Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, “103” tez tibbiy yordam xizmati ham odatiy tartibda faoliyat koʻrsatadi. Respublika boʻylab 2 860 dan ziyod tibbiy yordam brigadasi chaqiruvlar uchun doimiy shay holda boʻladi.

Shuningdek, 31-dekabr — 4-yanvar kunlari tuman (shahar), viloyat va respublika darajasidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, tibbiyot OTMlari klinikalari hamda 39 ta tumanlararo shikastlanish va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 20 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida ishlaydi.

Qoʻshimcha oʻrinlar hamda dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.

Shuningdek, 231 ta tugʻuruqxona va 233 ta bolalar davolash muassasalarida ham tibbiy xizmatlar uzluksiz davom ettiriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligining 1003 qisqa raqamli “Ishonch telefoni” orqali esa bayram kunlari ham tibbiyotga oid savollarga tunu kun javob olish mumkin.