eksportini jadallashtirishda muhim omillaridan biri GSP+ tizimi bo'lib, u o'zbek to'qimachilik mahsulotlari boshqa mamlakatlarning tovarlari bilan jiddiy raqobatlashishiga ham imkon yaratadi.

    Mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bilan to'qimachilik bayonnomasini ratifikatsiya qilgan edi. Unda yurtimiz to'qimachilik sanoati tovarlarini YI mamlakatlariga eksport qilishda bojxona to'lovlarini sezilarli darajada pasaytirish ko'zda tutilgan. Agar ilgari bunday mahsulotlarning YI bojxona hududiga kirishida 17 foiz miqdorida to'lov to'langan bo'lsa, mazkur bayonnoma shartlariga ko'ra, ular 6 foizga tushirildi.

    Mutaxassislar fikricha, GSP+ tizimiga o'tish dastlabki bosqichda to'qimachilik mahsulotlari eksporti Yevropa bozoriga kirish hajmining 300 million, 2025-yilga borib 1,2 milliard AQSH dollariga etishiga imkoniyat yaratadi.

    Bu bir soha doirasida kutilayotgan samara. GSP+ tizimi bir qator muhim eksport tovarlariga tariflar bekor qilinishi bois Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasidagi savdoni kengaytirish uchun uchun qo'shimcha imkoniyatlar taqdim etadi. CHunki, bundan, eng avvalo, mamlakatimiz manfaatdor. Yevropa Ittifoqi bozoriga nisbatan yaqinligimizga qaramay, savdo salohiyatidan hali to'liq foydalanilayotgani yo'q. Yevropa Ittifoqi O'zbekistonning eksport yo'nalishlari ro'yxatida yettinchi o'rinda turishi ham buni tasdiqlab turibdi.

    O'zbekistonning GSP+ rasman qabul qilinishi uning oddiy maqomiga nisbatan bir necha karra muhim. Lekin GSP reglamenti GSP+ oluvchilarining xalqaro konventsiyalarda belgilangan majburiyatlarning samarali amalga oshirilishini doimiy kuzatib borishni ham nazarda tutadi.

    Shu o'rinda X1U asr o'rtalarida ro'y bergan tarixiy voqealar yodga keladi. Ma'lumki.Amir Temur o'sha kezda Yevropa qirollari, ayniqsa, Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalarida savdo-sotiq yo'lga qo'yilishining ahamiyatiga e'tibor qaratadi: “Sizning savdogarlaringiz bu tarafga qatnab tursalar, biz bu yerda ularni azizu mukarram tutg'umizdir, shuningdek, bizning savdogarlar u tarafga yuborilsa, siz ham ularni azizu mukarram tutsangiz... Chunki dunyo savdogarlar bilan oboddir!”.

    Shu jihatdan olganda, oradan qariyb olti asrdan ortiq vaqt o'tib, O'zbekiston uchun Evropa Ittifoqining GSP+ tizimining kuchga kirganligi haqida kirganligi haqidagi qarorning aynan sohibqiron tavallud topgan kunda kelgani YI, shu jumladan, unda yuksak maqomga ega bo'lgana Fransiya bilan do'stona munosabatlarning teran ildizi bugungi kunda yangicha maqomda davom etayotganligi ko'ngillarni munavvar etadi. Yangi O'zbekistonning dunyodagi nufuzi har jabhada, shu jumladan, iqtisodiy hamkorlikda ortib borayotgani esa, dillarni g'ururga to'ldiraadi. Bundan buyon ham dunyo savdogarlar, ya'ni hozirgi ta'bir bilan aytganda, tadbirkorlar hamkorligi bilan obod bo'laversin!

    Abdurauf QORJOVOV,

    Iqtisodiy sharhlovchi