Platformani yaratishda tashqi savdo operatsiyalari hajmini oshirish, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, Oʻzbekistonda yangi va zamonaviy omborlar hamda logistika markazlari qurilishiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, transport va logistika sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish maqsad qilingan.

Raqamli platformaning asosiy vazifasi milliy va xorijiy savdo va investitsiya kompaniyalari tomonidan Oʻzbekiston ombor va logistika markazlari xizmatlariga boʻlgan talabning tobora ortib borayotganini qondirishdan iborat.

“Oʻzbekiston omborlari va logistika markazlari” raqamli platformasi respublika hududida mavjud omborlar va logistika markazlarining joylashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Ushbu platforma orqali Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlar tadbirkorlari tovarlar nomenklaturasi boʻyicha ombor yoki logistika markazi (qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika, farmatsevtika mahsulotlari va h.k.) ixtisoslashuvi, shuningdek, yopiq va ochiq omborlar hududida boʻsh joylar, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va tez buziladigan tovarlar uchun muzlatuvchi omborlar mavjudligi toʻgʻrisida bepul maʼlumot olishi mumkin.

Ushbu platforma omborlar va logistika markazlari egalari va oʻz mahsulotlarini joylashtirish hamda saqlash uchun boʻsh joylarni qidiradigan tadbirkorlar manfaatlariga teng xizmat qiladi.

Shu bilan birga, “maxsus takliflar” alohida funksiyasi mavjud boʻlib, omborlar, ombor uskunalari, yuklash va tushirish uskunalarini sotish, ijaraga olish va sotib olishni, shuningdek, saqlash uchun arizalarni qabul qilishni nazarda tutadi.

Mazkur axborot maydonchasi “yagona darcha” tamoyillariga javob beradi, unda transport va savdo logistikasi ishtirokchilari elektron shaklda bir joyda tovarlarni saqlash bilan bogʻliq zarur axborot va xizmatlarni koʻrishlari va olishlari mumkin.

Ushbu axborot resursi ishlab chiqarish va savdo kompaniyalari, tadbirkorlar (yuk egalari) va transport kompaniyalari (tashuvchilar), shuningdek, yuklarni ekspeditorlik, sugʻurta qilish va bojxona rasmiylashtiruvi bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatuvchi kompaniyalar va tashkilotlar uchun foydalidir.

Transport vazirligi mutaxassislari bilan hamkorlikda tashkil etilgan raqamli platforma samarali transport va ombor xizmatlarini tashkil etish, transport va logistika kompaniyalari faoliyati uchun raqobat muhiti va qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yuk tashish tizimini takomillashtirish va rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, mazkur platforma Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan omborlar va logistika markazlari, ularning hajmi va ixtisosligi, jihozlanishi va xizmat koʻrsatish darajasi, xalqaro standartlar va umumeʼtirof etilgan tasniflarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni birlashtiradi. Shuningdek, u Oʻzbekiston ombor logistikasining holati va rivojlanish istiqbollarini tahlil qilish uchun axborot bazasi boʻlib xizmat qiladi, bu esa oʻz navbatida rivojlanish prognozlarini shakllantirish va jalb qilish uchun asos boʻlib xizmat qiladi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.