Yangi Toshkent shahridagi yer uchastkalari “E-auksion” orqali sotiladi

    Dolzarb 21 Iyul 2023 2794

    “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-232-son, 20.07.2023-y.) qabul qilindi

    Qarorga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat muassasasi shaklida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi tashkil etiladi.

    Shunga koʻra, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari – Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori lavozimi joriy etiladi.

    Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan, koʻp kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini qurish uchun yer uchastkalari Muvofiqlashtiruvchi kengashning qaroriga muvofiq “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali auksion savdolarida sotiladi yoki ijaraga beriladi.

    Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvargacha Direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji toʻlashdan ozod qilinadi.