Yangi qonun hajmi jihatidan amaldagisidan salkam to‘rt barobarga katta

    Mahalliy mehnat organlariga murojaat etgan ish qidirayotgan va ishsiz shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmat turlari 7 tadan o‘n oltitaga ko‘paytirildi.

    Ayni kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokamada bo‘lgan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun amaldagi “Aholi bandligini ta'minlash to‘g‘risida”gi qonundan tubdan farq qiladi. Avvalo, hajmi jihatidan amaldagisidan salkam to‘rt barobarga katta. Yangi qonun loyihasi amaldagi 3 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12 ta farmon va qarorlarida hamda Vazirlar Mahkamasining bandlik va mehnat bozorini tartibga solish, tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq 40 dan ziyod me'yoriy hujjatlarda ko‘zda tutilgan huquqiy normalarni, tizimdagi so‘nggi islohotlarni, yangi moliyaviy mexanizmlarni o‘zida jamlagan.

    Loyihada amaldagi qonunda bo‘lmagan ishsiz shaxslarni va ish qidirayotgan shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, ishga joylashtirish bo‘yicha agentlar hamda autstaffing xizmatlarini ko‘rsatuvchi ish beruvchilarning sohadagi vazifalari alohida moddalarda qayd etildi.

    Bundan tashqari, qonunda ish o‘rinlarini tashkillashtirish tartibiga ham aniqlik kiritildi. Hamda ish o‘rinlarini tashkil etishga doir davlat buyurtmasini shakllantirish, davlat buyurtmasiga muvofiq ish o‘rinlari tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mahalliy mehnat organlariga murojaat etgan ish qidirayotgan va ishsiz shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish masalalari belgilab berildi. Ish o‘rinlarini tashkil etishga doir buyurtmani olgan tashkilotlarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan uch yilgacha muddatga ssuda ajratilishi nazarda tutildi. Mahalliy mehnat organlariga murojaat etgan ish qidirayotgan va ishsiz shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmat turlari 7 tadan o‘n oltitaga ko‘paytirildi. Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish ham tartibga solindi. Jumladan, ijtimoiy ehtiyojmand aholi toifalari kengaytirilib, ularga 14 yoshga to‘lmagan bolalari va nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz hamda ko‘p bolali ota-onalar kiritildi. Barcha toifadagi ishsiz shaxslarga ishsizlik nafaqasi 12 oylik davr ichida 26 kalendar hafta davomida to‘lanishi belgilandi. Ishsizlarni ish qidirish davrida moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishsizlik nafaqasining miqdori ikki yarim barobarga oshirildi. Birgina misol, ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslar uchun — belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida 75 foizi miqdorida (509 497 so‘m) ishsizlik nafaqasini to‘lash belgilandi.

    Qonunning alohida bobida fuqarolarning chet ellarda ishlash huquqi, chet elda ishlash tartibi, mehnat migrantlarining keng qamrovli ma'lumotlar bazasini shakllantirish, ularning ketishdan oldingi tayyorgarligi, monitoringi va moddiy va ijtimoiy himoyasi kabi bandlikning kompleks masalalari o‘z ifodasini topdi. Shuningdek, unda amaldagi qonunda mavjud bo‘lmagan bir qator yangi tushunchalar alohida moddada berildi. Masalan, o‘zini o‘zi ish bilan band qilish, “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi, kasbiy malaka, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi, malakani baholash va boshqalar shular jumlasiga kiradi.

    O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan beriladigan moliyaviy yordam — subsidiyalar, ajratiladigan pul mablag‘lari va moddiy resurslar — grantlarning kimlar va nima maqsadlarda berilishiga oid normalar alohida moddalarda, amaliyotda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan tarzida belgilab berildi.

    Yangi Qonunda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan tijorat banklarida kredit liniyalari ochish orqali keyinchalik banklar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratilishini nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirishga mikrokreditlar ajratish masalasi ham aks etdi.