Yangi qonun: ishonch, xotirjamlik va daxldorlik hissi

    Qariyb toʻrt yil mobaynida 108 mingdan ziyod yurtdoshimizning orzusi ushaldi. Bu vatanli boʻlish, Oʻzbekistonda teng huquqli yashash, oʻz uyida doimiy roʻyxatdan oʻtish niyati edi.

    Qariyb toʻrt yil mobaynida 108 mingdan ziyod yurtdoshimizning orzusi ushaldi. Bu vatanli boʻlish, Oʻzbekistonda teng huquqli yashash, oʻz uyida doimiy roʻyxatdan oʻtish niyati edi. Bugun ular baxtiyor kayfiyatda yurtimiz taraqqiyoti yoʻlida mehnat qilmoqda. Xalqchil islohotlardan minnatdor. Prezidentimizning tashabbusi bilan amalga tatbiq etilgan fuqarolik masalalariga oid qonunchilik takomillashtirilgani hali yana koʻplab vatandoshlarimiz hayotida tub burilish yasashi tabiiy.

    Gap shundaki, mamlakatimizda fuqarolik masalasiga, pasport tizimi islohotlariga doir yana bir muhim tarixiy hujjat – 28 yil amalda boʻlgan, bugungi zamon talablariga javob bermaydigan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonun 2020-yil 13-mart kuni yangi tahrirda qabul qilindi va 15-sentyabrdan toʻliq kuchga kirdi.

    – Mazkur qonun bilan qanday yangi tartiblar joriy etildi?

    Alisher HAMROYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari:

    – 2020-yil 24-yanvarda Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish zarurligini alohida taʼkidlagan, xususan, mamlakatimizda uzoq vaqtdan buyon yashab kelayotgan, lekin Oʻzbekiston fuqarosi huquqiy maqomiga ega boʻla olmayotgan yurtdoshlarimizning bu muammosini qonuniy hal etish boʻyicha vazifalarni belgilab bergan edi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2018-yil 25-oktyabrdagi “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham bu masalaga eʼtibor qaratilgandi.

    Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi yangi qonun 10 bob, 58 moddadan iborat boʻldi.

    Endilikda mamlakatimizda uzluksiz 5 yil yashagan xorijiy davlat fuqarolari, agar xorijiy davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan boʻlsa, shuningdek, yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi yoʻq shaxslarga umumiy tartibda, xorijiy davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs hisoblangan vatandoshlarga soddalashtirilgan tartibda Oʻzbekiston fuqaroligi taqdim etiladi. Alohida hollarda Prezident tashabbusi bilan ham fuqarolik beriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi yoʻqotilishiga asos sifatida xorijda yashovchi shaxsning uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmaslik muddati 3 yildan 7 yilga uzaytirildi.

    Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilish sharti sifatida davlat tilini muloqot uchun yetarli darajada bilish boʻyicha talablar kiritildi. Bu eng koʻp muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Avvalo aytish joizki, fuqarolik berishda davlat tilini bilishga talab qoʻyish xalqaro tajribada ham kuzatiladi. Mantiqan yondashganda esa qaysiki yurtda doimiy yashash istagini bildirib, fuqarolikka qabul qilingan shaxs davlat tilida muloqot qilishni bilmasa, qanday yashaydi axir?! Albatta, qonunda fuqarolikka qabul qilinayotgan shaxs davlat tilini mukammal bilishi talab etilmaydi, shunchaki muloqot darajasida bilsa boʻldi. Bu mezonni Vazirlar Mahkamasi belgilaydi va talablar test shaklida baholanadi.

    Qonun bilan er-xotinning nikohdan keyin 1 yil birgalikda yashash sharti hamda shu muddatda ajrashib ketishsa doimiy roʻyxatdan chiqarib yuborilish tartibi ham bekor qilindi. Endilikda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani rasmiylashtirish chogʻida farzandni otasi yoki onasining doimiy yashash joyi boʻyicha avtomatik tarzda Ichki ishlar vazirligi “Manzil” tizimi orqali roʻyxatga olish mexanizmi yaratildi. Shuningdek, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslarni tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyish imkoniyati yaratildi.

    Yashash joyi boʻyicha doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga uzaytirildi. Doimiy yashovchi hamda yashash guvohnomasiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning xorijga ketishi uchun hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi soddalashtirilib, koʻrib chiqish muddatlari chet el fuqarolari uchun 7 ish kuni, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun 15 kun etib qisqartirildi. Shu vaqtgacha chet el fuqarolariga ketish hujjatlari 1 oy, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga 2 oy davomida rasmiylashtirilar edi.

    Mamlakatning boshqa hududlarida doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasi bekor qilindi. Roʻyxatga turish uchun fuqaro emas, uy-joy mulkdori oʻziga qulay va yaqin boʻlgan ichki ishlar organiga borib, shu kunning oʻzida fuqaroning doimiy roʻyxatga olinishini rasmiylashtirishi mumkin boʻladi.

    Yangi qonunda fuqarolik masalalariga doir ishlarni yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi vakolat doirasiga bevosita tegishli boʻlmagani sababli Parlament vakolatlari qonun hujjatida aks ettirilmagan. Endilikda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonun ijrosi nazoratini “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlariga asosan “Parlament nazorati” shaklida amalga oshiradi.

    Vazirlar Mahkamasi esa oʻz vakolat doirasida “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi qonunning 8-19-moddalari asosida davlat boshqaruvi tizimga kiruvchi idoralarning fuqarolik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish faoliyatini tashkil etish choralarini koʻradi.

    – Fuqarolikni berish va doimiy roʻyxatga qoʻyish tartibi qay tarzda amalga oshiriladi? Buning uchun qanday huquqiy asos va hujjatlar talab qilinadi?

    Ulugʻbek MUXAMEDOV: Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi:

    Avvalo, yangi qonundagi eng asosiy yangiliklardan biri sifatida – 1995-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekistonga kirib kelgan va doimiy yashash uchun roʻyxatdan oʻtgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda mazkur qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston fuqarosi, deb tan olinishini aytish mumkin. Yurtimizda yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan 95 ming 857 shaxsdan 49 ming 228 nafari 1995-yilning 1-yanvariga qadar doimiy roʻyxatdan oʻtgan. Yangi qonun bilan esa qolgan 50 mingga yaqin yurtdoshimizning fuqarolik bilan bogʻliq muammosi hal etilishi uchun yaxshi imkoniyat paydo boʻldi.

    2016-yilga qadar 482 fuqaroligi boʻlmagan shaxsga fuqarolik berilgan boʻlsa, 2016-yil dekabr oyidan buyon Prezidentimizning 58 Farmoni bilan 16 mingdan ortiq yurtdoshimiz Oʻzbekiston fuqaroligiga ega boʻldi. Toshkent shahrida 68 ming 649, Toshkent viloyatida 23 ming 623 Oʻzbekiston fuqarosi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olindi.

    Yangi qonun bilan fuqarolikni berish, doimiy roʻyxatga qoʻyish tizimidagi oʻzgarishlar, buning uchun talab etiladigan huquqiy asos va zarur hujjatlar, qaysi idoraga va qay tartibda murojaat qilish masalasi bugun koʻpchilikni qiziqtirayotgani tabiiy.

    Fuqarolikka qabul qilish uchun Oʻzbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar doimiy istiqomat joylaridagi ichki ishlar organlari orqali mamlakat Prezidenti nomiga fuqarolikka qabul qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi.

    Ikki nusxadagi ariza-soʻrovnomaga xorijiy fuqarolikdan chiqqanlik toʻgʻrisida guvohlik beruvchi hujjat (fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan tashqari), ikki nusxada tarjimayi hol, kun kechirishning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (ish joyidan maʼlumotnoma yoki ish haqi, pensiya, nafaqa, divedendlar va kun kechirishning boshqa manbalari koʻrsatilgan boshqa hujjat), toʻrtta fotosurat, ikki nusxada oilasining tarkibi toʻgʻrisida ish joyidan maʼlumotnoma, davlat boji toʻlanganligi yoki uni toʻlashdan ozod qilinganligi haqidagi hujjat ilova qilinadi.

    Chet elda doimiy yashovchi shaxslar esa Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilish yuzasidan oʻzlari yashab turgan mamlakatdagi diplomatiya va konsullik muassasalarimiz orqali Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga ariza va tegishli hujjatlar bilan murojaat etadilar.

    Oʻzbekiston fuqarolariga yashash joyi boʻyicha doimiy roʻyxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga roʻyxatga olish shtampini bosish amaliyotidan voz kechilib, doimiy roʻyxatga ega boʻlish holati raqamlashtirildi.

    Elektron doimiy roʻyxatga olinishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan roʻyxatdan chiqish mexanizmi bekor qilindi. Shuningdek, harbiy xizmatga majburlarning doimiy roʻyxatni rasmiylashtirishdan oldin mudofaa ishlari boʻlimlariga harbiy hisobdan chiqish va harbiy hisobga turish uchun borish tartibi bekor qilinib, ushbu jarayonni idoralararo elektron maʼlumot almashinuvi dasturi orqali amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi. Masalan, fuqaro Surxondaryo viloyati Denov tumanida doimiy roʻyxatga ega boʻlsa, Toshkent shahrining qaysidir tumaniga roʻyxatga qoʻyish uchun avvalgi manziliga yana qaytib borib, harbiy xisobdan va doimiy roʻyxatdan chiqishi shart emas. Bu jaaryon yangi manzilga roʻyxatga qoʻyish uchun murojaat etgan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi tomonidan idoralararo elektron maʼlumot almashinuvi tizimi orqali avtomatik tarzda amalga oshiradi.

    Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari tomonidan doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish va roʻyxatdan chiqarish tartiblari ham soddalashtirildi. Jumladan, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyganlik hamda boshqa koʻrsatilgan xizmatlar uchun undirilgan davlat boji billing tizimi orqali amalga oshirilmoqda Eslatib oʻtamiz, shu vaqtgacha qonunchilikda davlat boji toʻlanganligi haqidagi kvitansiyani taqdim etish tartibi mavjud edi.

    Boshqa davlatlardan kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni rasmiylashtirishda shtamp bosish amaliyotidan voz kechib, oʻrniga QR-CODE bilan himoyalangan qayd varagʻini berish hamda vaqtincha roʻyxatga olish elektron tizimi yaratildi.

    Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni rasmiylashtirishda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlariga borish majburiyati bekor qilindi. Bunga qadar uy egasi bilan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs ham kelishi kerak edi. Shuningdek, ularni doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish va roʻyxatdan chiqarish jarayonlari raqamlashtirildi. Bunda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tegishli hujjatlarni qogʻoz shaklida yigʻib kelib taqdim etishi shart boʻlmaydi.

    Respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy yashovchi hamda yashash guvohnomasiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni viloyatlarda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi soddalashtirildi. Endi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish uchun murojaat etgan fuqaro tasdiqlangan roʻyxatga tushmagan boʻlsada, faqat uy egasining roziligi yetarli boʻladi Shu vaqtgacha qonunchilikda faqatgina doimiy roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan shaxslarning tasdiqlangan roʻyxatiga kiritilgan fuqarolargina doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi mumkin edi.

    Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni doimiy roʻyxatdan oʻtkazishda uning tugʻilganlik haqidagi, nikoh tuzilganligi haqidagi, oʻlim haqidagi guvohnomalarni (agar ushbu guvohnomalar Oʻzbekistonda berilgan boʻlsa) hamda kadastr hujjatlarini talab qilish tartibi ham bekor qilindi.

    Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatda amalga joriy etilgan fuqarolik masalalariga oid yangi tizim yangilanayotgan Oʻzbekistonning xalqaro miqyosda imijini yana-da yuksaltirish, inson huquqlarini taʼminlash, yurtdoshlarimizning hayotdan rozi boʻlib yashashi yoʻlidagi muhim islohotlardan yana biri boʻldi.