Ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda soliq ma'muriyatchiligini yanada takomillashtirish va qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish muhim o'rin tutadi. Shu bois mamlakatimizda keyingi paytda bu borada adolatli, shaffof va uzoqqa mo'ljallangan tizimni yaratishga qaratilgan islohotlar amalga oshirib kelinyapti. Buning natijasida butunlay yangi solik ma'murchiligi yuzaga keldi. Tadbirkorlar buning amaliy ta'siri va natijasini avvalgiday chiroyli so'zlarda emas, balki o'zlarining kundalik faoliyatida his etyapti.
Soliqlar turi qisqarishi va ular stavkasining pasayishi
— Birinchi navbatda, soliqlar turi 16 tadan 9 taga, nazorat shakllari 13 tadan 2 taga qisqartirildi, — deydi Davlat soliq qo'mitasi departamenti direktori Yigitali Narziyev. — Shu bilan birga, yaqingacha tadbirkorlarga og'ir yuk bo'lib kelgan Pensiya, Maktab va Yo'l jamgarmalariga 3,2 foizli yig'imlar bekor qilindi. Byudjetdan tashqari jamg'armalarga mazkur yig'imlarni bekor qilish hisobidan 7 mingga yaqin korxonalar har yili o'rtacha 6 trillion so'm soliq to'lashdan ozod bo'ldi. Demakki, shuncha mablag' o'zlarida qoladi.
Shuningdek, mol-mulk, daromad va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobar kamaytirildi. Buni aniq misollar orqali ifodalaydigan bo'lsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, to'qimachilik va elektr texnikasi sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 26-sentyabrda imzolangan “O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbilari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, qo'shilgan qiymat solig'i stavkasi amaldagi 20 foizdan 15 foizga pasaytirilgan edi. Bu – 100 ming tadbirkor ixtiyorida 10 trillion so'm mablag' qolganligini ko'rsatadi.
Shu o'rinda yana bir masalaga aniqlik kiritish zarur bo'ladi. Ya'ni, o'tgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin 23 ta maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari avvalgi imtiyozlarimiz saqlanib qoladimi yoki yo'qmi, degan savol bilan Prezidentimizga ham murojaat qilishgan edi.
Ochiq muloqotda ushbu savolga berilgan javobga ko'ra, 2020-yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar to'g'risida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro'yxatdan o'tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinishiga kafolat berildi. Amaldagi qonunga binoan, ushbu tadbirkorlar investitsiya miqdoridan kelib chiqib, mol-mulk, yer va suv soliqlaridan 10 yilgacha ozod qilingan. Endilikda ushbu imtiyozlarga foyda solig'i ham qo'shiladi va korxonalar ixtiyorida yiliga qariyb 300 milliard so'm mablag' qoladigan bo'ldi.
— Qo'shilgan qiymat solig'ining uzluksiz zanjirini yaratishga qaratilgan ishlar sababli maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qo'shilgan qiymat solig'ining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi ham joriy qilinmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botirbek To'razoda. — Bunday tartib tadbirkorlarga bir yilda o'rtacha 350 milliard so'm qo'shilgan qiymat solig'ini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablag'larini ko'paytirish imkoniyatini beradi.
Chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo'shilgan qiymat solig'ini 120 kun davomida bo'lib-bo'lib to'lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmasligi va garov talab etilmasligi minglab tadbirkorlarni ilhomlantirib yubordi, harakatga keltirdi. Bugungi kunda 5 mingga yaqin tadbirkorlik sub'ektlarining tashqi savdo operatsiyalari bo'yicha debitor qarzdorligi mavjud bo'lsa, pandemiya sababli ushbu tadbirkorlarga jarima solish va hozirgi paytgacha qo'llangan 6 trillion so'mlik jarimalarni undirish joriy yil yakuniga qadar to'xtatiladi
Soliq ma'murchiligiga doir ushbu choralar ham hali yodimizdan ko'tarilmagan bo'lsa kerak. Pandemiyadan ko'proq zarar ko'rgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va er soliqlari to'lovlaridan butkul voz kechildi. Bu esa, tadbirkorlarga ixtiyorida qolgan 2 trillion so'm mablag'ni biznes faoliyatiga sarflash imkonini yaratdi.
Kameral soliq tekshiruvi
Davr shiddat bilan o'zgarib boryapti. YUqorida amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlarga qaramay, iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish soliq ma'murchiligini soddalashtirishni, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish bo'yicha jiddiy choralar ko'rishni kun tartibiga qo'yayapti. Xususan, kameral soliq tekshiruvi borasida ham.
Eng avvalo, hammamizga oydin bo'lishi uchun ushbu nazoratniing mazmun-mohiyati xususida muxtasar tushunchaga ega bo'lish foydadan xoli bo'lmasa kerak.
— Kameral so'zi lotincha bo'lib, uyda ma'nosini anglatadi, — deydi Jizzax viloyat DSB kameral soliq tekshiruvi bo'limi boshlig'i o'rinbosari Husniddin Murodov. — Shundan kelib chiqqan holda, kameral nazorat o'rganilayotgan obyektda emas, balki soliq organi idorasida, axborot texnologiyalari yordamida o'tkaziladi. U samaradorligi va aniqligi bilan hujjatli tekshirishlardan qolishmaydi. Bunda davlat soliq organlari mavjud va boshqa tashqi ma'lumotlarni tahlil qiladi, tadbirkor faoliyatiga baho beriladi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida kameral nazorat soliq nazorat shakli sifatida emas, balki soliq tekshiruv turi sifatida kiritilgan va uni qanday o'tkazish tartibi ham aniq belgilab berilgan. Tekshiruv davomida tafovutlar yoki xatolar aniqlansa, soliq organi tomonidan soliq to'lovchiga uni mustaqil ravishda bartaraf etilishi yuzasidan talabnoma yuboriladi. Unda aniqlangan xatolik va tafovutlar soliq va buxgalteriya hisobi qonun hujjatlari asosida aniq va tushunarli tarzda aks ettiriladi.
— Tahlillarga ko'ra, hozirgi vaqtda 228 mingta kichik tadbirkorlarda buxgalter yo'q, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botirbek To'razoda. — Oqibatda soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan. Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog'liq moliyaviy sanktsiyalarni qo'llash tartibi to'liq bekor qilinyapti. Soliq idoralari qo'llayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani ham tadbirkorlarni xavotirga solmoqda. O'tgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard so'm moliyaviy jarima qo'llangan bo'lsa, joriy yilning 6 oyida 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard so'mdan ortiq jarima belgilangan.
Prezidentimizning shu yil 7-sentyabrdagi “Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik sub'ektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab kameral soliq tekshiruvi natijalari bo'yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo'llanilmaydi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi.
Davlat soliq qo'mitasining 2022-yil yanvar – iyul oylarida eksperiment tariqasida Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasida hisobda turgan soliq to'lovchilarning qo'shilgan qiymat, aktsiz, aylanmadan olinadigan va yuridik shaxslardan olinadigan yer soliqlari bo'yicha hisobotlarining soliq organlari tomonidan hisoblab chiqarilishi va shakllantirib berilishi to'g'risidagi taklifi qo'llab-quvvatlandi.
Hujjatga muvofiq, eksperiment doirasida soliq organlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig'ini – Kadastr agentligi organlari ma'lumotlari asosida, qo'shilgan qiymat, aktsiz va aylanmadan olinadigan soliqlarni – elektron hisobvaraq-faktura va onlayn nazorat-kassa texnikasi ma'lumotlari hamda soliq organlarida mavjud boshqa ma'lumotlar asosida hisoblab chiqaradi va hisobotini shakllantiradi
— Soliq to'lovchilar ushbu hisobotlarni o'zlaridagi ma'lumotlar asosida solishtirgan holda, tasdiqlashlari yoki e'tirozlari mavjud bo'lsa rad etib, ularni o'zlari qayta shakllantirgan holda, idoralarimizga taqdim etishlari mumkin bo'ladi, — deydi Davlat soliq qo'mitasi departamenti direktori Yigitali Narziyev.—Ushbu tartib kelgusida respublikamizning barcha hududlaridagi soliq to'lovchilarga tatbiq etilishi belgilangan.
Hujjatda Davlat soliq qo'mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar soliq to'lovchilarga qo'shilgan qiymat, aksiz va aylanmadan olinadigan soliqlarni hisoblash uchun zarur bo'lgan soliq solish obyektlarini elektron hisobvaraq-fakturalarda aks ettirish imkoniyatlarini yaratishi ham nazarda tutilmoqda.
Soliqlar aslida davlatning mustahkam byudjetini shakllantirishga qaratilgan tushumlar manbai hisoblanib, hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga qayta yo'naltiriladi. Mazkur farmon esa, yuqorida qayd etilganidek, soliq ma'muriyatchiligini yanada takomillashtirish va soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish orqali ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda muhim o'rin tutadi.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri