Vazirlikning maʼlum qilishicha, taklif haqiqatdan ham qurilish sohasida ishlash istagi boʻlgan koʻplab yurtdoshlarimizning qiziqishiga sabab boʻlgan. Xususan, kun davomida 1000 ga yaqin qoʻngʻiroq boʻlmoqda. Ularning soni koʻpaygani tufayli limitdan (bir paytning oʻzida 50 tagacha qoʻngʻiroq) oshganda uzilish roʻy bergan.
Vazirlik ushbu holat 4-mart soat 12:00 ga qadar bartaraf etilishini maʼlum qildi.
Qolaversa, qoʻngʻiroq qilib navbat kutishni istamagan yoki bogʻlana olmaganlar uchun alternativ taklif sifatida Telegram bot ishga tushirilmoqda.
Endilikda Yangi Toshkent shahri loyihasi qurilishida ishlashni istaganlar @yangi_toshkent_qurilishi_bot orqali oʻzlari haqida maʼlumotlarni yozib qoldirishsa, call-markaz operatorlari maʼlumotda koʻrsatilgan raqamga kun davomida qayta aloqaga chiqadi.
Eslatib oʻtamiz Bandlik vazirligi “Yangi Toshkent“ qurilish jarayonlariga qurilish sohasida tajribaga ega boʻlgan yurtimizda, yoki xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni 38 yoʻnalish boʻyicha ishga taklif etgandi.