Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabidir, degan maqol bejizga aytilmagan. Chunki aynan yoshlik davrida oʻrganilgan har qanday bilim va koʻnikma hayotdagi barcha yutuqlarning kaliti boʻlib xizmat qiladi. Qadimdan olim va donishmandlar yurti hisoblangan zaminimiz yoshlarining ilm-fan, texnika, sanʼat, sport sohasida qoʻlga kiritayotgan yutuqlari yildan- yilga ortib bormoqda. Bu borada esa, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar ana poydevor vazifasini oʻtamoqda.
Xususan, yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi yoʻlida yurtimizda barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Yurtimizda yoshlar siyosati umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq va normalar bilan hamohang tarzda olib borilmoqda. Yoshlarning intellektual, maʼnaviy va jismoniy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etiladigan yoshlarga yurt ravnaqini taʼminlovchi kuch sifatida ishonch bildirilmoqda. Zero, jamiyatning muntazam rivojlanib borishini yoshlarning tarbiyasi va bilim darajasi taʼminlab beradi.
Shu maʼnoda bugun yoshlarimizga oʻz ustida ishlashi, bilim olishi, fozil, barkamol inson boʻlib shakllanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mamlakatimizda erishilgan yutuqlar, taʼlim tizimini isloh qilish yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar hamda fidoyi ustozlarga yuksak eʼtibor tahsinga loyiqdir. Zero, ilmning afzalligini u sizni hech qachon tark etmasligi, ishlatilgani sayin ortib borishi, orzularingizga yetishishingizda koʻmakchi boʻlishidan bilsangiz boʻladi. Alisher Navoiy bobomizning “Ulugʻlik xushboʻyliklarini taratuvchi muhabbat shabadalari” nomli asarida ilmning ahamiyati haqida quyidagi jumlalar keltiriladi: Ilm – biz koʻp ishlatadigan atama. Ammo chuqur va nozik mazmunga ega ekanini Abu Tohir al-Abhariy bayonida yozadi: “Andin soʻrdilarki: Haqiqat nedur? Dedikim: Barchasi ilmdur. Dedilarki: Ilm nedur? Dedikim: Barchasi haqiqatdur”. Yaʼni har qanday haqiqat – ilm bilan isbotlanishi va har qanday ilm – haqiqatga tayanishidir.
Ilmning cheksiz qudratini chuqur his qilgan davlatimiz rahbari “Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm kerak” — deb taʼkidlagani bejiz emas.
Yakunlangan yilning 23-24-dekabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan Turkiya Respublikasi Millat kutubxonasida Turk dunyosi yosh tadqiqotchilar ittifoqining “Turk dunyosida oliy taʼlim kelajagi” mavzusida boʻlib oʻtgan Xalqaro kongressda yosh tadqiqotchi sifatida qatnashdim.
Kongressda 15 davlatdan 80 nafar yosh olimlar ishtirok etdi, qardosh xalqlarning taʼlim tizimi, imkoniyatlar borasida soʻz yuritdik.
Kongress mobaynida Yosh tadqiqotchilar uyushmasi rahbari Yunus Kacabyik kongress Turkiya va Turk dunyosida taʼlim faoliyatlarini davom ettirayotgan universitetlar va yosh tadqiqotchilarni mushtarak bir intellektual atrofida birlashtirib, oʻzaro taʼsir va hamkorlikni oshirish maqsadida tashkil etilganini taʼkidladi. Ushbu taʼkidning nechogʻli haqiqat ekanini tadbir davomida chuqur his qildim. Zero, kongressga tashrif buyurgan yosh tadqiqotchilarning maqsadi aniq — oʻz yurtidagi oliy taʼlim islohotlari, yangiliklar va innovatsiyalar haqida maʼlumot berib, qardosh yosh olimlardan shunday maʼlumotlarni bilib olish. Bahs-munozaralarga boy boʻlgan kongresda yosh olimlar va turli soha professorlari oʻrtasida ilmiy suhbatlar tashkillashtirildi. Professorlar tomonidan berilgan tahliliy javoblar taʼsirida, umuman, shunday ilmiy doirada koʻplab bilim va koʻnikmalarga ega boʻldim. Tengdoshlarimning ilmga chanqoqligi, zamonaviy hamda kreativ fikrlashi meni yanada ilhomlantirdi. Yurtimizning jahon hamjamiyati bilan integratsiyalashuv jarayonida oʻz hissamni qoʻshish, buning uchun esa, zamonaviy bilimlarni egallash naqadar muhim ekanligini yanada chuqur angladim. Kongressda “Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida madaniyat va sanʼatning oʻrni” mavzusida maʼruza qilib, mamlakatimizda madaniyat va sanʼat sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan imkoniyatlar borasida soʻz yuritdim. Zero, bolaligimdan adabiyotga, musiqaga, kitob oʻqishga umumiy olganda, ijodiy faoliyatga qiziqardim. Shu boisdir balki kasbiy hayotim ham madaniyat, sanʼatga bogʻlangandir. Ijodkor yoshlarning sifatli bilim olishi va vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishlari uchun Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar haqida soʻzlar ekanman, mamlakatimiz yetakchisining “Biz tashqi siyosatimizda uzoq va yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstlik aloqalarini koʻz qorachigʻiday asrab-avaylab, barcha sohalarda oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantiramiz”, – degan soʻzlari yana bir jarang berganday boʻldi. Bu purmaʼno soʻzlarning asl mohiyatini yanada teranroq angladim.
Men ayni paytda yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida yoshlarning ham ilmiy ham ijodiy faoliyatlari uchun barcha shart-sharoitlar mavjud ekanligi, ularning xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorliklari haqida ham soʻz yuritdim. Binobarin, biz yosh tadqiqotchilar bu kabi hamkorliklar barqaror boʻlishini, turk dunyosidagi tengdoshlarimiz bilan doʻstona munosabatlarni mustahkamlab, ilmiy va ijodiy tajriba almashish tarafdori ekanimizni ham taʼkidladim.
Kongresdan olgan xulosalarimdan kelib chiqqan holda tengdoshlarimga shuni aytmoqchimanki, mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyat va sharoitdan unumli foydalanishimiz kerak, imkoniyat va sharoitlar faqatgina nurli ertamiz, porloq kelajagimizga xizmat qilsin. Zero, zamon shiddat bilan oʻzgarmoqda. Tub burilishlar, islohotlar davrida yashayapmiz. Yangi Oʻzbekistonni yangi tafakkur bilangina qura olamiz. Buning uchun esa, har birimiz oʻz ustimizda tinimsiz ishlab, samarali mehnat qilishimiz darkor!
Kamoliddin UMAROV,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va
madaniyat instituti tayanch doktoranti