Uchrashuv davomida korporatsiya rahbariyati kompaniyaning faoliyati, uglevodorod xomashyosini qayta ishlash, polimer mahsulotlari, kimyoviy moddalar, oʻgʻitlar va turli konstruksiyalarni barpo etish uchun materiallar ishlab chiqarish sohasida erishgan yutuqlari, shuningdek, turli yoʻnalishlarda oʻzining innovatsion ishlanmalarini joriy qilish hamda kompaniyani oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda yanada rivojlantirish rejalari toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazdi.
Maʼlumot uchun: SABIC Industrial Corporation (Saudi Arabia Basic Industries Corporation) 1976-yilda Saudiya Arabistonida tashkil topgan. SABIC bu oraliq mahsulotlar va polimerlar, oʻgʻitlar, faol kimyoviy moddalar va metallarni ishlab chiqaradigan koʻp tarmoqli konserndir. SABIC guruhi polietilen ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda, poliolefinlar ishlab chiqarish boʻyicha toʻrtinchi oʻrinda va polipropilen boʻyicha esa toʻrtinchi oʻrinda. Korporatsiya, shuningdek, dunyodagi eng yirik metil-tret-butil efir, polikarbonat, polifenilen va poliefir imid ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.
Muloqot chogʻida kompaniya strategiyasi yuqori texnologiyali va xaridorgir mahsulotlar yaratish maqsadida xom ashyo va tabiiy resurslarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan Oʻzbekiston davlat sanoat siyosatiga mos keladigan yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga asoslangani taʼkidlandi.
Tomonlar Oʻzbekistonda MTO (metanoldan olefinlarga) va MTR (metanoldan propilenga) texnologiyalaridan foydalangan holda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek kimyoviy oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchi yangi sanoat quvvatlarini yaratish loyihalarini nazarda tutgan holda amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari va oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish borasida navbatdagi tadbirlar belgilandi.