2016-yil 29-dekabr. Bu sana dunyodagi eng gigant korxonalardan birining tarixidagi ilk zarhal bitik bo'ldi. Aynan shu kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Sho'rtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilg'i ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan “Uzbekistan GTL” zavodini barpo etishga start berildi.
Dunyoda tengi yo'q loyiha
O'sha kezda sanoat majmuasi o'rni qup-quruq dasht bo'lib, qarorda qurilishi to'xtab qolgan loyihani amalga oshirishga doir barcha masalalarni hal qilish yo'llari o'z ifodasini topgan edi. Ushbu investitsiya loyihasi dunyodagi yetakchi litsenziar kompaniyalar — AQSHning “Shevron”, Daniyaning “Xaldor Topse”, Janubiy Afrika Respublikasining “Sasol” kompaniyalari texnologiyalari asosida barpo etildi. Qurilish ishlari bosh pudratchi – Koreya Respublikasining “Hyundai Engineering Co. Ltd.” va “Hyundai Engineering and Construction Co., Ltd”, Singapurning “Enter Engineering Pte. Ltd.” kompaniyalari tomonidan olib borildi.
Loyihaning dastlabki qiymati 3,73 milliard AQSH dollarini tashkil etgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Sho'rtan gaz-kimyo majmuasi va “Uzbekistan GTL” kompleksi negizida mintaqada yagona gaz-kimyo klasteri yaratilishi tufayli uni loyihalashtirish davrida qilingan o'zgartirishlar, shuningdek, moliyaviy xarajatlar kamaygani hisobiga qiymatini 310 million AQSH dollaridan ziyodroqqa maqbullashtirishga erishildi.
“Uzbekistan GTL” loyihasining moliyaviy modelini ishlab chiqishda “ING Group” (Niderlandiya/Buyuk Britaniya) va “Gazprombank” AK (Rossiya) kabi nufuzli xalqaro moliyaviy konsultantlar ishtirok etdi. Ular “O'zbekneftgaz” AJ mutaxassislari bilan birgalikda uning rentabelligi, kreditni to'lash shartlari, qoplash va shu kabi muhim jihatlar hisobga olingan to'liq moliyaviy modelni tayyorladi. Ushbu hisob-kitoblar, o'z navbatida, salohiyatli kreditorlar tomonidan diqqat bilan o'rganilib, tahlil qilindi. Natijada majmua qurilishiga “O'zbekneftgaz” AJ hamda O'zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi bilan birgalikda Xitoy davlat taraqqiyot banki, Janubiy Koreya eksimbanki va eksport kreditlarini sug'urtalash davlat korporatsiyasi, “Gazprombank”, “Roseksimbank”, Rossiya eksport kredit va investitsiyalarni sug'urtalash agentligi kabi nufuzli moliya kompaniyalari o'z sarmoyalarini tikishga qaror qildi. Ushbu kompaniyalarning “Uzbekistan GTL” rentabelligiga ishonchi xalqaro maydonda uning mavqei va nufuzini yanada oshirdi.
Shu tariqa loyihaning umumiy qiymati 3 milliard 420 million AQSH dollarini tashkil etdi. Uning amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YeVRO-6 standartlariga javob beradigan, yillik qiymati bir milliard dollardan oshadigan 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel` yonilg'isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.
Nufuzli ekspertlar fikricha, majmuaning asosiy ahamiyati ham mana shunda. Ya'ni tabiiy gaz shunchaki xomashyo emas, qo'shimcha qiymatli mahsulot sifatida sotiladi.
Uning dunyo neft-kimyo sanoatidagi salohiyati haqida gap borganda, bunday korxonalar faqat Qatar, Janubiy Afrika Respublikasi, Nigeriya, Malayziyada mavjudligi, MDHda qurilgan birinchi zavod ekani e'tirof etiladi.
Bu yerda ishlab chiqarish boshlanishi bilan 1300 ta yangi ish o'rni yaratilishi, davlat byudjetiga har yili o'rtacha 2 trillion so'mdan ziyod soliq tushumi kutilyapti. Shu bilan birga, 500 million dollarlik import o'rni qoplanadi, 200 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.
— Bunday yirik loyiha qurilishi tarixda ilk marotaba kuzatildi. Zavod kuniga 37 ming barrel suyuq yoqilg'i ishlab chiqaradi. Shu tarzda O'zbekiston dunyo miqyosida mazkur yo'nalishdagi yetakchi davlatga aylanadi, — deydi “Sasol” kompaniyasi vakili Yoxan Degenaar.
Shu o'rinda bir qiyos. Qatarda GTL texnologiyasi asosida faoliyat ko'rsatuvchi zavodda bir yilda 1 million 200 ming tonna suyuq sintetik yonilg'i ishlab chiqariladi. Nigeriyadagi korxonaning quvvati 1 million 300 ming tonnani tashkil etadi. “Uzbekistan GTL”da bu ko'rsatkich 1,5 million tonna bo'ladi. Bu — yiliga neft` xomashyosi importi uchun sarflanayotgan yarim milliard dollar valyuta iqtisod qilinadi, degani.
— Loyihada neft hamda tabiiy gazni qayta ishlash zavodlari uyg'unlashgan, — deydi “Uzbekistan GTL” zavodi bo'lim boshlig'i Nosir Zokirjonov. — Ya'ni zavodning yarmi gazni, qolgan qismi neftni qayta ishlaydi. Loyihaning noyobligi shunda. Zavod uchun eksklyuziv tayyorlangan Fisher-Tropsh reaktorlari yordamida metan gazi molekulyar darajada parchalanadi. Bu jarayonda sintetik gaz olinadi. Undan istalgan neft mahsulotini tayyorlash mumkin.
Alohida ta'kidlash kerakki, bu yerda 300 million dollarlik gaz qayta ishlanib, qiymati 3 barobar yuqori va dunyo bozorida talab katta bo'lgan tayyor mahsulotga aylantiriladi. Masalan, ishlab chiqariladigan aviakerosin boshqa zavodlar mahsulotiga nisbatan juda toza va sifatli bo'lib, eng zamonaviy samolyotlarga mo'ljallangani uchun unga hamisha talab yuqoridir.
Dizel yoqilg'isi esa eng kamida “Yevro-6” standartlariga javob beradigan bo'lib, mintaqada bunday toza mahsulot ishlab chiqaradigan korxona umuman mavjud emas. Bu esa, o'z navbatida, ushbu mahsulotlar hisobidan respublikada aviatsiya xablarini tashkil etish hamda yuk tashishda xizmat qiladigan yirik logistika kompaniyalarini rivojlantirishga mustahkam zamin yaratadi.
Yana bir muhim jihati, zavodni elektr energiyasi bilan ta'minlashda ham innovatsion yechimlar qo'llangan. Ya'ni texnologik jarayonlarda hosil bo'ladigan bug' hisobidan yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, zavod o'zini o'zi energiya bilan ta'minlaydi.
Prezidentning har bir tashrifi qurilish shiddatiga qanot berdi
2017-yil 24-fevral. Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog'ida zavod qurilishi maydoniga keldi. Uni moliyalashtirish, xorijiy texnologiyalar bilan jihozlash, quruvchilar va kadrlar ta'minoti bilan bog'liq yo'nalishlarini chuqur tahlil qildi. Xususan, majmua uchun zarur bo'lgan 10 mingdan ortiq texnologik uskuna YAponiya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya kabi 24 ta davlatning 130 ga yaqin korxonasida tayyorlanishi belgilandi.
Bunday ish hajmi bejiz emas. Tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg'i (GTL) olish juda noyob jarayon bo'lib, yuqori texnologiyalar va murakkab ilmiy echimlarni talab etadi.
2018-yil 13-dekabr. Bu kun ham majmua qurilishi tarixidagi yana bir muhim sahifaga aylandi. Ana shu kezda 135 gektardan ziyod maydonda qurilish ishlari qizg'in davom etardi. Temir-beton poydevorlar qo'yilib, estakadalar ko'tarilgan. Ulkan avtokranlar o'rnatilib, murakkab uskunalarni yig'ish boshlab yuborilgan. Zavodning yuragi bo'lgan Fisher-Tropsh reaktori barpo etilardi.
Davlatimiz rahbari majmua qurilishini ko'zdan kechirib, pudratchi va investorlar bilan suhbatlashdi. Ularga texnika va resurslardan maksimal foydalanish, qurilish-montaj jarayonlarini oqilona muvofiqlashtirish, zavodni ishga tushirishni tezlashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
Majmuani qurish jarayonida uch yildan buyon ishtirok etayotgan xalqaro konsultant Saravanan Suvermanining so'zlariga ko'ra, Qashqadaryoda bunyod bo'layotgan sanoat majmuasi dunyodagi GTL loyihalari ichida eng ulkani.
— O'zbekiston Prezidenti zavod qurilayotgan maydonga bir necha bor tashrif buyurdi, — deydi Saravanan Suvermani — Zero, bu tashabbus ortida yangicha tafakkur, texnologiyalar, yangi istiqbol va eksportning yangi imkoniyatlari mujassam. Mamlakat rahbari loyihani hayotga tatbiq etishga katta e'tibor qaratib keldi. Bizni qo'llab-quvvatlab, yuzaga keladigan har qanday masala va muammoni hal etdi. Bu qurilish shiddatiga qanot berdi. Majmua mamlakat uchun ulkan iqtisodiy istiqbollarni belgilaydigan yirik quvvat. Bu yerda sanoat va qishloq xo'jaligi uchun zarur barcha yoqilg'i turlari ishlab chiqariladi. Tabiiyki, mamlakatning iqtisodiy rivojiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Bu kabi ulkan quvvatlarni ishga tushirish orqali qisqa fursat ichida aql bovar qilmas iqtisodiy yuksalishga erishish mumkin.
Zavod qurilishi shiddat bilan boshlandi. Hatto koronavirus pandemiyasi davrida ham ishlar biror kun to'xtamadi. To'g'ri, xorijdan mutaxassis va uskunalar keltirish, albatta, oson bo'lmadi.
Qurilishda bir vaqtning o'zida 13 mingdan ortiq muhandis va ishchi-quruvchi qatnashgani bu yerda qisqa muddatda naqadar keng ko'lamli ishlar bajarilganini ko'rsatadi. Ularning 20 foizi Yaponiya, Italiya, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya, Rossiya, Hindiston, Filippin va boshqa davlatlarning malakali mutaxassislari bo'lsa, 80 foizini o'zimizning kadrlar, xususan, yangicha ishlashga intiluvchan yoshlar tashkil etdi.
— Avvalo, o'zim shu zamin farzandi bo'lganim, bu yerda ulkan inshoot barpo etilayotganidan va qurilishga o'z hissamni qo'shganimdan juda xursandman, — deydi jamoa rahbari Baxtiyor Samandarov. — Biz 15 kishilik jamoamiz bilan quvurlarni montaj qildik, payvandladik. Bu boradagi ishlarni sarhisob qiladigan bo'lsak, 678 mingtadan ortiq texnologik quvurda payvandlash va montaj ishlari bajarildi, 27 ming 600 tonnadan ortiq temir konstruksiyalar o'rnatildi.
— Uglevodorodni parchalab, undan umuman boshqa neft mahsuloti hosil qilish uchun, albatta, juda chuqur qayta ishlash texnologiyasi talab etiladi, — deydi “Uzbekistan GTL” zavodi bo'lim boshlig'i Nosir Zokirjonov. — Majmuada haroratni avtomatik tarzda nazorat qiladigan eng zamonaviy texnologiya va reaktorlar o'rnatilgan. Ishlab chiqarishga doir texnologik yechimlar, uskuna va jarayonlarni qo'llash uchun 140 ta xalqaro litsenziya va patent olindi. Ularning aksariyati dunyoda yagona va noyob hisoblanadi. Bunday tarixiy, ulkan loyihalarda ishtirok etish har bir yoshning orzusi deb o'ylayman. Albatta, men ham yosh muhandis sifatida bu qurilishga o'z hissamni qo'shganimdan faxrlanaman.
Shu o'rinda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti professori Oktyabr` Rahimov bildirgan fikrlarni eslash o'rinli bo'ladi:
— GTL rahbariyati zavodning ishga tushganidan keyingi taqdirini belgilash uchun yaqinda o'zbek olimlari bilan hamkorlik doirasida tanlov e'lon qildi. Tanlovda ishtirok etdim. “Men bilan kim suhbat qilarkan?” deb kutib turdim. Yosh mutaxassislar kelishdi. Hayratim yanada oshdi. Ingliz tilida xorijlik ekspertlar bilan erkin muloqot qilyapti. Ko'zlari yonib turibdi. Hali zavod ishga tushmasdan muammolarga yechim izlashyapti: tabiiy gazni qayta ishlagandan keyin chiqindilar hosil bo'ladi. Shu chiqindini takror qayta ishlab, yana qanday mahsulot ishlab chiqsak bo'ladi? Forsayt — yuqori texnologiya asosida zavodning 2050-yilgacha bo'lgan strategiyasini bashoratlash haqida gapirishyapti. Yoshlarimizning bunday zamonaviy texnologiyalardan xabardor ekaniga qoyil qoldim. O'z ishini shunday puxta biladiki, haqiqatan ham hayron qolmay iloj yo'q.
Ana shu tajriba kelgusida mamlakatimizda yangi sanoat obyektlarini o'z kuchimiz bilan barpo etishda juda asqatdi.
Yangi majmuaning tamal toshi va
noyob texnologik klasterlar
2021-yil 25-dekabr. Prezidentimiz Yangi yil ostonada eshik qoqib turgan quvonchli lahzalarda “Uzbekistan GTL” zavodining ishga tushirilishiga bag'ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi va mamlakatimiz sanoatida yana bir yorqin sahifa ochayotgan ulkan voqeaga guvoh bo'lish barchamizga cheksiz quvonch bag'ishlashini bildirdi.
Bugungi kunda GTL texnologiyasiga butun dunyoda talab kun sayin ortib borayotganini qayd etar ekan, shu asosda ishlab chiqarilgan mahsulotlardan xomashyo sifatida foydalangan holda yanada yuqori qo'shilgan qiymatli yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashni ko'paytirish bo'yicha rejalarning muhim jihatlariga e'tibor qaratdi. Jumladan, zavod negizida alkil benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qo'shimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha qiymati 620 million dollar bo'lgan 6 ta loyiha amalga oshiriladi. O'z navbatida, bu yarim tayyor mahsulotlar kimyo va maishiy kimyo, to'qimachilik, charm va mebel, qurilish materiallari, elektrotexnika kabi sohalarda keng qo'llaniladi.
Shu kuni yana bir tarixiy loyihani joriy etishga tamal toshi qo'yildi. Endilikda Sho'rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengayadi.
Yangi quriladigan ushbu korxonada “Uzbekistan GTL”da ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash hisobidan yiliga 380 ming tonna polietilen va polipropilen tayyorlanadi. Yana mingga yaqin yangi ish o'rni yaratiladi. Natijada qo'shimcha 550 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.
O'z navbatida, ana shu mahsulotlarni yanada chuqur qayta ishlash orqali 2 barobargacha ko'p iste'mol mahsulotlari tayyorlash mumkin. Misol uchun, 100 million dollarlik polimerlardan elektrotexnika, qurilish materiallari, avtomobil sanoati va boshqa sohalarda yiliga qo'shimcha 200 million dollarlik mahsulotlar xaridorlarga taklif etiladi. Shuningdek, plastmassa va har xil turdagi qadoqlash buyumlari, suv ta'minoti uchun quvurlar ishlab chiqarish ko'payadi. Ularni ishlab chiqaradigan yana kamida 1 ming 200 ta yangi xususiy korxona va 12 mingta ish o'rini tashkil etilishi uchun asos yaratiladi.
Ushbu yangi loyihaning qiymati 1,8 milliard dollarga teng bo'lib, uni moliyalashtirish uchun Rossiyaning “Gazprombanki”, Yevropaning “Doychebank”, “Landesbank” kabi banklari, Xitoyning davlat taraqqiyot banki va boshqa moliyaviy muassasalardan mablag'lar jalb etiladi.
Prezidentimiz e'tirof etganidek, ana shu ikkita yangi zavod hisobidan Sho'rtan majmuasida respublikamizning birinchi yirik gaz-kimyo klasteriga asos solinadi. Ushbu klasterda mahsulot ishlab chiqarish hajmi hozirgi 290 million dollardan 2025-yilda 1,8 milliard dollarga etkaziladi, ya'ni 6 barobar oshadi.
“UzGTL” zavodi va yangi quriladigan majmua hisobidan yurtimizda tabiiy gazni chuqur qayta ishlash darajasi qariyb 2 barobar ko'payib, hozirgi 8 foizdan 14 foizga yetadi. Shuningdek, respublikamizda polimer mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ham 2 barobar oshadi. Buning natijasida ushbu klaster tizimidagi korxonalar 1 dollarlik xomashyodan 10 dollarlik yuqori qo'shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar yaratadi.
Yangi majmualar nafaqat mahsuloti, balki sanoatning boshqa sohalarida ishlab chiqariladigan 100 million dollarlik butlovchi va ehtiyot qismlar uchun ham bozor shakllantiradi. Shu bilan birga, mazkur klasterda mehnat qiladigan yangi ishchilar o'z turmush ehtiyojlari uchun hududdagi xizmatlar sohasi rivojiga hissa qo'shib, kamida yana 100 milliard so'mlik talabni yaratadi.
Prezidentimiz ta'kidlaganidek, mazkur jarayonlarda ishtirok etadigan yoshlar — yangi O'zbekiston yoshlari. Ular milliy sanoatimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shib, bu yo'lda “oltin fond”imizga aylanadi.
Buning uchun keng imkoniyatlar yaratilib, Qashqadaryo viloyatidagi barcha kasb-hunar markazlari Sho'rtan gaz-kimyo majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash va yangi “UzGTL” zavodlariga biriktiriladi. Ta'lim jarayoniga xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi, zamonaviy dasturiy ta'minot va simulyatorlar olib kelinadi.
Mamlakatimizda zamonaviy sanoatni shakllantirishda kimyo va neft-gaz kimyosi sohalari asosiy “drayver”lar sifatida belgilab olingan. So'nggi besh yilda bu sohalarda 5 ta yirik loyiha ishga tushirilgan bo'lib, yiliga jahon bozorida talab yuqori bo'lgan 450 million dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.
Agar bu tarmoqqa oldin faqat davlat sarmoya kiritgan bo'lsa, oxirgi yillarda esa xususiy sektor to'g'ridan-to'g'ri faol kirib kelmoqda. Masalan, “Navoiyazot”da Avstriya, Germaniya, Xitoy va Turkiya, Toshkent viloyatida Rossiya kompaniyalari yangi loyihalarni boshladi. Shuningdek, “xomashyodan — tayyor mahsulotgacha” zanjiri doirasida yuqori qiymatli tovarlarni ishlab chiqarish bo'yicha Toshkent, Navoiy, Farg'ona, Buxoro viloyatlarida va Ustyurtda yana 5 ta kimyo texnologik klaster tashkil etiladi.
Mazkur klasterlarda kelgusi yillarda umumiy qiymati 8 milliard dollar bo'lgan 60 dan ziyod loyiha amalga oshiriladi. Loyihalar hisobidan yiliga 180 turdagi 5 milliard dollarlik yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Shuningdek, 1,2 milliard dollarlik mahsulot eksporti hamda 5,5 trillion so'mlik byudjet tushumlari ta'minlanadi. Eng muhimi, qo'shimcha 15 mingtadan ziyod yangi ish o'rni yaratiladi.
Shunday ekan, “UzGTL” zavodi va Sho'rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish bo'yicha loyihalar yangi O'zbekistonda yangi sanoat davrini yaratishda tarixiy qadam bo'lib, iqtisodiy islohotlarning amalga oshishida innovatsion zamin vazifasini o'taydi.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri