Fargʻona viloyatida soʻngi 4 yil davomida “Siz qayerda boʻlsangiz, biz ham oʻsha yerdamiz”, “Siz kelmang, oʻzimiz boramiz!” tamoyillari va “Oʻzimiz keldik” aksiyasi asosida mana shu kunga qadar 104 mingdan ortiq fuqarolarga sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi. Toʻrt yil davomida sayyor tartibda 4 ming 800 ta tadbirkorlar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Ularning 2 ming 420 tasi sayyor xizmatlar davomida faoliyati qayta tiklandi.
19 tuman va shaharlarning 16 tasida butunlay zamonaviy koʻrinish va dizayn kasb etgan Davlat xizmatlari markazlarining yangi binolari xalq ixtiyoriga topshirildi. Anklav, qatnov qiyin va noqulay, maʼmuriy markazdan olis boʻlgan hududlarda 9 ta Davlat xizmatlari markazlari filiallari ochildi.
Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, 2018-yilda fuqarolarga 593 ming 481 ta davlat xizmatlari amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu koʻrsatgich 2019-yilda 3,4 barobarga yuksalib 1 million 338 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi. 2020-yil davomida 25 ming 967 ta tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Bu koʻrsatkich 2021-yilning birinchi choragiga qadar 28 minga yetdi. Shundan 7 ming 261 tasi yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Fargʻona viloyatida faoliyat olib borayotgan 19 ta tuman va shaharlardagi davlat xizmatlari markazlariga 2021-yilning 6 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida 502 ming 74 dona murojaatlar kelib tushgan. Oʻtgan davr mobaynida 4 ming 152ta yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Yaratilgan qulayliklardan yana biri, markaz xodimlari olis va chekka hududlarda boʻlib, muntazam ravishda fuqarolar murojaatlarini joyida hal etish maqsadida sayyor (mobil) xizmat koʻrsatyapti. Oʻtgan olti oy davomida viloyatdagi mavjud davlat xizmatlari markazlari tomonidan chekka va olis hududlar, aholi gavjum boʻlgan joylarda yanvar-may oylari davomida 19 ming 167ta sayyor xizmatlar koʻrsatildi. Sayyor tartibda 412ta tadbirkorlik subyektlari roʻyxatdan oʻtkazildi.
Shuningdek, matbuot anjumanida Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasida tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari, FHDYO boʻlimlari va FHDYO arxivi tomonidan 2021-yilning 5 oyi davomida amalga oshirilgan boshqa ishlar, davlat xizmatlari markazlarining boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan integratsiyalashuvi, tashkil etilgan yangi xizmat turlari faoliyati ham muhokama etildi, deb xabar beradi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.