Shu bois, odamlar qalbini yaxshi maʼnoda zabt etish, ishonchini oqlash oson emas. Chunki bu tuygʻu inson qalbining eng nozik qoʻriq joyidir. Yangi Oʻzbekistonni yaratishday katta maqsad oldimizga qoʻyilgach, xalqimiz bunga katta ishonch bildirdi va shu gʻoya atrofida birlashdi. Buning siri nimada deb soʻraganlarga Hazrat Navoiyning quyidagi bayti bilan javob bergim keladi.
Nekim oʻz qoshingda erur noravo,
Ulusqa oni koʻrma aslo ravo.
Yaʼni Hazrat oʻzingga ravo koʻrmaydigan narsalarni xalqqa ham ravo koʻrma, insonni qadrla demoqchi. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar esa “Inson qadri uchun” shiori asosida start oldi va bu oʻzgarishlar qisqa vaqtda samara bera boshladi. Shu bois, bugun xalqimiz qalbida ertangi kunga komil ishonch paydo boʻldi.
Prezidentimiz shu yil 8-iyul kuni imzolagan “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) boʻlib oʻtadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi tarixiy qarori sohada yangi davrni boshlab berdi.
Ushbu qaror tom maʼnoda sportchilarga katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Jumladan, hujjatda olimpiya va paralimpiya sport turlarini ularning amaldagi natijalariga koʻra toifalarga ajratib, qisqa va uzoq muddatli strategiyalarni belgilash koʻrsatilgan. Bunda ushbu sport turlari differensial yondashuv asosida rivojlantiriladi. Shuning oʻziyoq yangi Oʻzbekistonda insonlarga oʻz imkoniyatini toʻgʻri baholashga sharoit yaratish orqali adolatli tizim ishlayotganini koʻrsatadi. Chunki differensial yondashuv sport turiga, uning holati va istiqboliga qarab alohida ishlash degani. Yaʼni har bir sport turi oʻtgan yillarda koʻrsatilgan natijalarga qarab ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalarga boʻlinadi. Bunday toifalash sport turlariga individual yondashib, uni yanada rivojlantirish uchun chora-tadbirlarni ishlab chiqishda qoʻl keladi.
Masalan, qarorda parayengil atletika, paradzyudo, parataekvondo (WT), parasuzish, parapauerlifting va paraoʻq otish sportning ustuvor turlari sifatida keltirilgan. Ushbu sport turlari bilan shugʻullanayotgan sportchilarimizda bugun katta natijalarni olib kelish imkoni koʻproq. Shu bois, ular bilan qisqa vaqtda katta natijaga erishish ustida ishlaymiz. Qarorda ham bu alohida band sifatida koʻrsatildi. Ustuvor sport turlarida litsenziyalarni koʻpaytirish hamda medallar uchun kurashish vazifasi qoʻyildi.
Xuddi shuningdek, parakanoeda eshkak eshish, paraakademik eshkak eshish, paravelosport, aravachada qilichbozlik, parakamondan otish va parastol tennisi sport turlari istiqbolli hisoblanadi. Bu toifadagi sport turlari yaqin kelajakda yuqori natijalar keltirish imkoniga ega. Bu bizga ushbu sport turlarini rivojlantirishda yaqin kelajakka asoslangan reja tuzish talabini qoʻyadi. Yaʼni ular boʻyicha litsenziyalarni qoʻlga kiritish ustida ishlaymiz.
Rivojlanayotgan sport turlari — bochcha, paratriatlon, paravoleybol, parabadminton, koʻzi ojizlar uchun futbol (5x5) va golbol. Yaʼni bu sport turlari boʻyicha ham yuqori samaradorlikka erishish imkoni bor. Faqat ularni rivojlantirishda uzoq istiqbolga asoslangan rejalar dasturi ishlab chiqilishi kerak. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi, ushbu sport turlarini toifaga ajratib rivojlantirish nima beradi?
Avvalo, mablagʻni yoʻnaltirish, murabbiylar sinfini shakllantirish kabi resurslarni samarali taqsimlash osonlashadi. Bu har bir sport turining barqaror natijaga oʻtishiga olib keladi. Muhimi, strategik reja tuzish hamda sport sohasida ilmiy asoslangan tizimli islohotlar qilish imkoniyati kengayadi.
Alohida toifalarga ajratish sportning boshqa turlarini ham rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu orqali barchaga oʻz isteʼdodini namoyon etishga imkoniyat beriladi. Kerak boʻlsa, maktab oʻquvchilari orasidan isteʼdodlar saralanib, kelgusi yuqori natijalar uchun tayyorlab boriladi. Yosh sportchilar zaxirasi yanada kengaytiriladi. Bu oldimizga saralash va seleksiya tadbirlari uchun “yoʻl xaritasi” tuzish zaruratini qoʻymoqda. Ushbu ishlarni samarali tashkil etish orqali litsenziya va medallarni qoʻlga kiritishda juda katta natijalarga erishish kutilyapti.
