Bugun Bosh prokuraturada Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Baxriddin Valiyev rahbarligida 2021-yil 18-fevraldagi Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunining mazmun-mohiyati, amaliyotda tatbiq etish masalalariga bagʻishlangan oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.

Unda Bosh prokuratura, IIV, DXX, Bojxona qoʻmitasi, Milliy gvardiya va boshqa sohaga aloqador mutasaddi idoralar hamda ushbu organlarning viloyatlar, tuman - shaharlardagi quyi tuzilmalari masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Bahs-munozara tarzida oʻtgan oʻquv seminarda barcha ishtirokchilarga Qonun talablari, uni amaliyotda qoʻllash masalalari batafsil tushuntirildi.

Ish jarayonida qonunni qoʻllash yuzasidan yagona amaliyotni shakllantirish, tergov sifatini yaxshilash borasida tubdan burilish yasash, xodimlarning malakasini doimiy ravishda oshirib borish boʻyicha tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berildi.