Uchrashuv davomida mamlakatimizda yuqori texnologiyali sanoat ishlab chiqarish obyektlarni tashkil etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, turkiyalik investorning Oʻzbekistondagi faoliyatini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, kompaniya vakillari Oʻzbekistonga tashrifi davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyati, Davlat aktivlarini boshqarish Agentligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan manzilli muzokaralar oʻtkazdi. Muzokaralar turk sarmoyadorlarning istiqbolli tarmoqlarda investitsiyaviy faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun shart-sharoitlar mavjudligini oʻrganish va kelgusidagi hamkorlik boʻyicha oʻzaro takliflar bildirish imkonini berdi.

ITSVdagi muloqot chogʻida Turkiya tomoni aniq loyihalarni atroflicha muhokama qilish va ularni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari va shartlari ustida ish olib borish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirdi. Xususan, kompaniya rahbariyati Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligida ishlatiluvchi kimyoviy moddalar va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini klaster usulida ishlab chiqarish, melamin va texnik uglerod ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, shuningdek avtomobilsozlik sohasida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganayotgani maʼlum qilindi.

Oʻzbekistonning yirik kimyo korxonalaridagi davlat aksiyalarini xususiylashtirishda “OYAK” kompaniyasi ishtirokining istiqbollari ham koʻrib chiqildi.

Oʻzbek tomoni turk sarmoyadorlarini oʻz biznes tashabbuslarini amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlashga va mavjud masalalarni hal etishda har tomonlama amaliy yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi. Qisqa muddat ichida turk tomoniga aniq loyihaviy takliflar va koʻrib chiqilayotgan tarmoqlarning investitsiyaviy va sanoat salohiyati toʻgʻrisida zarur maʼlumotlar yuboriladi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari va belgilangan tarmoqlarda aniq loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha keyingi qadamlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: “OYAK” kompaniyasiga 1961-yilda asos solingan va tashkil etilganidan buyon u avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, kimyo sanoati, shuningdek, qurilish, neft-gaz va moliya sohalarida loyihalarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.