Koʻzlangan marraga erishish esa qator jihatlarga eʼtibor qaratishni taqozo etadi. Xususan, hududlarda iqtidorli va istiqbolli parasportchilarni saralash va seleksiya ishlarini yangi bosqichga olib chiqish zarur.
Shu oʻrinda “Maftuningman” badiiy filmi esga tushadi. Kinoda Nabi Rahimov obrazini yaratgan qahramon olis qishloqlarga borib, oddiy odamlar orasidan isteʼdodlarni topib keladi. Endi biz ham mana shunday ishlashimiz, xalqimiz, yoshlarimiz orasidan iqtidor egalarini izlab topishimiz kerak. Bu borada oʻziga xos chora-tadbirlar belgilangan. Masalan, paralimpiya harakatini rivojlantirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari rahbarlik qiladigan hududiy kengashlar tashkil etiladi.
Prezidentimizning 2024-yil 28-maydagi qarori bilan Oʻzbekiston davlat sport akademiyasi tashkil etilgan edi. Akademiya ilk bor 2025-2026 oʻquv yili uchun talabalarni qabul qiladi. Ushbu oʻquv yilida paralimpiya yoʻnalishi boʻyicha 20 ta joy ajratilgan. Ularga nomzodlar aynan hududlardagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi oʻquvchilari orasidan saralab olinadi.
Keyingi bosqichda toshga ishlov berib, javohir yaratadigan zargarday yoshlarning isteʼdodini koʻrsatib berishimiz shart. Buning uchun saralangan sportchilarni milliy terma jamoalarga kiritish, mahalliy va xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ularning doimiy hamda uzluksiz ishtirokini taʼminlash kerak boʻladi.
Sportchilar yaxshi biladi, mazkur jarayon ishlarni kompleks tashkil etish zaruratini qoʻyadi. Yaʼni oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida sportchilarni tayyorlash jarayonida ilgʻor va natijador metodikalardan foydalanish zarur. Shu jarayonda har bir sportchiga alohida yondashuv kerak boʻladi. Psixologik xizmat, tibbiy-biologik, farmakologik va vitaminizatsiya ishlarini amalga oshirish, mashgʻulotdan keyingi qayta tiklash jarayonini tizimli tashkil etish kerak. Qolaversa, nufuzli xalqaro musobaqalarda sportchilarimizning mahoratini doimiy oshirib borish lozim.
Psixologik, ruhiy quvvat haqida ham qisqacha toʻxtalsam. Doim paralimpiyachilar bilan suhbatlashganimda, ulardagi soʻnmas ishonchdan quvonaman. Chunki sportchilarning yuz-koʻzida sport hayotimni yaxshi tomonga oʻzgartirdi, endi men yanada katta gʻalabalarga erishaman, degan qatʼiyatni koʻraman. Demak, oldimizda ularning shijoatiga mos shart-sharoit yaratib berish vazifasi ham turibdi. Xususan, parasportchilarga oʻquv-mashgʻulot davomida sport inshootlaridan yetarlicha foydalana olishi uchun qulay shart-sharoit yaratishimiz kerak. Toʻgʻri, hozir ham sport inshootlarimiz bugungi kun talablariga toʻla javob beradi. Lekin oldimizga qoʻyilgan katta marrani zabt etishimiz uchun buni yanada takomillashtirishga ehtiyoj bor. Chunki taraqqiyot bir joyda toʻxtab turmaydi. Zamonga mos qulayliklar yaratib borish esa sportchilarning erkin, oʻziga ishonch bilan harakatlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Parasportchilar imkoniyatini toʻgʻri baholash uchun ularning kasalligiga yoki nuqsoniga qarab tasniflash (klassifikatsiya) ishlari mahalliy darajada sifatli boʻlishi kerak. Buni yuqori sifatga olib chiqish uchun xalqaro toifadagi yoki sertifikatga ega klassifikator-mutaxassislar tayyorlash, malakasini doimo oshirib borishga jiddiy eʼtibor beriladi. Bu ham parasportchilarga teng imkoniyat yaratish orqali oʻzini koʻrsata olishida qoʻl keladi. Mazkur qaror bilan sportning yangi davri boshlanib, sportchilar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilyapti. Yuqori natijaga erishgan sportchi, murabbiy va boshqa mutaxassislar ragʻbatlantirib borilishi ham quvonarli yangilikdir.
Qarordagi birgina mana shu jihat misolida yangi Oʻzbekiston yaqin va uzoq istiqbolga qaratilgan aniq rejalar asosida bunyod etilayotganini koʻrishimiz mumkin. Ayni paytda bu rejalar adolatli ekani, barchaga teng imkoniyatlar yaratayotganini ham eʼtirof etishimiz zarur.
Barcha zamonlarda xalqaro tajribani oʻrganish taraqqiyotning muhim bosqichi hisoblangan. Shu bois, ajdodlarimiz yarim yil piyoda yurib boʻlsa-da, oʻzga yurtlarga borib ilm oʻrgangan. Oʻz ustida ishlab, dunyo tamaddunida muhim shaxslarga aylangan. Xalqaro tajribani oʻrganish bugun osonlashdi. Texnik taraqqiyot sabab masofalar qisqardi. Muhimi, Oʻzbekiston dunyoga ochildi. Dunyo ham bizga quchogʻini ochdi. Shu bois, bunday tajriba almashish biz uchun yanada osonlashdi. Mazkur qarorda ham xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish va ular faoliyatida Oʻzbekiston sport hamjamiyati vakillari ishtirokini kengaytirish vazifasi qoʻyilgan. Aytish kerak, yangi Oʻzbekistonda parasportga jiddiy qarala boshlagan ilk kunlardayoq xalqaro aloqalarga alohida eʼtibor berishni boshlaganmiz.
Joriy yilning oʻtgan yarim yili misolida aytsak, Xalqaro koʻzi ojizlar sport federatsiyasi (IBSA), Jahon paraatletika, Polsha, Eron, Koreya, Belarus paralimpiya qoʻmitalari, Sankt-Peterburg shahrida A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Rossiya Federatsiyasi P.F.Lesgaft nomidagi Milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti delegatsiyalari bilan uchrashib, hamkorlik oʻrnatdik. Bundan tashqari, Xalqaro paralimpiya va Osiyo paralimpiya qoʻmitalari bilan kompleks musobaqalar hamda turli masalalar yuzasidan doimiy ish rejimida hamkorlik qilinmoqda.
Shu kabi tizimli ishlar 2028-yil Los-Anjeles shahrida boʻlib oʻtadigan XVIII Paralimpiya oʻyinlarida vatanimiz sportchilari yanada yuqori marralarni zabt etishiga qaratilgan.
Qaror bilan sportchilarni Los-Anjeles Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash dasturi ham qabul qilindi. Unda “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqasini tashkil etish va oʻtkazish nazarda tutilgan. Biz doim Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda ishlab, katta yutuqlarga erishib kelyapmiz. Ushbu qaror bilan belgilangan vazifalarni birgalikda yuqori saviyada bajarishga kirishdik.
Shu oʻrinda nihoyatda muhim jihatga eʼtibor qaratishni istardim. “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqasi shunchaki sport bellashuvi emas. U orzularga erishishda mehnatga yarasha munosib baho, yosh sportchilarning kelajakka yoʻllanmasidir. Chunki musobaqaning respublika bosqichida gʻolib boʻlganlar bevosita milliy terma jamoalarimiz zaxirasiga olinadi.
Musobaqada birinchi va ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritganlar Respublika paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga, uchinchi oʻrin egalari esa uning hududiy boʻlimlariga qabul qilinadi. Yaʼni musobaqa gʻoliblariga boʻlajak qahramonlar deb qaraladi. Bu ham boʻlsa, maqolamiz avvalida aytganimiz, yangi Oʻzbekistonda insonlar qalbida uygʻonayotgan mustahkam ishonchning yana bir ifodasidir.
Markazda oʻqish jarayoni ikki bosqichda kechadi. Birinchi bosqichda 8-11-sinflar uchun olimpiya va paralimpiya maktabi, ikkinchi bosqichda 1-2-kurslar uchun olimpiya va paralimpiya kolleji faoliyat koʻrsatadi.
Qolaversa, paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida terma jamoalar sportchilarini ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida tayyorlashga ham alohida ahamiyat berilyapti. Buning uchun zarur boʻlsa, chet ellik sport mutaxassislari jalb etib boriladi.
Shu oʻrinda yana bir mulohazani aytib oʻtmoqchiman. Parasportchini tayyorlash, uni natijador choʻqqiga olib chiqish juda katta mehnat, sabr-toqatni talab etadi. Avvalo, sportchini ishontirish, uning olgʻa intilishi uchun soʻnmas shijoatni uygʻotish kerak. Buning uchun murabbiyda katta mahorat va goʻzal insoniy fazilatlar mujassam boʻlishi shart. Shu nuqtayi nazardan, murabbiylarni yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlashdagi xizmatlari uchun ragʻbatlantirish tizimi takomillashtirilayotgani yanada quvonarli. Yaʼni paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari hamda oliy sport va sport turlari boʻyicha mahorat maktablariga qabul qilingan oʻquvchi-sportchi qoʻlga kiritgan natijalari uchun belgilanadigan ustamaning 10 foizini uni sport maktabida tayyorlagan murabbiyga toʻlash tartibi joriy etilyapti.
Qarordagi muhim jihatlardan yana biri Olimpiya shaharchasining Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga begʻaraz biriktirilgani boʻldi. Endi ushbu sport inshootlari tadbirlardan boʻsh vaqtlarda bemalol parasport musobaqalarini oʻtkazishimiz mumkin boʻladi. Buning qanchalik muhim ekanini teran anglash uchun Olimpiya shaharchasining imkoniyatlarini tushunishimiz kerak. Ayni paytda qurilishi davom etayotgan ushbu shaharcha xalqaro standartlarga toʻla javob beradigan zamonaviy sport kompleksi boʻladi. U har qanday musobaqani yuqori saviyada oʻtkazishga, muhimi, sportchilarimiz tayyorgarlik jarayonida katta maydonga moslashib borishida beqiyos oʻrin tutadi. Bunday koʻnikmalarning oʻz vaqtida shakllanishi, ayniqsa, parasportchilar uchun juda muhim.
Olimpiya shaharchasining maʼrifiy ahamiyati ham borki, bu xususda alohida toʻxtalmasak boʻlmaydi. Katta maydon, 100 gektar joyga qurilayotgan ushbu shaharcha “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi roʻparasida, Mustaqillik monumenti shundoq koʻrinib turadigan joyda qad rostlayapti. Bu bogʻ tom maʼnoda Uchinchi Renessansni yaratish ahdi, qatʼiy qarori bilan yashayotgan xalqimizning maʼnaviy birdamligi, orzu-umidlari ramzidir. Mustaqillik monumenti shonli tariximizni, bugunimiz va ertangi kunimizni oʻzida mujassam etgan. Ana shunday muhim, taʼbir joiz boʻlsa, kelajak yadrosi joylashgan hududga tutash holda katta sport kompleksi qurilishi biz tanlagan yoʻlga nozik ishoradir. Undan sal narida maʼrifat maskani shaharcha shaklida bunyod etilyapti.
Bundan anglash mumkinki, davlatimiz rahbari yangi Oʻzbekiston gʻoyasini hayotga tatbiq etishdan oldin puxta reja, aniq tasavvurga ega boʻlgan. Bu uzoqni koʻra oladigan yetakchilargagina xos fazilatdir.
Yangi Toshkentda birinchi bogʻ barpo etildi. U kelajak gʻoyasi shaklida hayotimizga kirib keldi. Soʻng maʼrifat maskanlarini bunyod etishga start berildi.
“Bugun “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markaziga tamal toshi qoʻyamiz. Yangi shahar qurilishi ilm-fan, maʼnaviyat maskanlaridan boshlanayotgani bejiz emas. Bular maʼrifatli jamiyat barpo etish gʻoyamizning asosi va namunasi boʻladi”, degan edi davlatimiz rahbari.
Nazarimda, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, maʼrifat maskanlari majmuasi, Olimpiya shaharchasi bir butunlikda yangi Oʻzbekistonning qiyofasini tashkil etadi. Chunki sport bilan shugʻullanadigan shaxs nafaqat jismonan, balki maʼnan ham chiniqadi. Buni fan isbotlagan. Donishmandlar bot-bot takror etgan. Xususan, “Mutanosiblikni saqlash, goʻzal va sogʻlom boʻlish uchun faqat fan va sanʼat sohasidagi bilimlarning oʻzi kifoya qilmaydi, buning uchun umr boʻyi badantarbiya va gimnastika bilan shugʻullanish talab etiladi”, deydi Aflotun.
Shu maʼnoda, biz koʻzlagan marrani zabt etish yoʻlida davlatimiz rahbarining “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) boʻlib oʻtadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu qaror va unda koʻrsatib oʻtilgan vazifalar ijtimoiy davlat maqomini olgan mamlakatimizda xalqni rozi qilish, barchaga teng va adolatli sharoit yaratishdagi muhim qadam. Ayni paytda yangi Oʻzbekistonni bunyod etishda yangi davr boshlanganini koʻrsatib beradigan betakror hujjatdir.
Muxtorxon TOSHXOʻJAYEV,
Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi









